OAV va jamoatchilik bilan ishlash
TONGNI YORITGAN CHIROQLAR JILOSI yoxud elektr energiyasi tejamkorligi va samaradorligi quruq gapmi?
  • 12.11.2020
  • 1253

   Barchamizga ma'lum, bugun deyarli barcha vazirlik, davlat idora va tashkilotlarida matbuot kotiblari faoliyat yuritishmoqda. Prezident qarori bilan ular rahbar o'rinbosariga tenglashtirilib, maslahatchi maqomini olishgan. Aynan shu qarorda axborot xizmati xodimlari tashkilot va jamoatchilik o'rtasida mustahkam ko'prik bo'lishi lozimligi aytilgan.

   Batafsil: https://t.me/ulugbekijodnamunalari/135

   Energetika sohasi, xususan tabiiy gaz ta'minoti va elektr energetika tarmog'i kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan (iste'molning keskin oshishi va unga bog'liq bir qancha omillar ta'sirida) ijtimoiy tarmoq sahifalarida tez-tez tilga olinadi, ayovsiz tanqid qilinib, turli kinoya va asosli-yu asossiz fikr-mulohazalar girdobida qoladi.

   Matbuot kotiblari hukumat qarorlari, rahbariyat topshiriqlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining ko'rsatmalariga binoan barcha tanqid, taklif, fikr-mulohazalarni o'rganadi, mutaxassislar ishtirokida tahlil qiladi va voqea-hodisalarga munosabat bildiradi.

   OAV va jamoatchi faol kishilar (blogerlar) bilan ishlash, ko'pincha ishonch telefonlari orqali turli so'rov, shikoyat va takliflarga layoqat bilan javob berish majburiyati ham matbuot kotiblari zimmasida.

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/uz/

   Yaqinda jurnalist Nozima Toshpo'latova FM.87.9 to'lqinlari — "O'zbekiston–24" radiokanalining to'g'ridan-to'g'ri muloqotiga taklif etdi va biz mutaxassislar ishtirokida imkon qadar energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalari haqida suhbat qurdik.

   Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/5016

   Bu mavzu avvalroq jurnalist Nilufar Ahmedovaning "Bir nazar" dasturida energetika vazirligi tizimidagi aktsiyadorlik jamiyatlari matbuot kotiblari ishtirokida ham muhokama qilingan edi.

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/uz/

   Xullas, mavzu — energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalariga taalluqli fikr-mulohazalar kaminani ham davlat tashkiloti mas'ul xodimi, ham faol jamoatchi, ijodkor, ham iste'molchi sifatida qiynab keladi.

Amalimiz va so'zimiz orasidagi tafovut, tejamkorlik, oqilona foydalanish zaruriyatini bila turib amal qilmasligimiz — og'riqli masala. Axir mehnatkash xalqimizda isrof qilmaslik borasida dono naql va tushunchalarimiz bor. Samara va tejam haqida gap ketganda, tashkilotimiz rahbari bir iborani, xalqimiz orasida ma'lum va mashhur bir jumlani ko'p ishlatadi va bu naql mavzuning mazmun-mohiyatini bir lahzada ochib berganday: "Dengiz sohilida tahorat olsang ham suvni keragidan ortiq ishlatma!»

   Bugun erta tongda shahrimiz ko'chalarini kezishga qaror qildim...

   Yomg'ir yog'ib, bulutlar qovoq solib turgan bo'lsa-da soat 6:07 dan boshlab tong yorisha boshladi...

   Ishoning, 6:30 lardan boshlab inson ko'zi imkoniyatlari uchun hech qanday to'siq qolmadi va Yaratganning bashariyat uchun abadiy energiya manbasi hisoblanmish Quyosh nurlari yomg'irda havosi birmuncha tozalangan poytaxtimiz ko'chalarini yorita boshladi.

   Biroq...

Ming afsuski kechasi xavfsizlik uchun xizmat qilib, go'zal poytaxtimizning tungi ko'rkiga estetik zavq bergan chiroqlar Yaratganning nurini inkor qilganday isrof bilan ovora edi...

   So'zni uzoqdan boshlaganim uchun uzr, asl mazmun-mohiyatni chaynab tahlil qilishim shart emas. Buning o'rnini bugun tongda olingan suratlarning o'zi gapiradi...

   Marhamat, fotojamlanma bilan tanishishingiz mumkin:

 

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Bu holat faqat Toshkent shahrida degan kishi adashadi... Bunday tongni yoritgan chiroqlarni mamlakatimizning istalgan burchagida topish mumkin. Masalaning yechimi esa oson va, ishonavering, arzon!

   Harakatni ilg'ovchi sensorli moslamalarni (ularning ichida yorug'lik nisbatini mustaqil ravishda aniqlab chiroqlarni o'chirib-yoqish funksiyalari ham mavjud) yurtimizning istalgan bozorlaridan topish mumkin.

   t.me/uzmetaxborotxizmati

   Oddiydan ko'p funksionallikka ega elektr jihozlari (sifati va ish hajmiga qarab) 50 ming so'mdan 800 ming so'mgacha. Moslamalarni bitta nuqtaga o'rnatish (bir yoki bir nechta yoritqich chiroqlari ishini muvofiqlashtiruvchi, tejab, energoresurslardan oqilona foydalanishga undovchi uskuna va jihozlarni) o'rtacha 25-50 ming so'm. Ish hajmi ko'proq bo'lsa tannarxi yana-da arzon!

