Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati iste'molchilarining elektr ta'minoti yaxshilanishi uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
  • 24.03.2021
  • 2375

  Ko'pchilikka ma'lumki, O'zbekistonda mavjud elektr qurilma va jihozlari Mustaqillik yillarining chorak asri davomida deyarli modernizatsiya-rekonstruksiya qilinmagani, faqat kapital va mavsumiy ta'mirlash ishlari olib borilgani, shu bois elektr energetika tarmog'ining qariyb yarmi jismonan va ma'nan eskirgani mamlakatimizning bosh minbaridan turib aytildi, tan olindi. Yana qo'shimcha qilindiki, oxirgi 3-4 yil ichida yirik investitsion loyihalar hisobiga ham ishlab chiqarish, ham uzatish va taqsimlash tarmoqlari, ta'rif lozim bo'lsa, issiqlik elektr stansiyalaridan tortib yuqori va past kuchlanishli podstansiyalargacha eskilari yangilanmoqda, yangilari qurilmoqda, mavjudlarining quvvati oshirilmoqda.

 

  E'tiborli jihati shundaki, energoresurslarga talab ortib borayotgan hududlarda rivojlanish, kichik va o'rta biznes ko'lamining kengayishi, aholi turmush tarzining yuksalishi kuzatilmoqda. Tabiiyki, bunday hududlarda iste'molchilarning haq-huquqlariga oid savollar, tizimdagi nosozliklardan shikoyatlar ham ko'proq. Qashqadaryo viloyati — ana shunday, energoresurslarga ehtiyoj kundan-kunga oshib borayotgan hududlardan biridir.

 

  Dastavval, ijtimoiy tarmoqlarda ko'p bora takrorlangan savollarga javob, aniqrog'i elektr ta'minotidagi turli holatning yuzaga kelishiga ta'sir etuvchi omillar ko'p ekanligini alohida ta'kidlash lozim. Xususan, Milliy dispetcherlik markazining faoliyati O'zbekiston elektr energetika tarmog'ining barqaror ish faoliyatini saqlash, elektr ta'minotida yirik avariya va yong'inlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilishi ko'p va xo'p gapirildi. Tizim dispetcheridan juda qisqa vaqtda keskin chora ko'rishi talab etilishi jamoatchilika jonli misollar orqali tushunirildi.

Bu haqda batafsil: Energotizimda muvozanatni saqlash — kechiktirib bo'lmas ustuvor vazifa  http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/597

  Batafsil:  https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5717

  Tarmoqda qurilish-montaj, yangi uskuna va jihozlarni o'rnatish, simyog'ochlardan tortib metall konstruktsiyali tayanch ustunlarigacha yangilash uchun to'lov madaniyati yuksalishi lozimligini ko'p bora takrorladik.

Bu haqda batafsil: O'zbekistonda elektr energiyasidan qarzdorlik miqdori 3,5 trillion so'mni tashkil qilmoqda  https://kun.uz/52970312

  Buning ustiga elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishlar mavjud bo'lib, bu ham tarmoq faoliyati bir me'yorda kechishiga o'zining salbiy ta'sirini ko'rsatayotgani rost.

Bu haqda batafsil: Qashqadaryo viloyatida qariyb 520 million so'm miqdoridagi energiya dasturga kiritilmaganligi aniqlandi   http://minenergy.uz/uz/news/view/926

  "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati esa yurtimizda ishlab chiqarilayotgan va qo'shni mamlakatlardan import qilinayotgan elektr energiyasini uzatish bilan shug'ullanadi.

Bu haqda batafsil: Aksiyadorlik jamiyati asosan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali uzatish (transportirovka) bilan shug'ullanadi   http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/705 

  Batafsil:  https://t.me/uzmetaxborotxizmati/6142

  Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: Xo'sh, shunday ekan, Qashqadaryo viloyati iste'molchilarining elektr ta'minoti yaxshilanishi uchun nimalar qilinmoqda?

