2022-yilning 7-fevral kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultanov Toshkent shahrida “Folksvagen Grup Rus” MChJ bosh direktori Shtefan Mexa boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida chet el tomoniga yaqin yillarda O‘zbekistonda “yevro-5” sinfidagi avtomobil yoqilg‘isi, jumladan, benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalari haqida ma'lumot berildi.
Xususan, 2021-yilning dekabr oyida O‘zbekistonda Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha GTL zavodi ishga tushirilgani, bu esa “yevro-5” standarti talablariga javob beradigan dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada diversifikatsiya qilish va oshirish imkonini berishi ta'kidlandi. Korxonaning loyiha quvvati yiliga 307,3 ming tonna kerosin, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda, buning natijasida 2025-yildan boshlab 1,75 million tonna “yevro-5” standartidagi neft mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishning rivojlanishi “Folksvagen Grup Rus” MChJda katta qiziqish uyg‘otdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda elektromobillar olib kirishda aksiz solig‘i va bojxona to‘lovlari olinmaydi. Bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalari negizida elektromobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda va bu yo‘nalishda xususiy tadbirkorlik sub'ektlari rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Xorijiy delegatsiya a'zolari O‘zbekistonda 2030-yilga borib umumiy energetika balansidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari(QTEM)ni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Bu yo‘nalishda 2021-yilda 100 MVt quvvatga ega birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, ikkinchisi esa 2022-yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 2024-yilda umumiy quvvati 2,2 GVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob'ektlarini, shuningdek, quvvati 326 MVt bo‘lgan GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar, istiqbolli takliflarni batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1807
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati