Yangiliklar
ENERGETIKANING ASOSIY XUSUSIYATLARI: TA’MINOTNING BARQARORLIGI HAMDA ISHONCHLILIGI, ISHLAB CHIQARISHDA XAVFSIZLIK VA RIVOJLANAYOTGAN ZAMONAVIY DUNYO TALABLARIGA MOS SAMARADORLIK
  • 16.10.2020
  • 1231

  Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-sonli «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi. Farmonga muvofiq qabul qilingan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan Jamiyat mutaxassis xodimlari malakasini oshirishda energetika sohasida xalqaro ilg‘or texnologiyalar bilan tanishtirish hamda milliy dispetcherlik tizimini nazorat qilish hamda ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha (SCADA) va energiyani boshqarish tizimi (EMS) joriy etilishi bo‘yicha zamonaviy ish usullarini o‘qitish to‘g‘risidagi ijrosi amaliyotga tatbiq etilmoqda.

 

  Jumladan, PF-6079-sonli Farmonga asoslangan Jamiyat boshqaruv raisining buyrug‘ida quyidagi amaliyotlar ijrosini ta'minlash belgilangan:

· 2025-yilgacha Jamiyat resurslarini boshqarish tizimini (ERP) joriy qilgan yirik xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ulushini 90 foizga yetkazish;
· sanoat korxonalarida joriy etilayotgan ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish (ERP, MES, SCADA va boshqalar), robotlashtirish, «Internet buyumlari», «sun’iy intellekt» kabi texnologiyalarning dasturiy mahsulot qismini 2027-yilga kelib, apparat qismini esa 2030-yilga kelib davlat-xususiy sheriklik asosida mahalliylashtirish;
· kommunal xizmatlar bo‘yicha hisob-kitoblarni boshqarish uchun smart texnologiyalarni joriy qilish, intellektual servislarni joriy qilish va kommunal xizmatlarni tartibga solish uchun «aqlli uy» tajribasini joriy etish kabilar nazarda tutilgan.
 

  Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi energetika tizimida milliy dispecherlik tizimini nazorat qilish va ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha (SCADA) va energiyani boshqarish tizimi (EMS) joriy etilishi rejalashtirilgan.

  Bu haqda batafsil ma'lumotlarni Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytidan o‘qib oling: -http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/529

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi» to‘g‘risidagi PQ-4249-sonli qaroriga asosan «Xodimlar tayyorlash markazi» MChJning tugatilganligini inobatga olib, xodimlar malakasini oshirish o‘quv muassasasi sifatida Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish institutining qo‘shimcha kasbiy ta'lim federal davlat avtonom o‘quv muassasasining tajribasiga tayanib, ular bilan hamkorlikda ishlash taklifi berildi.

 

  Dastlabki kasbiy malakani oshirish o‘quv kurslari 2020-yil 6-iyul sanasida (pandemiya sharoitidan kelib chiqib onlayn shaklda) boshlangan edi. Unda yuqori kuchlanishli podstansiyalarda mehnat faoliyati yuritayotgan operativ xodimlardan iborat 15 nafar mutaxassislar uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

  Bu haqda batafsil ma'lumotlar bilan Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytida tanishing: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/428

 

  Dastlab o‘quv kurslarida o‘z malakasini oshirgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining yosh muhandislari, masalan muhandis Nurlan Umbetov, Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish institutining qo‘shimcha kasbiy ta'lim federal davlat avtonom o‘quv muassasasining ma'ruzalaridan kelib qiqqan holda o‘zlarining ilmiy maqolasini chop etdi.

  Bu haqda batafsil ma'lumotlar Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-saytida: http://uzbekistonmet.uz/ru/lists/view/438

 

  Ayni paytda ham yurtimizda karantin qoidalari yumshatilganicha yo‘q. Hozirgi pandemiya sharoitida masofadan muloqot qilish maqsadga muvofiq deb topilgan holda o‘qitishni joriy etishda vebminar tashkillashtirilib, «O‘zbekiston MET» AJ filiallari rahbar-xodimlardan iborat 20 nafarining o‘qitilishi rejalashtirilmoqda.

  Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya Federatsiyasining Peterburg energetika malaka oshirish institutining qo‘shimcha kasbiy ta'lim federal davlat avtonom o‘quv muassasasi bilan hamkorlikda mutaxassis-xodimlarni o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida quyidagi amaliyotlar ijro etilishi nazarda tutilgan:

· Jamiyatning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi hamda ustoz-shogird an'analariga muvofiq ish yuritadigan Ustozlar guruhi Hamdo‘stlik mamlakatlari mutaxassislari bilan doimiy ravishda aloqa o‘rnatib, energetika sohasidagi rivojlangan mamlakatlar tajribasi va malakasini o‘rgangan holda soha mutaxassislarini qayta tayyorlashda yangi kirib kelayotgan texnologiya va qo‘llanma namunalarini tatbiq etiladi, shu bilan birga, kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq bir qator vazifalarning ijrosi ta'minlanadi;
· o‘qitilishi rejalashtirilayotgan xodimlar malaka oshirish kurslarini tugatganlaridan so‘ng mutaxassisligi bo‘yicha sertifikatlar taqdim etiladi;
· «ENERGO-IT» filiali tomonidan vebminar jarayonini uzluksiz va sifatli aloqa bilan ta'minlanadi;
· Axborot xizmati tomonidan mutaxassis xodimlar malakasini oshirishda amalga oshirilayotgan istiqbolli ishlar mavzusini Jamiyat veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari, shu bilan birga, yetakchi OAV va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi kanallarida keng yoritilishini ta'minlanadi;
· Ustozlar guruhi tomonidan energetika sohasidagi rivojlangan Hamdo‘stlik mamlakatlari mutaxassislari bilan fikr almashgan holda hamkorlikda o‘qitish jarayoni kuzatib boriladi va malaka oshirish kurslarining samaradorligi baholanib boriladi.

