Yangiliklar
“O‘zbekiston MET» AJ jamoasi nomidan tabrik: “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 5 yoshda!
  • 18.05.2022
  • 499

Bugun, 2022-yil 18-may sanasida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tashkil topganiga 5 yil to‘ldi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda ko‘psonli jamoasi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini 5 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabriklaydi!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi PF-5044-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan “O‘zbekgidroenergo” AJ 5 yillik qisqa davr mobaynida mamlakatimiz gidroenergetika tarmog‘ini yanada rivojlantirishda, qayta tiklanuvchi energiya manbai hajmini oshirishda qator muhim yutuqlarga erishdi.

Shuni alohida e'tirof etish lozimki, Aksiyadorlik jamiyati tomonidan qator investitsiyaviy loyihalar asosida mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli gidrotexnik inshootlar qurilishi va modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida Aksiyadorlik jamiyati faoliyati xalqaro darajada ham e'tirof etildi, deya xabar beradi matbuot xizmati.

 

Xususan, 2020-yilda “O‘zbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining “B+” (barqaror) reytingini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2021-yilda Aksiyadorlik jamiyatining reytingi “BB-” (barqaror) darajasiga ko‘tarildi.

 

 

Bu borada, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy holatini o‘rgandi, balki uning korporativ boshqaruv tizimini, biznes strategiyasini, ichki normativ hujjatlarining yuritilishi va boshqa yo‘nalishlarni chuqur o‘rganib, tahlil qildi. Jamiyatda faoliyat yuritayotgan minglab ishchi-xodimlarning mehnati samarasi va reyting agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar, chuqur tahlillar hamda korxonalar faoliyatining odil baholanishi natijasida “O‘zbekgidroenergo” AJ respublikada ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchilardan bo‘lib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “BB-” darajasini qo‘lga kiritdi.

 

Shu bilan birga, dunyoning ilg‘or konsalting kompaniyalari jalb qilindi. Jumladan, moliya sohasiga “Pricewaterhousecoopers”, raqamli transformatsiya bo‘yicha Rossiyaning “X-Holdings”, korporativ boshqaruv va investitsiya dasturini qayta ko‘rib chiqish uchun “McKinsey & Company” korxonalari bilan hamkorlik o‘rnatilib, Jamiyatni rivojlantirish bo‘yicha zaruriy maslahat va tavsiyalar olindi.

So‘nggi 5 yil mobaynida bir qator yirik investitsiyaviy loyihalar hayotga izchil tatbiq etildi. Gidroenergetika sohasida yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar asosida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.
 

Jamiyat tomonidan yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Turkiya, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi qator davlatlar bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish borasida izchil hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

2017-2021-yillarda Jamiyat tomonidan avvalgi mavjud 36 ta GES yangidan qurilgan yirik, o‘rta hamda mikro GESlar hisobiga 50 taga yetkazilib, mamlakatimizning umumiy gidroenergetik quvvati qariyb 2 052,7 MVt ni tashkil etmoqda.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda ko‘psonli jamoasi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 5 yillik o‘ziga xos yubileyi bilan gidroenergetika sohasida faoliyat yuritayotgan barcha ishchi-xodimlarni samimiy muborakbod etadi! Turdosh tashkilot ishchi-xodimlariga uzoq umr, mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat va tuganmas kuch-g‘ayrat tilaydi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi sharafli va mashaqqatli ish faoliyatingizda ulkan zafarlar doim yor bo‘lsin!

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>