Markaziy Osiyo energotizimidagi yirik avariya tufayli O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ayni vaqtda energiyani yetkazib berish qayta tiklangan.
O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish qayta tiklandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
25-yanvar kuni Markaziy Osiyo elektr tizimidagi yirik avariya tufayli O‘zbekistondan Afg‘onistonga import qilinadigan elektr energiyasi uzilib qolgani haqida xabar bergan edik.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» matbuot kotibining ma’lum qilishicha, «eksport va import amaliyotlari imzolangan shartnomalarga muvofiq, blekaut oqibatlari bartaraf etilganidan keyinoq kunlik reja me’yorida tiklangan».
Yanvar boshida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va DABS Toshkentda 2022-yilda Afg‘onistonga 2 mlrd kVt⋅s elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘zda tutgan bitimni imzolagan edi. Kelishuvning umumiy qiymati 100 mln dollarni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, 25-yanvar kuni ertalab Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa ko‘plab viloyatlarida elektr ta’minotida katta uzilish yuz berdi, buning natijasida metro, svetoforlar, shuningdek, do‘kon va muassasalar faoliyati to‘xtatildi.
Qozog‘istonning KEGOC kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Bakitxan Jazikbayev «Nastoyaeye vremya»ga bergan intervyusida O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda avariya yuz bergani, buni oqibatida stansiyaning 4ta energobloki ishdan chiqqanini aytgan edi. Bu Qozog‘iston energetika tizimidagi kuchlanishning oshishiga olib kelganini aytdi.
26-yanvar kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Nazirov Sirdaryo IESda nosozlik yuz berganini tasdiqladi: «1600 MVtlik katta quvvat yo‘qotildi (IESning umumiy quvvati 3200 MVt — tahr.). Avariyaga qarshi himoyaning [ishga tushib ketishi] natijasida butun respublika bo‘ylab ishlab chiqarish obyektlari tizimdan uzib qo‘yildi.
Payshanba kuni qozog‘istonlik elektroenergetika bo‘yicha ekspert Petr Svoik «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avariya Sirdaryo IESda sodir bo‘lgani haqida gapirgan edi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi juma kuni bosh vazir raisligidagi hukumat komissiyasi yuz bergan hodisa sabablarini o‘rganishda davom etayotganini xabar qildi. «Komissiya ishi natijalariga ko‘ra, ma’lumotlar rasman e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida 25-yanvar kuni boshlangan energoinqiroz ortidan elektr energiya, ichimlik va issiq suv hamda gaz ta’minotidagi uzilishlar 28-yanvar kuniga kelib to‘liq qayta tiklandi.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2022/02/01/energiyas/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati