Oxirgi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish dinamikasi barqarorlashdi. Mazkur tendensiya aholi turmush darajasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Boshqa tomondan esa bu ikki omil elektr energiyasi iste'molining muttasil ravishda ortishiga sabab bo‘lyapti.
2030-yilgacha mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yiliga taxminan 6-7 foizga o‘sishi bashorat qilingan. Biroq O‘zbekiston bunday ssenariyga tayyor emas. Chunki mavjud quvvatlar ichki ehtiyojni to‘liq qondirish imkonini bermaydi. Tezkor choralar ko‘rilmasa, kelgusida energiya taqchilligi muammosi taraqqiyotimizga tushov bo‘lishi aniq. “Ma'no” tadqiqotlar tashabbusi markazi direktori Baxtiyor Ergashev bilan suhbatimiz shu mavzuga bag‘ishlandi.
– O‘zbekistonning elektr energiyasi quvvatlarini diversifikatsiyalashga doir siyosatini qanday baholaysiz? Sizningcha, sohadagi qaysi loyihalarni dolzarb hamda istiqbolli, deb atash mumkin va nima uchun?
– Menimcha, energetikaning ham an'anaviy, ham muqobil turlarini rivojlantirish O‘zbekiston uchun yagona to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Busiz tizimda gazaklayotgan muammolarni hal etib bo‘lmaydi. Sohada yaqin istiqbolda qilinadigan ishlar hamda erishilishi zarur bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar 2020-2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasini elektr energiyasi bilan ta'minlash konsepsiyasida aniq-tiniq ko‘rsatib berilgan. Ushbu strategik hujjat yurtimizda energiya taqchilligi qanday bartaraf etiladi, degan savolga javob beradi.
Konsepsiyada 2030-yilga qadar mamlakat elektr energiya generatsiyasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM)ning ulushini 11 foizdan oshirish ko‘zda tutilgan. Shundan 5 foizi quyosh, 3 foizi shamol hamda 3,8 foizi gidroenergetika hissasiga to‘g‘ri kelishi kerak. Bu vazifalar bosqichma-bosqich bajarilyapti. O‘tgan yili Navoiy viloyatida birinchi fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Zarafshonda ilk shamol generatori qurila boshlandi. Bir vaqtning o‘zida gidroenergetikani rivojlantirishga doir loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Davlatimiz “yashil” energetikaga katta umid bog‘lagan. Mazkur tarmoqqa nufuzli xorijiy investitsiyalar paketi yo‘naltirilyapti. Demak, kelgusida qayta tiklanuvchi energiya manbalari O‘zbekiston energobalansida yuqori pozitsiyani egallashi turgan gap. Sohada olib borilayotgan diversifikatsiyalash siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ham shundan iborat.
Baxtiyor Ergashev
Ammo faqat “yashil” energetika bilan cheklanib bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, davlatimiz rahbariyati buni yaxshi anglamoqda. Shu bois yurtimizda elektr energiyaning boshqa manbalaridan birday samarali foydalanish masalasi ko‘ndalang qo‘yilgan.
Aytaylik, issiqlik elektr stansiyalari (IES)dan butkul voz kecholmaymiz. Hozir ular energiya generatsiyasining salkam 90 foizini ta'minlayapti. 2030-yilgacha bu raqamni 60 foizga tushirish rejalashtirilgan. Shunga qaramay, ba'zi hududlarda yangi IESlar barpo etilmoqda. Chunki bu ob'ektiv zururat.
Masalan, o‘tgan yili Farg‘ona vodiysida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi foydalanishga topshirildi. To‘g‘ri, unda qimmatbaho xomashyo – tabiiy gaz yoqilib, energiya ishlab chiqariladi. Biroq mazkur ob'ekt qanchadan-qancha odamlar hamda tadbirkorlarining og‘irini yengil qilayotgani ayni haqiqat.
2017-yilda vodiy viloyatlarida tadqiqot olib borgandik. O‘shanda aholi hamda biznes vakillari energiya ta'minotidagi doimiy uzilishlarni birinchi darajali muammo sifatida ko‘rsatgan. Ko‘pgina tumanlarda qishki paytda elektr energiyasi sutkasiga ko‘pi bilan 4 soatga berilardi.
