Yangiliklar
"HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ OGOHLANTIRADI!
  • 07.05.2022
  • 406

Keyingi paytlarda respublikamizning turli hududlarida aholi xonadonlariga kirib, «Biz elektr tarmoqlari korxonasidanmiz, xonadoningizdagi elektr jihozlarini tekshirgani keldik», deya aldov yo‘li bilan elektr hisoblagich va boshqa elektr jihozlarini nomiga ko‘rikdan o‘tkazib, ushbu xizmatlari uchun iste'molchilardan majburiy to‘lov undirib yurgan shaxslar mavjudligi yuzasidan ko‘plab ma'lumotlar kelib tushmoqda.

Aslida bunday yakka tadbirkorlik sub'ektlari hamda xususiy korxonalar vakillari, ya'ni faoliyatiga “elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatiladi” degan yozuv qo‘shilgan bo‘lsada, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibiy korxonalariga biror aloqasi yo‘q va hyech qanday shartnomaga ega emasligini ta'kidlab o‘tmoqchimiz.

Bundan tashqari, elektr energiyasi iste'molchilariga shuni eslatib o‘tardikki,  kuchlanish ostida bo‘lgan har qanday elektr jihozlari tegishli malakaga ega bo‘lgan mutaxassis tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilishi, kerak bo‘lsa, ta'mirlanishi maqsadga muvofiqdir.

Taassufki, keyingi paytlarda yana bir noxush holat aniqlanmoqda. Ya'ni, ayrim nopok shaxslar tomonidan  elektr ta'minoti korxonasi binosi atrofida iste'molchilardan elektr energiyasidan qarzdorlikni kamaytirib berish kabi yolg‘on va'dalar evaziga firibgarlik yo‘li bilan pul undirilishi. "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ, o‘z navbatida, bunday firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun elektr energiyasidan mavjud muammo va har qanday tushunmovchiliklarni tuman (shahar) elektr ta'minoti korxonalari xodimlari orqali hal etishni so‘rab qoladi.

Xabaringiz borki, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibida elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya, shuningdek, rekonstruksiya, kapital va joriy ta'mirlash ishlarini amalga oshiruvchi 14 ta hududiy (har bir tuman va shaharlarda mavjud) elektr tarmoqlari korxonalari faoliyat olib bormoqda. Alohida ta'kidlash joizki, Jamiyat xodimlari o‘z xizmat guvohnomalari va tegishli xizmat kiyimlariga egadir.   

“Hududiy elektr tarmoqlari» AJ barcha elektr energiya iste'molchilariga xonadongizga tashrif buyurib, o‘zini elektr energiyasi korxonasi xodimi deb tanishtirgan yoki boshqa shubhali shaxslarga duch kelganda, xizmat guvohnomasini talab qilgan holda ular bilan muomilaga kirishish kerakligini eslatib o‘tadi.

Yuqoridagi kabi holatlar aniqlangan taqdirda, “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 1154 qisqa raqami yoki “Hududiy elektr tarmoqlari bilan muloqot” telegram-kanaliga murojaat qilishni so‘rab qolamiz.


“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati.

Manba: https://het.uz/oz/lists/view/1383

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>