OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Andijon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan savdo majmuasi aniqlandi»
  • 30.03.2022
  • 296

Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, Andijon shahrida elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan savdo majmuasi aniqlangan.

Xabarga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” Andijon hududiy bo‘limining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.M.M.” MChJ mas'ul shaxslari tomonidan MChJga qarashli “N.M.” savdo majmuasiga o‘rnatilgan onlayn elektron hisoblagichning himoya muhrlarini buzgan holda olib tashlab, o‘rniga texnik talablarga javob bermaydigan elektr hisoblagichni o‘zboshimchalik bilan o‘rnatganligi natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 1,5 mlrd so‘m zarar yetkazganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, Andijon shahar ETK mas'ul shaxslari “N.M.” savdo majmuasiga yetkazib berilgan 1 kVt. soat elektr energiyasi uchun 1-tarif bo‘yicha to‘lov undirilishi lozim bo‘lsa-da, elektron hisob dasturiga 2-tarif bo‘yicha to‘lov amalga oshirilishi haqida ma'lumot kiritib, davlat va jamiyat manfaatlariga 491,4 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lganliklari aniqlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Manba: https://human.uz/2/8/5432

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>