2021-yilning yozida takroran so‘rovnoma o‘tkazdik. Bu gal respondentlar tomonidan yuqoridagi muammo deyarli tilga olingani yo‘q. Chunki endi ularning uyida chiroq oldingidek 20 soatlab o‘chmaydi. Proporsiya teskari tomonga o‘zgargan. To‘raqo‘rg‘on IESning sharofati bilan, albatta.
O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi ma'lum qilganidek, navbatdagi ikkita issiqlik elektr stansiyasini Sirdaryo viloyatida qurish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 1 mlrd 250 mVtni tashkil qiladi. Ishonchim komilki, ushbu investitsion loyihalar ham mamlakatda energiya taqchilligini kamaytirishga xizmat qaladi.
Ko‘rinib turganidek, O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida ham ana'anaviy (issiqlik va gidroelektr stansiyalari), ham muqobil (quyosh, shamol) elektr energiya quvvatlarini yaratish, yangilash hamda rivojlantirish ishlari izchil olib borilmoqda.
Qolaversa, yaqin istiqbolda mamlakat energomiksida atom energetikasiga ham o‘rin ajratiladi, degan umiddaman.
– Muqobil energiya manbalaridan foydalanish masalasi ilgari ham kun tartibiga qo‘yilgan. Lekin amaliy natijasini endigina ko‘ryapmiz. Buning sababi nimada?
– O‘zbekistonda elektr energiyasi taqchilligi vujudga kelgani, elektr tarmoqlaridagi doimiy uzilishlar haqida 2000-yillar boshidayoq bong urilgan. Hukumat bu muammoga befarq emasdi, albatta. Masalan, 2010-yilda To‘raqo‘rg‘on IESni qurish g‘oyasi ilgari surildi. Loyihani moliyalashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan, xorijiy investorlar bilan muzokaralar olib borilgan va hokazo.
Yangi asr bo‘sag‘asida qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish bo‘yicha ham ma'lum sa'y-harakatlar qilingan. Biroq mazkur jarayon nihoyatda sekin va tarqoq holda davom etib, aksariyat loyihalar, fikr-mulohazalar qog‘ozda qolib ketaverdi. Sababi uzoq vaqtgacha O‘zbekistonda elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar borligi, ular keng quloch yozgani, yanada ayanchlisi, industrial rivojlanish hamda iqtisodiy o‘sishimizga to‘sqinlik qilayotgani yuqori doirada ochiqchasiga aytilmadi. Muammoni tan olish uchun, avvalo, siyosiy iroda kerak edi.
Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida vaziyat tubdan o‘zgardi. Mamlakat elektr energiyasi taqchilligi sharoitida yashayotgani davlat darajasida tan olindi. Energetika sohasini modernizatsiyalashga doir yaxlit dastur ishlab chiqishga kirishildi. Nihoyat, 2019-yilda yuqorida tilga olingan Konsepsiya qabul qilindi. Ushbu hujjat O‘zbekistonda energiya ta'minoti manbalarini diversifikatsiyalash siyosatining tamal toshini qo‘yib berdi, deyish mumkin.
Yana bir jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Quyosh va shamol generatsiyasiga o‘tish tegishli infratuzilmani yaratishdan boshlanadi. Bu esa hazilakam ish emas. “Yashil” energetika juda qimmat soha. 2017-yilgacha O‘zbekiston hozirgidek dunyoga ochiq mamlakat bo‘lmagan. Iqtisodiyot tarmoqlari davlat tomonidan qattiq nazorat qilinardi. Bunday sharoitda yirik infratuzilmaviy loyihalar uchun xorijiy hamkorlarni jalb etish, ularga qulay shartlar taklif etish mushkul edi. Investorlar biz bilan ishlashdan cho‘chigan.
Endilikda davlatning o‘zi qayta tiklanuvchi energiya manbalariga mablag‘ tikayotgan tadbirkorlarni rag‘batlantirmoqda. O‘zbekistonda foto va gidroelektr stansiyalari, shamol generatorlarini qurish uchun soliq imtiyozlari ko‘zda tutilgan. Bejiz emaski, mazkur yo‘nalishda e'lon qilinayotgan tender tanlovlarida doim o‘nlab xorijiy kompaniyalar ishtirok etish istagini bildiradi.
