Yangiliklar
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz ovoz bilan prezident saylovida g‘olib bo‘ldi
  • 25.10.2021
  • 560

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umume'tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

  Beshta siyosiy partiya va ularning nomzodlari o‘rtasida real raqobat muhitida o‘tgan Prezident saylovi O‘zbekistonda erkinlik va  demokratiya amalda mustahkamlanib borayotganining  yorqin namoyishidir!

  Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan buyon xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida jami 76 mingdan ortiq materiallar e'lon qilindi.

  Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchilardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda 16 million 212 ming 343 nafar saylovchi ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 80,4 foizidan iboratdir.

421 ming 176 nafar saylovchi joriy yilning 14-oktabrdan 20-oktabrgacha o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalarining barchasida saylov byulletenlari sanab chiqildi.

Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:

 • O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;

 • O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;

 • O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldievich Qodirov – 5,5 foiz;

 • O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;

 • Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz.

  O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya'ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.

  Ushbu ma'lumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 80,1 foiz ovozini olib, ishonchli g‘alaba qozonganini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini mamnuniyat bilan ma'lum qilamiz.

Markaziy saylov komissiyasi nomidan Shavkat Miromonovichni bu yorqin g‘alaba bilan samimiy muborakbod etishga ijozat etgaysizlar!

Xalqning ishonchini, mehrini qozonish inson uchun eng oliy saodatdir!

Biz Shavkat Miromonovichni eng oliy martaba va  ana shunday oliy saodatga musharraf bo‘lgani  bilan chin dildan yana bir bor qutlaymiz!

Zayniddin Nizomxodjaev, Markaziy saylov komissiyasi raisi

Veb-sahifa: www.saylov.uz

Manba: https://itv.uz/#!/channel/12

Facebook: https://facebook.com/uzelections

Instagram: https://instagram.com/electionsuz/

Twitter: https://twitter.com/electionsuz

You Tube: https://youtube.com/channel/UCyP8mSeriMgqqQU1cCX_nnw/featured

Portal: https://saylov2021.uz/uz

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun 

t.me/uzmetaxborotxizmati

>