  O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-yanvardagi PQ-4563-son qarorining 4-bandida "O'zbekiston Respublikasi 2020-2022-yillarga mo'ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida ko'zda tutilgan moliyalashtirish manbalari hisobidan Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani, Kesh dahasida 220 kVli "Amir Temur" podstansiyasi qurilmoqda. Shu bilan birga, viloyatda 500 kVli "G'uzor" podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Azamat-1 va L-Azamat-2 elektr uzatish havo tarmoqlarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

  E'tiboringizga aholining o'sish sur'ati, ishlab chiqarish ko'lami yildan-yilga oshib borayotgan Qashqadaryo viloyati iste'molchilari — aholi, kichik va o'rta biznes vakillari hamda yirik sanoat korxonalarini elektr energiyasi bilan ta'minlash, aniqrog'i ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini yuqori kuchlanishli tarmoqlardan past kuchlanishli taqsimovchi tarmoqlarga yetkazib berish jarayonini kafolatlash maqsadida amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi so'nggi ma'lumotlarni taqdim etamiz.

 

  500 kV "G'uzor" podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Azamat elektr uzatish havo tarmog'ining qurilishi:

  1. Moliyalashtirish manbai: "O'zbekiston MET" AJ;

  2. Loyihalashtiruvchi tashkilot: "O'zenergoinjiniring" AJ;

  3. Pudratchi tashkilot: "O'zqishloqelektrqurilish" AJ.

  Loyiha bo'yicha 220 kV L-Azamat-1 elektr uzatish tarmog'ining 57 km qurilish-montaj ishlari bajarilishi rejalashtirilgan bo'lib, hozirgi kunda 110 kVli qurilgan havo liniyasini 220 kV kuchlanishga o'tkazish uchun qo'shimcha loyiha (korrektirovka) ishlari bajarilishi ko'zda tutilgan. Jumladan birinchi bosqichda:

· Loyiha bo'yicha 94 dona ustundan 93 dona ustun ko'chirish ishlari tugatildi;

· Loyiha bo'yicha 30 dona SK-26 rusumli yangi tayanch ustunlaridan 30 dona o'rnatildi;

· Loyiha bo'yicha 124 dona tayanch ustunidan 123 dona ustunlarda yerga o'lagichlari o'rnatildi;

· Loyiha bo'yicha 21 km ko'chirish ishlari bo'lib, shundan 20,83 km ko'chirish ishlari bajarildi.

 

 

 

  Ikkinchi bosqichda amalga oshirilayotgan ishlar:

  Loyiha bo'yicha 220 kV L-Azamat-2 elektr uzatish tarmog'ining 56 km qurilish-montaj ishlari bajarilishi rejalashtirilgan bo'lib, 39 dona metall ustuni va SK-26 rusumli ustundan 207 dona, SK-22 ustundan 29 dona, jami 236 dona temir-beton ustuni o'rnatilishi ko'zda tutilgan. Ayni paytda:

· Hozirgi kunda 39 dona metall ustundan 14 donasi, 236 dona SK-26 ustunlaridan 115 dona ustun o'rnatildi.

· Qurilish-montaj ishlarida 112 nafar ishchi-xodimlar 27 dona transport vositalaridan foydalanishmoqda.

 

 

   220 kVli "Amir Temur" podstansiyasining qurilishi:

  1. Moliyalashtirish manbai: "O'zbekiston MET" AJ;

  2. Loyihalashtiruvchi tashkilot: "O'zenergoinjiniring" AJ;

  3. Pudratchi tashkilot: "4-sonli montaj boshqarmasi" AJ.

  Qurilish-montaj ishlarida 85 nafar ishchi-xodimlar 17 ta maxsus texnika va mexanizmlar (shulardan: ko'tarma kran, traktor, "Kamaz" va ekskavatorlar) foydalanmoqda.