Hozir hatto uy xo‘jaliklariga o‘z ehtiyoji uchun kichik gidroelektr stansiyalari qurishga ruxsat berildi. Bu boradagi yana bir inqilobiy qaror shuki, fuqarolar shaxsiy mini GESida ortiqcha ishlab chiqilgan elektr energiyani manfaatdor korxona va tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda sotishi mumkin. Demak, aholiga uzluksiz energiya ta'minoti kafolatlanibgina qolmay, bundan daromad olish imkoniyati ham yaratilmoqda.
– O‘zbekiston atom elektr stansiyasini qurmoqchi. Oxirgi vaqtda loyiha to‘xtab qolgandek, nazarimda. Yaqinda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hukumat bu borada keng jamotchilik hamda qo‘shni davlatlarning pozitsiyasini diqqat bilan o‘rganishini aytdi. Bunday yondashuvdan xulosangiz qanday? Gap faqat atom energetikasi bilan bog‘liq ehtimolli risklardami yoki boshqa masala ham bormi?
– Tashqi siyosiy idoramiz rahbariga hurmatim baland. Biroq janob Komilov energetik emas. U mamlakat energobalansi qaysi tarkibiy qismlardan tashkil topgani ma'qulligi haqida fikr yuritolmaydi. Energetika vaziriligining tahlil va prognozlari esa aniq faktlarga asoslangan. Shaxsan men uchun O‘zbekiston yoki qo‘shni yurtlardagi abstrakt omma emas, balki ishning ko‘zini biladigan malakali mutaxassislar istiqbolimiz haqida nima deyayotgani, aynan ular vaziyatga qanday baho berayotgani muhim.
Raqamlarga yuzlanamiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energiya defitsiti yiliga 6-7 mlrd kVt yoki 10-15 foizni tashkil etmoqda. Sakkiz yildan keyin yillik ehtiyoj 110-112 mlrd kVtga yetadi. Bu jiddiy masala. Davlat gardanida energodefitsitni to‘liq bartaraf etish mas'uliyati turibdi. 2030-yilgacha vazifa bajarilishi kerak.
Haqiqatga tik qaraylik. Shu choqqacha dunyodagi bironta ham davlat energiyaning muayyan turigagina ishonib qolgan emas. Xuddi shu kabi bironta ham mamlakat bor-budini faqat qayta tiklanuvchi energoresurslarga tikib baraka topolmaydi.
O‘zbekiston uchun quyosh, shamol, gidroenergiya manbalari, issiqlik elektr stansiyalari qanchalik zarur bo‘lsa, atom energetikasi ham shu qadar ahamiyatlidir.
Nazarimda, AES qurilishi bilan bog‘liq isteriya haddan ziyod bo‘rttirilgan. Agar loyiha ijrochisi “Rosatom” emas, boshqa xorijiy kompaniya bo‘lganida, aminmanki, chetdan moliyalashtirilayotgan nodavlat tashkilotlarimiz, turli tuman tabiat muhofazachilari, sotib olingan jurnalistu blogerlar hozirgidek dod-voy solmasdi. Hamma gap O‘zbekiston atom energiyasidan foydalanishga qaror qilgani emas, balki bu ishni Rossiyaning ko‘magida amalga oshirayotganida. Demak, siyosiy omil ko‘zga yaqqol namoyon.
Boz ustiga, mintaqadagi boshqa davlatlar ham AES qurilishiga bel bog‘lagan. Qozog‘istonda bu mavzu bir necha yildan buyon muhokamada. Yaqinda Qirg‘iziston hukumati “Rosatom” bilan muzokaralar boshlagani haqida xabar tarqaldi. Vaholanki, qo‘shnilarning xatti-harakatidan yurtimiz jamoatchiligi jumbishga kelgani yo‘q. Ekologlarimiz jimjit. Inson huquqlari himoyachilari ham lom-mim demayapti. Qiziq, nega?..
Mamlakat taqdiriga daxldor masalalarda, avvalo, milliy manfaatlar ustuvor qo‘yiladi. Bugungi O‘zbekiston iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirishdan manfaatdor. Buning uchun esa bizga barqaror energiya manbalari zarur.
