Yangiliklar
O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi boshlandi
  • 13.01.2022
  • 1890

“Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlarimiz va harbiy-ma'muriy sektorlar faoliyati samaradorligini tahliliy ko‘rib chiqish va kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish yaxshi an'anaga aylangan.

Ushbu majlis ulug‘ sana – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi arafasida o‘tkazilmoqda”, dedi davlatimiz rahbari hamda yig‘ilganlarni, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylarimiz va soha faxriylarini bayram bilan samimiy tabrikladi.

Prezident Qurolli Kuchlarimizning shakllanishi va isloh qilinishi haqida:

“Albatta, Qurolli Kuchlarimizning shakllanish jarayoni dunyoda va mintaqamizda murakkab harbiy-siyosiy vaziyat hukm surgan davrga to‘g‘ri keldi.

Islohotlarimiz natijasida mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta'minlashga qodir bo‘lgan, har tomonlama zamonaviy qurollangan, qudratli armiyamiz shakllanmoqda.

Biz 2016 yilda Qurolli Kuchlarimiz faoliyatini chuqur o‘rgangan holda, harbiy qurilishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha muhim qarorlar qabul qildik. Va besh yillik istiqbolga mo‘ljallangan, kechiktirib bo‘lmaydigan kompleks choralarni ko‘rdik.

Aniq maqsadga qaratilgan ana shunday ishlar natijasida, armiyamiz qiyofasi ham, harbiy xizmatning ma'no-mazmuni ham tubdan o‘zgarmoqda. Qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarlik darajasi keskin oshmoqda”, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda davom etayotgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Qozog‘istondagi voqyealarga munosabat bildirdi:

"So‘nggi kunlarda biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqyealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi.

Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo‘shni bo‘lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog‘lab turadi. Kelajagimiz ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Shu kunlarda men Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qildim. O‘zbekiston xalqi nomidan butun Qozog‘iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta'minlash borasidagi barcha sa'y-harakatlarini qat'iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdim.

Fursatdan foydalanib, ushbu voqyealarda qurbon bo‘lganlarning oila a'zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta'ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog‘ayib ketishiga tilakdoshman.

Yaratganga shukrki, qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o‘z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda.

O‘z o‘tmishida ko‘plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og‘ir kunlarni ham tez orada mardona yengib o‘tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo‘lishiga ishonaman", dedi davlatimiz rahbari.


Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali

https://t.me/Press_Seretary_Uz


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>