Yangiliklar
NAVOIY VILOYATIDAGI YUQORI KUCHLANISHLI ELEKTR TARMOQLARI RIVOJLANTIRILIB, PODSTANSIYALARDA QO‘SHIMCHA QUVVATLAR YARATILMOQDA
  • 09.04.2021
  • 1062

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizning barcha viloyatlarida elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish maqsadida ulkan qurilish-montaj ishlari, modernizatsiya-rekonstruksiya dasturi asosidagi bir qancha amaliyotlar bajarib kelinmoqda.

 

  “Navoiy magistral elektr tarmoqlari» filiali ham Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi boshqa hududiy-tarkibiy tuzilmalar kabi elektr energiyasini energiya ishlab chiqaruvchi korxonalardan hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yetkazib berishni amalga oshirish (transportirovka), magistral elektr tarmoqlarini ta'mirlash, shuningdek, boshqa davlatlarning elektr tarmoqlari bilan o‘zaro aloqalarda ishtirok etish bilan shug‘ullanadi.

 

  «Navoiy MET» filiali tarkibida 220/110/10 kV li «Ximiya», 220/110/10 kVli «Navoi–NS», 220/10 kV li «Qiziltepa–1», 220/6/6 kV li «Qiziltepa–2» va 2021-yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati balansiga olingan yana 5-ta yuqori kuchlanishli: 220/35/6 kVli «0», 220/35/6 kVli «Gornaya», 220/35/6 kVli «Zarafshon», 220/35/6 kVli «Dagiztau» va 220/35/6 kVli «A» podstansiyalari mavjud.

  Yuqori kuchlanishli 9 ta podstansiyalarning 3 tasi Zarafshon shahrida, 1 tasi Uchquduq shahrida, 1 tasi Zafarobod shaharchasida, 3 tasi Qiziltepa tumanida, 1 tasi esa Karmana tumanida joylashgan. Umumiy uzunligi 1453 kilometr bo‘lgan yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari hamda umumiy quvvati 1318 MVA bo‘lgan podstansiyalarning uzluksiz ishlashini ta'minlaydi.

Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytidagi xarita shaklidagi infografikadan mazkur filial to‘g‘risidagi batafsil ma'lumotlarni olish imkoniyatiga egasiz: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/797

 Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta'kidlash lozimki, Navoiy viloyati respublikamizda elektr energiya iste'moli bo‘yicha eng katta hajm ko‘rsatkichiga ega hudud hisoblanadi. Viloyatda respublika iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega yirik sanoat korxonalarining salmog‘i yuqori bo‘lib, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishi — o‘rta va kichik biznes vakillari sonining yildan-yilga oshishi, shu bilan birga, aholining turmush darajasi o‘sishi bilan birga iste'molchilar soning sezilarli darajada oshib borishi bilan ham ifodalanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mavjud talablarni qondirish maqsadida navoiylik energetiklar tomonidan 2021–2022-yillarga rejalashtirilgan qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

  Maqsad aniq — Navoiy viloyatida ishlab chiqarish sanoat korxonalari, ijtimoiy soha ob'ektlari, xalq xo‘jaligi hamda aholini uzluksiz, sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlashdan iborat. 257 nafar ishchi-xodimlardan iborat filial o‘zining rahbariy hujjatlarida belgilab qo‘yilgan vazifalarini bajarish uchun kecha-kunduz mehnat qimoqdalar.

 

 Shu o‘rinda savol tug‘iladi... Xo‘sh, Navoiy viloyatidagi magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish uchun qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

  Navoiy viloyati iste'molchilarini elektr ta'minoti yuzasidan oshib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–2264-sonli qaroriga asosan, «Janubiy-g‘arbiy podstansiyalarni modernizatsiya qilish» dasturiga muvofiq 220/110/10 kVli “Ximiya” podstansiyasida uchinchi — quvvati 200 MVA ga teng AT–3 transformatorni o‘rnatish, 21 dona 110 kVli va 10 dona 220 kVli havo o‘chirgichlarni zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan, yangi va zamonaviy elektr qurilmasi — 200 MVA quvvatga ega avtotransformator podstansiya hududida ajratilgan joyga o‘rnatildi.

  Bundan tashqari, 21 dona 110 kVli hamda 10 dona 220 kVli havo o‘chirgichlar zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirildi. Ayni paytda “Turon” qurilish-montaj tashkilotining 5-sonli uchastka xodimlari bilan hamkorlikda kabel kanallarining beton quvurlarini yotqizish ishlari nihoyasiga yetkazildi. AT–3 transformatoriga kuchlanish berish uchun himoya kabellar tashlanib, sozlash ishlari amalga oshirilmokda.

  Joriy yil may oyining birinchi dekadasida podstansiyadagi uchinchi transformator to‘la quvvat bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

 

 Shu bilan birga, loyihaning ikkinchi bosqichi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-sentyabrdagi PQ–3284-sonli qaroriga asosan “Magistral tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” dasturi bo‘yicha “Ximiya” podstansiyasida 21 dona 220 kVli va 60 dona 110 kVli transformator toklarni zamonaviy transformator toklarga almashtirish hamda 6 dona 220 kVli, 6 dona 110 kVli va 6 dona 10 kVli o‘ta kuchlanishni chegaralovchi  elektr qurilmalarini almashtirish rejalashtirilgan. Hozirda podstansiyaga zarur barcha uskuna-jihozlar keltirilgan. Pudratchi tashkilot sifatida Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi “Turonelektromontaj” AJning 5-sonli uchastkasi jalb etilib, rekonstruksiya ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

  Bundan tashqari, 220/110/10 kVli “Navoiy–NS” podstansiyasida mavjud barcha 110 kVli moyli o‘chirgichlar LTB-145 rusumli zamonaviy elegazli o‘chirgichlarga almashtirildi. Shuningdek, “Qiziltepa–1”, “Qiziltepa–2” podstansiyalaridagi 220 kVli moyli o‘chirgichlar zamonaviy LTB-245 rusumidagi elegazli o‘chirgichlarga almashtirildi. ORU 220 maydoni kengaytirilib AT–3 transformatori o‘rnatilishi uchun barcha choralar ko‘rib borilyapti.

 

  Modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari boshqa yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari ob'ektlarida ham amalga oshirilmoqda. Misol uchun, “Gornaya” podstansiyasida mavjud 2 ta 20000 kVAlik transformatorlar o‘rniga joriy yil yakuniga qadar yangi tipdagi 2 ta 63000 kVA quvvatga ega transformatorlar o‘rnatilishi belgilangan.

  Yuqorida sanab o‘tilgan ishlar navoiylik energetiklar tomonidan olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, modernizatsiya dasturi asosidagi bajarilayotgan amaliyotlarning bir qismi, albatta. Muhimi, ko‘zlangan maqsad, belgilangan marra aniq — mamlakatimizda ishlab chiqarilayogan va import qilinayotgan elektr energiyasini taqsimlovchi past kuchlanishli elektr tarmoqlarga yetkazib berish ishonchliligini oshirish, yuqori kuchlanishli podstansiya va elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish.

 

  Vatanimizning iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, aholimizning turmush tarzi yaxshilanib borishida, shubhasiz, elektr ta'minotining barqaror faoliyati muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasinipng qaror va farmoyishlari, Energetika vazirligining ko‘rsatmalari asosida yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar hamda podstansiyalarda bajarilayotgan ishlar iqtisodiyotning “motori” bo‘lmish elektr ta'minotining barqarorligiga qaratilgan.

 B.M.Hasanov, «O‘zbekiston MET» AJ  «Navoiy magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>