Yangiliklar
Energetika vaziri “Masdar” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi
  • 14.07.2021
  • 306

  Joriy yilning 13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri BAAning “Masdar” kompaniyasi bosh direktori Muhammad Jamil Al Ramohiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

  Delegatsiya bir kun oldin bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston hukumati bilan ikkita quyosh fotoelektr stansiyalari (QFES) bo‘yicha investitsiya va elektr energiyasini sotib olish shartnomalarini imzolash marosimi munosabati bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

  A.Sultanov “Masdar” kompaniyasining O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan energetika loyihalari uchun o‘tkazilayotgan tenderlarda doimiy ravishda faol ishtirok etayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi. Kompaniyaning ana shunday faol ishtiroki natijalaridan biri – Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi QFES loyihalari bo‘yicha investorlarni aniqlashda tenderlar g‘olibi sifatida e'tirof etilishidir.

 

 


  Vazir zamonaviy, muntazam rivojlanib borayotgan energetika tarmog‘i bugungi kunda O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlari, oziq-ovqat sanoati, metallurgiya va boshqa muhim iqtisodiy sohalari barqarorligini ta'minlashning asosi ekanligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan, mamlakat Energetika vazirligi oldiga talab oshib borayotgan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun shart-sharoit yaratish vazifasi yuklatilgan. Bu borada “Masdar” kabi yetakchi kompaniyalar ushbu vazifalarni hal etishda ishonchli hamkor va yordamchi bo‘lib hisoblanadi.

 


  Uchrashuvda Muhammad Jamil Al Ramohiy ta'kidlaganidek, O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (QTEM) kabi innovatsion yo‘nalishni rivojlantirish uchun zamonaviy huquqiy asos yaratdi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda ushbu yo‘nalishni rivojlantirish, jumladan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish uchun ishonchli asos bo‘lib hisoblanadi.

  Uchrashuv davomida mehmonlarga joriy yilning 15-16-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi keng ko‘lamli xalqaro konferensiyasi haqida ham ma'lumot berildi.


  O‘zbekiston Respublikasi

  Energetika vazirligi matbuot xizmati

  https://minenergy.uz/uz/news/view/1354

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

>