 

  E'tiboringizga Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish instituti rektori, professor Aleksandr Nikolaevich Nazarichyovning murojaatini havola etamiz:

  Assalomu alaykum, aziz hamkasblar! Sizlarga Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish institutidan salom yo‘llayman. O‘zimni tanishtirishimga ijozat bering: institut rektori — professor Aleksandr Nazarichyov. Sizlarga o‘zaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan o‘quv kurslarining ahamiyati haqida ikki og‘iz o‘z fikrimni bildirib o‘tmoqchiman.

  O‘tgan yili biz hurmatli Dadajon Aynaqulovich bilan uchrashib, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda Peterburg energetika malaka oshirish instituti o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edik. Mana, hamkorligimizning navbatdagi bosqichi arafasida turibmiz. Ikki tomonlama hamkorligimiz o‘zaro samarali davom etayotganidan mamnunman.

 

  Bugungi tezkor davrda iqtisodiyotni raqamlashtirish kun tartibidagi dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolgani hyech kimga sir emas. Bu haqda hukumatlararo uchrashuvlarda Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raqamlashtirish jarayonidagi hamkorlikning ikki davlat strategik sherikligida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlab o‘tgandilar. Darhaqiqat, energetika sohasida, xususan elektr energetikasi tarmog‘ida, umuman olganda, elektr energiyasini ishlab chiqarishdan tortib to iste'mol qilinishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish — davr talabi! Muxtasar aytganda, energetika sohasining asosiy xususiyatlari: ta'minotning barqarorligi hamda ishonchliligi, ishlab chiqarishda xavfsizlik va rivojlanayotgan zamonaviy dunyo talablariga mos samaradorlik. Va albatta, mazkur jarayoni IT-texnologiyalarsiz, internetsiz, elektr tarmoqlarini zamonaviy muhandislik topilma-yechimlariga muvofiq modellashtirishsiz tasavvur etish mumkin emas.

 

  Shu bois, men siz azizlarga «IT-texnologiyalar va raqamli transformatsiyalarni joriy qilish sharoitida elektr uzatish liniyalari hamda podstansiya elektr uskunalarini ekspluatatsiya qilish» deb nomlangan dastur bo‘yicha o‘quv kurslarini davom ettirishni taklif etaman. Ushbu dastur o‘z ichiga quyidagi masalalarni qamrab oladi:

· Operatsion dispetcherlik nazorati;

· Raqamli transformatsiya va energiya bozorlarini rivojlantirish sharoitida elektr tarmoqlarini tezkor dispetcherlik nazoratini tashkil etish;

· Axborot texnologiyalari asosida ishlashga yo‘naltirilgan tarqatish tarmoqlari va elektr uzatish magistral tarmoqlar uchun zamonaviy elektr jihozlari;

· Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruv tizimlari va podstansiyalar uchun jarayonlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlari;

· Sanoatning raqamli transformatsiyasi sharoitida raqamli podstansiya tushunchasi;

· SKADA tizimlarining tezkor axborot komplekslari;

· Elektr tarmoqlarini raqamlashtirish sharoitida podstansiyalar va havo liniyalarining elektr jihozlarini ularning texnik holatiga qarab ta'mirlashni tashkil etish;

· Zamonaviy rele himoyasi va avtomatlashtirish jarayonining zamonaviy qurilmalari.

 

  Albatta, ushbu mavzular qamrab olingan dasturdagi bilimlarni o‘zlashtirish bilan zamonaviy raqamli texnologiyalariga o‘tish jarayoni tugab qolmaydi... Ammo, shunga qaramay, bu masalalar bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida ham, O‘zbekiston Respublikasida ham elektr ta'minotining ishonchliligi va xavfsizligini kafolatlaydigan amaliyot sari yetaklaydi.

  Ishontirib aytamanki, sankt-peterburglik o‘qituvchi-murabbiylar, energetika sohasining ham nazariy, ham amaliy bilimlariga ga yetuk mutaxassislar sifatli va samarador hamkorlik uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladilar. Pandemiya sharoitda masofadan turib o‘tkaziladigan onlayn o‘quv mashg‘ulotlari sohaning taraqqiyoti va hamkorlikni mustahkamlash uchun xizmat qiladi, degan umiddaman.

   Barchaga salomatlik tilayman. Xayr! E'tiboringiz uchun tashakkur!

 

  Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-sonli «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining ijrosi bo‘yicha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida olib borilayotgan ishlar haqida Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-sayti orqali batafsil ma'lumotlar berib boramiz.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

Ахborot 24 | Elektr tarmoqlari tizimida raqamli iqtisodiyotga o`tish

>