Atom elektr stansiyasi mana shunday barqarorlikni ta'minlay oladi. O‘ylaymanki, O‘zbekiston loyihadan voz kechgani yo‘q. Savdolashyapmiz, xolos. AES atrofidagi vahimalar ob'ekt tannarxini tushirish maqsadida uyushtirilgan bo‘lishi ham mumkin. Balki shu sababli shartnomani imzolash paysalga solinayotgandir.
Ma'lumki, O‘zbekistonda elektr energiyaning katta qismi IESlarda ishlab chiqariladi. Ularning uzluksiz ishlashi uchun mamlakat tabiiy gazining 12-15 foizi ko‘kka sovurilmoqda. Bu juda ko‘p. Yurtimiz gaz zaxiralari Quvayt, Qatar yoki Rossiyadagi kabi ulkan emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin 15-20 yilda respublikada tabiiy gaz qazib olish hajmi sezilarli ravishda qisqaradi. Natijada issiqlik elektr stansiyalarimiz quvvatsizlanishi aniq. Bunga tayyor turish zarur. Elektr energiya manbalarini diversifikatsiyalash vaziyatdan chiqishga yordam beradi.
O‘zbekistonda yirik GESlar qurishning ham imkoni yo‘q. Chunki suv havzalari tanqis, respublika hududidan atigi ikkita yirik daryo oqib o‘tadi. Demak, gidroenergetika bo‘yicha salohiyatimiz uncha katta emas. Afsuski, geografiyamiz bunga imkon bermaydi.
Muqobil energiya manbalariga ham butkul ishonib qolmaslik kerak. Illo, insoniyat tabiiy ofatlardan himoyalanmagan. 2018-yilda Yaponiyada, 2020-yilda AQShning Texas shtatida yuz bergan hamda millionlab odamlarni issiqlik ta'minotidan butkul uzib qo‘ygan energetik lokaut “yashil” energetikadan foydalanishda jiddiy tabiiy cheklovlar borligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. Ayni kunlarda Ko‘hna qit'ada kuzatilayotgan energetik krizis ham shamol generatsiyasining zaif tomonlarini fosh etdi. Ob-havo injiqligi tufayli yevropadagi asariyat shamol elektr stansiyalari bor-yo‘g‘i 5 foiz quvvatda ishlamoqda. Mana sizga fors-major holat!
Fotoelektr stansiyalari ham biz o‘ylaganchalik mukammal emas. Birinchidan, ular faqat kunduzi ishlaydi. Qolaversa, stansiyani qurish xarajatlarining asosiy qismi quyosh batareyasiga sarflanadi. Ushbu qurilmaning foydali ish koeffitsienti katta emas – uni tez-tez almashtirish kerak. Ko‘rib turganimizdek, muqobil energetikaning o‘ziga yarasha texnik, mavsumiy, davriy va boshqa turdagi cheklovlari bor. Shu bois u mamlakat energetika tarmog‘ining o‘zagini tashkil qila olmaydi.
Atom elektr stansiyasi esa yil bo‘yi uzluksiz ishlashga qodir. Bunda gaz yoqilmaydi, ob-havoga qaralmaydi. Xomashyosini ham chetdan olib kelmaysiz. O‘zbekiston uran zaxiralariga boy. Bu omil elektr energiyaning tannarxini arzonlashtiradi. Shundan kelib chiqsak, kelgusida mamlakat energiya balansida atom energetikasining ulushini 30 foizgacha yetkazish mumkin.
– O‘tgan yili O‘zbekiston energetikani “yashillashtirish” yo‘lidan borishini ma'lum qildi. Demak, buyog‘iga qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e'tibor jiddiylashadi. Mamlakatning bugungi iqtisodiy salohiyatini hisobga olganda sohadagi istiqbolimizni qanday baholaysiz?
– Shubhasiz, men “yashil” energetikani rivojlantirish tarafdoriman. Chunki turli ko‘lamdagi ekologik muammolar, tabiiy iqlim sharoitimiz bizni baribir shunga undaydi. Avlodlar kelajagi haqida qayg‘urayotgan O‘zbekistonning “yashillashish”ga bel bog‘lagani ijobiy holat.
