Yangiliklar
Taraqqiyot strategiyasi: Energetika bozori erkinlashtiriladi
  • 07.02.2022
  • 583

Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” PF-60-son Farmoni bilan 2022-yilgi Davlat dasturi tasdiqlandi. Unga asosan O‘zbekistonda energiya resurslari va tabiiy gaz bozorlari ijtimoiy himoya kafolatlarini belgilagan holda erkinlashtiriladi.

Farmonga binoan, 2022-yil davomida energetika sohasiga bozor mexanizmlarini olib kirishning huquqiy asoslari yaratiladi.

Dasturda, energetika sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun ijtimoiy iste'mol normalarini kiritish ko‘zda tutilgan.

Bu borada aprel oyiga qadar prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Qaror loyihasi energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyatlar yaratish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilishga qaratiladi.

Elektr energiyasi ta'minotida monopoliya bekor qilinadi va sohaga ijtimoiy himoya kafolatlari belgilangan holda bozor mexanizmlari joriy etiladi.

Bunda:

1. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasini magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasidan ajratish orqali, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi alohida aksiyadorlik jamiyati tashkil etiladi;

2. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablar belgilanadi;

3. “O‘zbekgidroenergo” AJ kichik va o‘rta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etadi.

Yuqoridagilarga muvofiq: elektr energiyasi va tabiiy gazning raqobatli bozorini tartibga soluvchi mustaqil organ – regulyator, yagona xarid qiluvchi funksiyasini bajaruvchi korxona hamda milliy dispetcherlik markazi tashkil etiladi.

Davlat dasturiga binoan, xalqaro tajribani o‘rgangan holda 2022-yil aprelga qadar ehtiyojmand aholini himoya qilish uchun energiya resurslari bo‘yicha ijtimoiy iste'mol normalarini kiritish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritiladi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi (2022-yil sentabrgacha) va “Tabiiy gaz to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi (2022-yil oktabrgacha) ishlab chiqiladi; Magistral elektr tarmoqlari kodeksi (Grid Code)ni tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi (2022-yil iyungacha) tayyorlanadi.

Shuningdek,

1. Taqsimlovchi tarmoqlarni ekspluatatsiya qilish, iste'molchilarni tarmoqqa ulash, tomonlarning huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutgan holda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni o‘zida mujassamlashtirgan Taqsimlash tarmoqlari qoidalari kodeksi (Distribution Code)ni tasdiqlash to‘g‘risida (2022-yil oktabr oyiga qadar);

2. Elektr energetikasi bozor ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi “Bozor qonun-qoidalari to‘g‘risida”gi hukumat qarorlari loyihalari (2022-yil oktabrgacha) tayyorlanadi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1803

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

  t.me/uzmetaxborotxizmati

>