  Tezkor boshqaruv pulti (OPU) binosida g'isht terish, bir necha yuz metr kvadrat tsementli shuvoq ishlari to'liq amalga oshirildi, binoning yuqori qismiga 80 dona plitalar va kirish eshiklariga monolit qo'yildi, rigelining metall karkasi yasaldi. Shuningdek, binoda 32 dona deraza-eshik romlari o'rnatilgan bo'lib, binoning tepa kismidagi monolit ishlari to'liq bajarildi. Tom kismini yopish, tunikabon qoplamasini o'rnatish ishlari tugatildi. Binoning ichki qismida kabellar uchun latoklar o'rnatildi.

  "Amir Temur" podstansiyasiga kirish qismida (proxodnoy) eshik-deraza romlari o'rnatilib, tsementli shuvoq ishlari tugatildi. Podstansiya atrofini o'rab olish uchun podstantsiya chegarasi bo'ylab 257 dona temir-beton panellari o'rnatilgan.

 

  110 kVli ochiq taqsimlash qurilmasida 62 dona tayanch ustuni montaj qilindi, yashin qaytargich va portallarga traversalar o'rnatildi. So'ngra qoplamalash (oshinovka) ishlari tugatilib, kabellar uchun yerga ulagich va latoklarning montaj ishlari bajarildi. Shuningdek, yerga ulagichlar va 2 dona o'chirgich o'rnatildi. Ajratgichlar, tok transformatorlari uchun usolar esa o'rnatilmoqda.

  220 kVli ochiq taqsimlash qurilmasida SK rusumli 22 dona tayanch ustunlari o'rnatildi. O'rnatilgan ustun portallarida traversalar montaj qilindi. Ayni paytda kabellar uchun latoklarning montaj ishlari bajarilib, yerga ulagichlar o'rnatilmoqda. Tok transformatori, ajratgichlar, o'chirgichlar, OPN uchun usolar o'rnatilib, montaj ishlari ham olib borilmoqda.

  Podstansiyaga 125 MVA quvvatga ega transformator o'rnatilib, hozirgi kunda ishga tushirish uchun sinov ishlari olib borilmoqda.

 

 

 

 

  Xo'sh, 113 kilometrli 220 kVli elektr tarmog'i va 125 MVA o'tkazuvchanlik quvvatiga ega yangi podstansiyaning qurilib, foydalanishga topshirilishi iste'molchilarga, jumladan Qashqadaryo viloyati aholisiga qanday naf keltiradi, dersiz...

  Yangi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda "Amir Temur" podstansiyasi, dastavval, Shahrisabz tumanining elektr ta'minoti ishonchliligini (o'tkazuvchanlik quvvatini) oshiradi, so'ng Qashqadaryo viloyati elektr ta'minotida yurtiqcha yuklama tufayli kelib chiqadigan turli nosozliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

  Bundan tashqari, "Amir Temur" podstansiyasi Shahrisabz tumanida qurilayotgan yangi tsement zavodi hamda boshqa kichik va o'rta biznes vakillari — ishlab chiqarish korxonalarining asosiy elektr ta'minoti manbaiga aylanadi. Shuningdek, yangi 220 kVli elektr tarmog'i va podstansiya Qashqadaryo viloyatining Kitob, Chiroqchi va Qamashi tumanlari iste'molchilarining elektr ta'minoti yaxshilanishiga, uning sifat ko'rsatkichlari oshirilishiga xizmat qiladi.

 

  Yuqorida keltirilgan ishlar "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari, modernizatsiya-rekonstruksiya dasturi asosidagi bajarilayotgan amaliyotlarning bir qismi, albatta.

  Muhimi, ko'zlangan maqsad, belgilangan marra aniq — ishlab chiqarilayotgan va mamlakatimizga import qilinayotgan elektr energiyasini taqsimlovchi tarmoqlarga yetkazib berish ishonchliligini oshirish, yuqori kuchlanishli podstansiya va elektr tarmoqlarining o'tkazuvchanlik quvvatini oshirish.

  Sh.M.Xolyorov, "O'zbekiston MET" AJ "Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari" filiali direktori


"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

                   t.me/uzmetaxborotxizmati

>