Biroq “yashil” texnologiyalar jiddiy xarajat talab qilishini unutmaylik. Buning uchun mamlakatga katta investitsiyalar oqimi kirib kelish kerak. Juda bo‘lmaganda, tashqi donorlardan qarz olish zarur. Uglerod neytralligiga erishish, atmosferaga chiqariladigan zaharli gazlar miqdorini keskin kamaytirish hozirgi sharoitda O‘zbekistonga juda qimmatga tushadi. Hali suyagi qotmagan iqtisodiyot uchun bu og‘ir yuk bo‘lishi aniq. Mamlakatimiz 2050-yilga borib umumiy generatsiyada qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 50 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Menimcha, parovozdan oldinga o‘tib olishimiz to‘g‘ri emas. Bizga mo‘tadil “yashillik” ko‘proq foyda keltiradi.
– Bu yerda ham siyosiy omillar haqida gapirish o‘rinlimi?
– Ha. “Yashil” iqtisodiyot mafkurasi G‘arb dunyosida yaratilgan. Ushbu paradigma rivojlangan davlatlar tomonidan parvarishlanmoqda. Ehtimol, uni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekiston o‘zini progressiv mamlakat sifatida ko‘rsatib, xalqaro nufuzini oshirmoqchidir.
Nima bo‘lganda ham, ko‘rpaga qarab oyoq uzatgan ma'qul. Hozircha meni faqat bir narsa quvontirmoqda. “Yashil” energetikaga o‘tayotgan boshqa davlatlardan farqli o‘laroq, O‘zbekiston investorlarni o‘zi uchun qulay shartlarda jalb qilishning yo‘lini topdi. Bu tizim juda puxta o‘ylangan.
Jahon bozorida tabiatdan olinadigan elektr energiyaning qiymati yuqori baholanadi. Masalan, uch yil avval 1 kVt quyosh energiyasi iste'molchilarga o‘rtacha 17-19 sentdan sotilgan. To‘g‘ri, narx yil sayin pasaymoqda. Lekin u hali ham optimal emas.
O‘zbekistonda esa vaziyat boshqacha. Hukumatimiz “yashil” energetika tarmog‘iga sarmoya kiritayotgan kompaniyalarga kerakli hajmda yer maydoni va infratuzilmadan foydalanish huquqini taqdim etyapti. Investor foto yoki shamol elektr stansiyasini qurib, ishga tushiradi. Davlat u bilan 20 yilga shartnoma tuzib, 1 kVt elektr energiyaning narxini 2 sent qilib belgilanmoqda. Tabiiyki, aholi bundan manfaatdor.
Biroq qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bilan bog‘liq risklar hyech qaerga ketgani yo‘q. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston “yashillashish” siyosatini real hisob-kitoblarga asoslanib yuritgani maqsadga muvofiq. Shoshilinch qaror yaxshilikka olib kelmasligini yevropa tajribasi ko‘rsatmoqda.
– Yaqin yillar ichida mamlakat elektr energiya tizimini nechog‘liq yangilay oladi? Mazkur jarayonda qanday to‘siqlarga duch kelishimiz mumkin?
– Konsepsiyada belgilangan barcha vaziflar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishiga ko‘zim yetadi. Bundan buyog‘iga O‘zbekistonda quyosh va shamol generatsiyasi ortishi, issiqlik elektr stansiyalarining ulushi esa, aksincha, kamayishi kutilmoqda. O‘ylashimcha, har qancha ikkilanishlarga qaramay, ertami-kechmi atom energetikasiga baribir o‘tamiz. Tez orada Jizzax viloyatida AES qurilishi boshlansa ajab emas.
Energiya tejamkorlik masalasi ham biz uchun dolzarb. O‘zbekiston mahsulot ishlab chiqarishda elektr energiya sarfi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega. Bu jiddiy muammo. Mazkur omil bartaraf etilmaguncha mamlakatda elektr generatsiyasi hajmini oshirish kutilgan natija bermaydi. O‘zbekistonda energetika tizimini yangilash sanoat tarmoqlarini texnologik modernizatsiyalash jarayoni bilan baravar olib borilishi zarur. Shunda maqsadga tezroq erishamiz.
Manba: https://www.uzanalytics.com/iqtisodiet/9961/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati