Samarqand viloyatining Nurobod tumanida qurilgan, quvvati 100 megavattga teng bo‘lgan yirik quyosh fotoelektr stansiyasi bugun, 24-may kuni O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Ushbu elektr stansiya yiliga 260 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarib, 80 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta'minlaydi.
Shuningdek, stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 78 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 100 ming tonna zararli chiqindilarning chiqishi oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan respublikadagi mavjud barcha aholi xonadonlarini o‘n kun davomida tabiiy gaz bilan ta'minlash mumkin.
Ahamiyatlisi, qurilish davomida 400 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritgan bo‘lsa, loyiha ishga tushishi natijasida 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Umumiy qiymati 100 million dollariga teng mazkur loyiha Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.
Ta'kidlash lozimki, mazkur stansiya O‘zbekiston tarixida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqaradigan ikkinchi eng yirik quyosh fotoelektr stansiyasi hisoblanib, aynan ushbu quvvatdagi birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida ishga tushirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2020-yil 13-maydagi PQ-4712-son qaroriga muvofiq amalga oshirildi.
Ma'lumot uchun: 2023-yil yakuniga qadar Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 megavatt bo‘lgan viloyatdagi ikkinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1957
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati