Yangiliklar
1971–2021: TDTU «Elektr ta'minoti» kafedrasi 50 yoshda!
  • 25.11.2021
  • 413

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati — Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti «Elektr ta'minoti» kafedrasi tashkil etilganligining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan «Elektr ta'minoti tiziming dolzarb muammolari» nomli xalqaro ilmiy-texnik konferensiya hamkori

 

  Bugun, 2021-yilning 25-noyabr kuni Toshkent davlat texnika universiteti «Elektr ta'minoti» kafedrasi tashkil etilganligining 50 yilligi munosabati bilan «Elektr ta'minoti tiziming dolzarb muammolari» deb nomlangan 2 kunlik xalqaro ilmiy-texnik anjuman o‘z ishini boshladi.

  Unda «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov, Tizim xizmatlari bosh boshqarmasi boshlig‘i A.T.Mirzayev, Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i SH.S.Kuliboyev, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi U.P.Urunov hamda Yig‘ma axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.I.Sultonovlar ishtirok etishdi.

 

  Konferensiya moderatori — Toshkent davlat texnika universiteti prorektori SH.K.Ne'matov xalqaro ilmiy-texnik anjumanni ochiq deb e'lon qilib, birinchi so‘zni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti rektori — Xalqaro ilmiy-texnik anjuman Tashkiliy qo‘mitasi raisi S.M.Turabjonovga berdi.

  Sadritdin Maxamatdinovich  o‘z o‘zida o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanning ahamiyati, «Elektr ta'minoti» kafedrasining ilmiy salohiyati haqida ma'ruza qilib, konferensiya ishtirokchilarini samimiy muborakbod etdi.

  So‘ng so‘z navbati «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi — Xalqaro ilmiy-texnik anjuman Tashkiliy qo‘mitasi hamraisi D.A.Isaqulovga berildi.

 

 

 Dadajon Aynaqulovich o‘z nutqida universitet pedagogik jamoasini, kafedra professor-o‘qituvchilarini yarim asrlik samarali faoliyati bilan tabriklab, bugungi kun energetika sohasi, elektr energetika tarmog‘ining rivojlanishi, jumladan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati faoliyatida erishilgan yutuqlar, Aksiyadorlik jamiyatining ilmiy-texnik salohiyati haqida ma'ruza qildi.

  Xalqaro anjuman TDTU prorektori janob Kiyoxisa Nishiyama, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Qahramon Rahimovich Allayev hamda «Elektr ta'minoti» kafedrasi mudiri I.U.Rahmonovlar ma'ruzasi bilan davom ettirildi.

 

 Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, bir nechta xalqaro mutaxassislar qatnashgan ushbu konferensiya ishida bir nechta xorijiy mamlakatlar ilmiy-texnik jamoalari videoaloqa shaklida ishtirok etib, elektr energetika tarmog‘ining rivojlanishi — ilmiy-pedagogik jamoaning samarali ish faoliyatiga bevosita bog‘liqligini alohida e'tirof etdilar.

  Anjuman ishida, shuningdek, «Elektr ta'minoti» kafedrasi tarixiga oid slaydli taqdimot o‘tkazilib, unda kafedraning yarim asrlik faoliyati tarixiy fotosurat va hujjatlarda, nashr etilgan ilmiy jurnal va adabiyotlarda aks ettirildi.

 

  Eslatib o‘tamiz, xalqaro ilmiy-texnik anjuman ishi ikki kun davom etadi. Unda elektr energetika tarmog‘ining rivoji, yutuq va kamchiliklari, istiqbolli rejalari, sohaning ilmiy salohiyatini yuklatirishda nazariya va amaliyotning uyg‘unligi va yana bir qancha masalalar muhokama etiladi.

  Ertaga, soat 16:00 da anjuman o‘z ishini yakunlaydi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>