OAV va jamoatchilik bilan ishlash
rost24.uz — Gaz va elektr energiyasiga to‘lov narxlari oshadi
  • 26.05.2022
  • 260

Afsuski, bu xabarni mutasaddi vazirliklar inkor eta olmadi.

Moliya vazirligi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr energiyasiga to‘lov narxlari oshirilishi bo‘yicha tarqalgan xabarlarga munosabatini e'lon qildi, munosabatda narxning oshish-oshmasligi haqida aniq bir javob yo‘q.

Ammo bunday shakldagi munosabatlarning natijalariga qaraydigan bo‘lsak, narxlar oshishi ehtimoli o‘ta yuqori.

Aholi orasida savollar tug‘ilmoqda, nega mutasaddi vazirliklar gaz va elektr energiyalari narxlari oshishi haqida avvaldan xabar bermadi? Nega Moliya vazirligi bu xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng munosabat bildirmoqda va munosabatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlari va tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi ish jarayonida ekani aytilmoqda?

2021-yilning noyabr oyida 2022-yilda elektr energiyasi va tabiiy gaz tarif narxlari oshirilishi kutilayotgani haqida xabar berilgan.

Hisob palatasi o‘tgan yilning noyabrida 2022-yilda energiya resurslari, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va issiqlik energiyasi, sovuq suv va kanalizatsiya tariflari narxlari oshirilishini ma'lum qilgan edi http://www.ach.gov.uz/uz/lists/view/176.

Hisob palatasining 2022-yil uchun davlat byudjeti yuzasidan xulosasiga ko‘ra, 2022-yilda energiya resurslari, jumladan, elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv va issiqlik energiyasi, sovuq suv va kanalizatsiya tariflari narxlari indeksatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, energiya resurslarining iste'mol narxlari indeksini hisoblash bazasidagi vazni va indeksga ta'siri asosidagi hisob-kitoblarga tayanilsa, mazkur resurslar narxlarining oshishi quyidagicha ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligi aytilgan:

- elektr energiyasi — 33+ foiz;

- tabiiy gaz — 21+ foiz;

- issiq suv va issiqlik energiyasi — 20+ foiz;

- sovuq suv va kanalizatsiya — 34+ foiz.

2022-yilda boshqa iste'mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur'atlarini sezilarli darajada pasaytirish tavsiya qilingan

Qayd etilishicha, 2020?2021-yillarda energiya resurslari, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gazni ichki iste'molchilarga sotish narxlari deyarli o‘zgarmagan.

Energiya resurslari tarif narxlarining keskin oshirilishini hisobga olgan holda, Hisob palatasi 2022-yilda inflyasiya darajasining o‘tgan yilga nisbatan pastroq bo‘lishini ta'minlash uchun boshqa iste'mol tovar va xizmatlar narxlari o‘sish sur'atlarini sezilarli darajada pasaytirish yuzasidan tavsiyalar bergan.

Xususan, tegishli davlat mutasaddi tashkilotlariga asosiy iste'mol tovarlari hisoblangan oziq-ovqat (go‘sht, un mahsulotlari, meva-sabzavotlar), nooziq-ovqat tovarlari (kiyim-kechak, qurilish mollari) va boshqa xizmatlar (transport va aloqa)ga bo‘lgan talabni to‘laqonli ta'minlash orqali mazkur tovarlar narxlari barqarorligini saqlab qolish chora-tadbirlarini ko‘rish tavsiya qilingan.

2020-yil yakuniga ko‘ra, «O‘ztransgaz» tomonidan iste'molchilarga yetkazib berilayotgan 1000 kub metr tabiiy gazning qiymati gazning o‘rtacha narxidan 90 ming so‘mga qimmatroq bo‘ldi. Buning oqibatida 3,6 trln so‘mlik zarar vujudga kelgan. Shu munosabat bilan davlat byudjetidan 1 trln so‘mlik subsidiya ajratilgan.