   Endi tasavvur qiling, tonggi 6:30 dan 8:30 gacha (gohda qoq tush paytida ham yoniq turgan chiroqlarni uchratamiz), ikki soat mobaynida bitta tejamkor 7 Vtli lampa 0,0014 kVt•soat elektr energiyasi sarflaydi. Agar ular soni 10 ta bo'lsa, 0,014 kVt•soat, mingta bo'lsa: 1,4 kVt•soat, o'n mingtasi esa 2 soat davomida 14,0 kVt•soat, 100 mingtasi esa 140,0 kVt•soat.

   Bu hisob-kitoblar shunchaki mulohaza uchun. Ammo bugun kamina suratga olgan yoritqichlar 35-50 Vt, hatto qurilish ob'ektlarida 4 va 6 bo'lmali 50-100 Vtli chiroqlar yonib turgan edi.

   Shu o'rinda bir taxminga ijozat bering. Tunda xavfsizlik uchun yoqiq qoldirilgan va eng ertasi soat 8:30 larda o'chirilgan chiroqlar mamlakatimizda (taqriban o'rtacha 17 vattli) 100 mingta deb taxmin qilaylik (7 milliondan ziyod iste'molchilarning taxminan 100 milliondan ziyod yoritqich nuqtalari — chiroqlari mavjud deb olaylik). Demak, uning bir donasi 2 soat davomida (0,017•2 soat) 0,034 kVt•soat elektr energiyasi sarflaydi. 0,034 kVt•soatni taxminiy 100 mingta tongni yoritadigan chiroqlarga (harakat va yorug'likni ilg'ovchi aqlli moslamalar o'rnatilmagan, tongda turib o'chirish unutilgan yoki bunga erinchoqlik qilingan, aksincha, pulini to'layapmanmi, istaganimcha foydalanaman, degan munosabatda bo'lingan) ko'paytiramiz: 0,034 kVt•soat ⅹ 100 000 = 3 400 kVt•soat.

Shu kecha-kunduzda mamlakatimiz bo'yicha elektr energiyasi iste'moli o'rtacha 212 mln. kVt•soat (11 noyabr — xalqaro elektr energiyasini tejash kunidagi iste'mol hajmi).

   Bu, mamlakatimizda 24 soat davomida taxminan 1 milliard 260 millionta 7 Vtli yoritqichlar uzluksiz ishlashiga yetadigan quvvat. Uni ishlab chiqarish uchun bir sutkada taxminan 50-52 mln. metr/kub tabiiy gaz, 10-12 ming tonna ko'mir, ming tonnalab neft mahsulotlari (mazut) yoqilib, taxminan 7-8 mln metr/kub suvlar yurtimiz gidroinshootlari orqali suv havzalari o'zanlariga oqizib yuboriladi.

   Tasavvur eta oldingizmi?

   Endi bir o'ylab ko'ring, iste'molchilar (yuridik va jismoniy shaxslar) harakat va yorug'likni ilg'ovchi aqlli moslamalar o'rnatsa qancha tabiiy boyligimiz iqtisod qilinib, bu quvvat boshqa samarali soha va tarmoqlarga yo'naltirilishi (aholini tabiiy gaz bilan ta'minlash, avtomobillarga siqilgan gaz yetkazib berish, kimyosanoati orqali tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish orqali ichki bozorni ta'minlash bilan birga eksportga yo'naltirish) mumkin. Uy va ofis xonalarida bekorga ishlab turgan chiroqlarni o'chirish orqali qayerdadir sun'iy nafas olish moslamasiga ulangan ahvoli og'ir bemorning umrini uzaytirish, onlayn dars o'tayotgan o'qituvchi-murabbiyning ish samaradorligini oshirib, farzandlarimiz to'laqoni ta'lim olishini ta'minlash, iqtisodiyot lokomotivi bo'lgan yirik sanoat korxonalaridan tortib kichik va o'rta biznes vakillarining ishlab chiqarish tarmog'ida ish unumdorligini oshirish, tannarxni kamaytirish va hokazo, va hokazo...

   Ishonvering, bu gaplar quruq gap emas, tag zamirida Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovon hayoti uchun xizmat qiladigan omillar bor.

Qachongacha chet elliklar unday iqtisod qiladi, rivojlangan mamlakatlarda tejamkorlik bunday ekan, deya o'zimizni o'zimiz hayratdan hayajonlanib, amalda esa buning aksini qilib yuramiz?

   Shaxsiy namuna bo'lish payti kelmadimi?!

   Farzandlarimizga, yosh avlodga qachon o'rnak bo'la olamiz...

   Maqolani qoralayotganim ichida o'nlab qo'ng'iroqlar bo'ldi... chiroq o'chdi... qachon... qaysi tashkilot... telefonni ko'tarishmayapti... yigirmanchi navbatgacha kuta oldim... ishonch raqami... kechadan buyon shu ahvol... insoflaring bormi... nega o'chirasanlar... yoqib qolishar...

   Azizlar, bu borada Sizning ham jo'yali fikr-mulohazalaringiz, tegishli takliflaringiz bo'lsa kerak. Demak, mulohazalaringizni kutib qolamiz...

 

U.P.Urunov,

"O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari

 

   Qo'shimcha ma'lumot:

   DISPETCHER ELEKTR TA'MINOTINI UZMASA NIMA BO'LADI?

yoxud tizimidagi yirik avariyalarning asosiy sabablari

   http://uzbekistonmet.uz/uz/

 

   "O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

   t.me/uzmetaxborotxizmati

>