2019-yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston bugungi kunda «Lukoyl»dan ichki bozorga sotish uchun 146 dollardan gaz xarid qilib, uni aholiga 40 dollardan sotayotganini ta'kidlagandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, har bir kub metr o‘rtasidagi 100 dollarlik farq 600 mln dollarlik qarzni paydo qilgan.

Yil boshida «O‘ztransgaz» 2021-yilni 2,5 trln so‘m, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari esa 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlaganini ma'lum qilgan edi.

Bunga sabab sifatida, so‘nggi uch yilda IESlarga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 15 mlrd kub metrdan 17 mlrd kub metrga yetgani, ushbu davrda aholiga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi ham 10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga ko‘paygani va tabiiy gazga ichki bozorning talabini qondirish uchun eksport hajmlari keskin kamaygani aytilgan. Narxlarning bozor mexanizmlari asosida shakllanmaganligi va asosiy fondlarning eskirganligi soha korxonalari moliyaviy ahvolining yomonlashuviga olib kelayotgani ko‘rsatilgan.

Joriy yil boshidagi holatga ko‘ra, respublikada tabiiy gaz iste'mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Elektr energiyasi iste'mol qiluvchi jami abonent esa 7,3 mlnni tashkil etadi.

Ma'lum qilingan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilga borib respublika iste'molchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yillik talabi hozirgi 54,2 mlrd kub metrdan 65 mlrd kub metrgacha oshishi kutilmoqda.

Elektr energiyasida esa bu ko‘rsatkich joriy 74 mlrd kVt soatdan 110 mlrd kVt soatgacha oshadi.

Bu degani – yiliga 110 mlrd kVt soat elektr energiyasi yetkazib berish talab etiladi, buning uchun esa qo‘shimcha ravishda 19 GVt quvvatli yangi elektr stansiyalari qurilishi lozim. Keltirib o‘tilgan energoresurslar bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni yaratish uchun kamida 25 mlrd dollar mablag‘lar zarur. «O‘zbekneftgaz» AJ va «Issiqlik elektr stansiyalari» AJning amaldagi moliyaviy holati bu qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishga imkon bermasligi, shu bilan birga, mazkur korxonalar tomonidan kredit mablag‘larining jalb etilishi o‘z navbatida respublikaning tashqi qarzi hajmining oshishiga olib kelishi ma'lum qilingan.

Shuningdek, bir necha kun avval Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev «Daryo» nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va aholi xonadonlari uchun sotilayotgan elektr energiyasi davlatga moliyaviy zarar keltirayotganini ma'lum qildi, uning aytishicha, elektr energiyasini ishlab chiqarish uni sotishdan qimmatga tushmoqda.

Vazirlik rasmiysining alohida ta'kidlab aytishicha, IESlar yoqadigan tabiiy gazni xarid qilish narxlari shunchalik pastki, dunyoning ko‘p mamlakatlari bilan qiyoslaganda, eng past narxlardan bittasi O‘zbekistonda.

Ma'lumot uchun, Elektr energiyasi narxi arzonligi bo‘yicha O‘zbekiston Liviya, Angola, Sudan, Qirg‘iziston, Zimbabve va Tojikistondan so‘ng dunyoda 7-o‘rinni egallaydi.

Hisob palatasining o‘tgan yili bergan gaz va elektr energiyasi uchun to‘lov miqdori oshishi haqidagi ma'lumotlariga va yuqorida keltirilgan sabablarga asoslangan holda aytish mumkinki, 2022-yilda mazkur to‘lovlarning oshishi kutilayotgan holdir.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oktyabr oyi oxirida Shavkat Mirziyoev 2021-2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini o‘zgartirishsiz saqlab qolish bo‘yicha topshiriq bergandi. Prezident elektr energiyasi korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini tariflarni oshirish emas, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hisobidan amalga oshirishni belgilagan.

Manba: https://rost24.uz/uz/news/1053

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>