Yangiliklar
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: SAMARALI FOYDALANIB KELINAYOTGAN RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA ULARNING ISTIQBOLDAGI REJALARI
  • 08.10.2020
  • 2585

2020-yil — Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili

    Bugungi kundagi taraqqiyot ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. XXI asrda internet tarmog‘i jamiyat hayotining turli sohalariga kirib kelishi bilan «elektron hukumat», «elektron savdo», «raqamli iqtisodiyot» kabi atamalar paydo bo‘ldi.

 

Ushbu atama ilk bor 1995-yilda Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte tomonidan tilga olingan.

Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte

  Raqamli iqtisodiyot — bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish tizimi bo‘lib, bunga onlayn xizmatlar, masofaviy ta'lim, elektron to‘lovlar, tovar va xizmatlarning internet-savdosi misol bo‘la oladi.

  Buni qarangki, O‘zbekiston energetika sohasida, xususan elektr energetikasi tarmog‘ida bir necha yillardan buyon raqamli texnologiyalardan samarali foydalanilib kelinadi. Ayni paytda esa ularni har tomonlama mukammal, zamonaviy dasturlar hisobiga yangilash, takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

  Bugun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida amaliyotda qo‘llanilayotgan va endi amaliyotga tatbiq etilayotgan raqamli texnologiyalar bilan birma-bir tanishib chiqamiz.

 

   MILLIY DISPETCHERLIK MARKAZIDA

  «O‘zbekiston MET» AJ Milliy dispetcherlik markazi zamonaviy raqamli texnologiya dasturlaridan bir necha yillardan beri samarali foydalanadi. Birgina elektr energiyasi ta'minoti umumtizimida ishlab chiqarish va iste'mol o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, tizimda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarga qarshi rele himoyasi va avtomatika tizimining tezkor choralari, oddiy til bilan aytganda, yuqori kuchlanishli havo liniyalarining aynan qayerida nosozlik (!) nima sababdan ro‘y berganini bir necha kilometr uzoqdagi boshqaruv pultidan turib bilish va soniyalar ichida holatni barqarorlashtirish uchun kerakli topshiriq-ko‘rsatmalarni berish — Milliy dispetcherlik markazi tomonidan samarali foydalanib kelayotgan raqamli dasturlarning bir qismidir.

  Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati rahbar kadrlari, jarayonga bevosita mas'ul bo‘lgan Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari elektr energiyasi import va eksport amaliyotlarini, shu bilan birga, viloyatlar kesimida elektr energiyasi iste'molini onlayn rejimda kuzatib turishi — «O‘zbekiston MET» AJda raqamli texnologiya dasturlaridan samarali foydalanish ishlari allaqachon boshlab yuborilganining isbotidir. Hozirda ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada takomillashtirish bosqichida.

  Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining USAID agentligi bilan hamkorlikda energetika tizimining ish rejimlarini hisoblash uchun mo‘ljallangan DigSilent Power Factory dasturi o‘zlashtirilib, bir necha xodimlar ushbu dasturda ishlash borasida dastlabki tayyorgarlikdan o‘tdi va tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.

 

  Bugungi kunda DigSilent Power Factory dasturidan foydalanishni keyingi bosqichlari bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ushbu kompyuter dasturining qo‘llanilishi elektr energetika tizimi ish rejimlarini hisoblash ishlarini yengillashtiradi, uning natijalari sifatliligini ta'minlaydi hamda energetika tizimi ish rejimlari to‘g‘risidagi kerakli ma'lumotlarni «on-line» tarzda olish imkonini beradi.

  Bundan tashqari, Jahon Banki bilan hamkorlikda O‘zbekiston energetika sohasidagi avtomatlashtirilgan boshqarish tizimini raqamli texnologiyalarga o‘tkazish, ya'ni mavjud operativ-axborot kompleksini zamonaviy SCADA/EMS tizimi bilan almashtirish borasida ishlar boshlab yuborilgan. Bu tizimning qo‘llanilishi O‘zbekiston energetika tizimini operativ boshqarish jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avariyaviy vaziyatlarning oldini olish, ularni zudlik bilan bartaraf etish imkonini beradi.

 
 

  Yillar davomida energetika tizimidagi issiqlik va gidroelektr stansiyalari asosan bitta joydan, ya'ni Milliy dispetcherlik markazidan telefon aloqasi orqali— mutaxassislarning o‘zaro muloqoti yordamida boshqarib kelinar edi. Endilikda energetika tizimida zamonaviy, yuqori samardorlikka ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmali uskunalar hamda shamol va quyosh energiyasidan foydalanuvchi yirik quvvatli qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalarini operativ boshqarish jarayonini amaliyotga tadbiq etish bosqichma-bosqich takomillashtirib borilmoqda.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, SCADA/EMS tizimining tadbiq etilishi Milliy dispetcherlik markazi operatorining ish faoliyatini birmuncha yengillashtirish bilan birga samaradorlik ko‘rsatkichini keskin oshiradi. Shuningdek, zamonaviy texnologiya axborot uzatish sifatini oshiradi va yuqorida sanab o‘tilgan stansiyalar, energetika tizimiga kiritilishi mo‘ljallangan raqamli podstansiyalarni masofadan turib elektron dastur orqali boshqarish imkonini beradi.

  Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar OAV va jamoatchilikka ma'lum qilib borilmoqda: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/4745

 

   ENERGIYA TEJAMKORLIGI VA SAMARADORLIGIDA

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil PQ-4422-sonli «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJda «2020–2022-yillarda elektr energiyasini tejash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlari rejasi» ishlab chiqilgan. Shu tadbirga asosan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish maqsadida 7 ta 500 kV kuchlanishli podstansiyalarda quyosh suv isitkichlari o‘rnatildi.

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qarashli barcha podstansiyalarda elektr energiyasi oqimini nazorat qilish va hisobga olish tizimi (ASKUE) joriy qilingan bo‘lib, magistral elektr tarmoqlari filiallari o‘z tasarrufidagi podstansiyalarda barcha elektron hisoblagichdagi ma'lumotlarni onlayn rejimida ko‘rish imkoniyati yaratilgan. Buning natijasida elektr energiyasi oqimi to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, tashqi ta'sirdan himoyalangan, ya'ni inson tomonidan o‘zgartirish kiritish imkoniyatlariga barham berilgan. Podstansiyaga kirib kelayotgan va uzatilayotgan elektr energiyasi oqimi balansini kunning istalgan paytida kuzatib borish, tegishli tartib-qoidalariga ko‘ra nazorat qilish mumkin.

 

   So‘zimizning isboti tariqasida 220 kVli «Keles» podstansiyasining ish faoliyatiga nazar tashlashimiz mumkin. Podstansiyada barcha elektr uskunalar zamonaviy bo‘lib, dispetcher o‘z xonasidan turib barcha o‘chirish-yoqish ishlarini amalga oshirishi mumkin. Elektr uskunalarining holati monitorda ko‘rinib turadi. Tarmoqlarda o‘rnatilgan hisoblagich ko‘rsatgichlari ham monitorda aks etgan. Demakki, zaruriyat tug‘ilganda podstansiyadan bir kunlik yoki bir oylik elektr energiyasi oqimi bo‘yicha aniq ma'lumotlarni qisqa muddatda olish imkoniyatiga ega.

  Gap raqamli iqtisodiyot haqida ketganda zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish orqali tejalgan va iqtisod qilingan mablag‘lar haqida gapirish o‘rinli. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan elektr energiyasini tejash va energiyani uzatishda optimal rejim hosil qilinishi natijasida texnologik yo‘qotishlar yillar davomida kamayishiga erishib kelinmoqda. Buni quyidagi jadvalda ko‘rishimiz mumkin:

Texnologik yo‘qotishlar yillar davomida kamayib bormoqda

  TARMOQNING RAQAMLASHTIRISH JARAYONI TARIXI

O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasida, xususan elektr energetika tarmog‘ida raqamlashtirish 1992-yilda birinchi mikroprotsessorga asoslangan RHA qurilmalari o‘rnatilishi bilan boshlangan edi.

Keling, tarmoqqa raqamli ish dasturiga ega elektr uskunalari kirib kelish bosqichining xronologiyasi bilan tanishamiz...

· 1992-yili 500/220/10 kVli «Toshkent» podstansiyasiga «EKRA» rusumli favqulodda vaziyatlarni qayd etuvchi registratorlarga «FPM-1M» tipidagi SHJAQ — shikastlangan joyni aniqlovchi qurilmalar o‘rnatildi;
· 1995-yili 220/110/6 kVli «Sho‘rtan» va 220/110/6 kVli «Ko‘kdumaloq» podstansiyalarida elektron dasturlarning dastlabki ko‘rinishlariga ega «Bresler» rusumli avariyaviy hodisalarni qayd etib borish moslamalari ishga tushirildi;
· 2003-yili «PVZU-Y» va «UPASK AKA-16 «Kedr» rusumli mikroprotsessorli elektron signallarni qabul qilish va uzatish xususiyatiga ega moslamalar bosqichma-bosqich o‘rnatilishi boshlandi. Shuningdek, «Retom-21» va «Retom-VCH» rusumli sinov moslamalari xarid qilinib, amaliyotda qo‘llanila boshladi. Misol uchun, o‘sha yilda 500/220/10 kV kuchlanishli «Qorako‘l» podstansiyasida «Neva» tipidagi mikroprotsessorli favqulodda hodisalarni qayd etuvchi qurilmalar o‘rnatilgan edi;
· 2009–2012-yillarda esa 500 kVli havo liniyalari va 500/220/10 kVli avtotransformatorlarga avariya va nonormal holatlardan himoya qiladigan «EKRA» tipidagi mikroprotsessorli himoya shkaflari hamda «Neva» va «Bresler» tipidagi favqulodda hodisalarni qayd etish moslamalari 500/220/10 kVli «O‘zbekiston», 500/220/10 kVli «Lochin», 500/220/10 kVli «Qorako‘l» va 500/220/10 kV «Sug‘diyona» podstansiyalarida keng foydalaniladigan bo‘ldi. Shu bilan birga, 110–220 kVli havo liniyalarida «ITS Bresler» rusumli mikroprotsessorlar asosida himoya terminallari 220/110/10 kVli «Ishtixon», 220/110 kV «Samarqand» va 220/110/35 kVli «Kattaqo‘rg‘on» podstansiyalarida samarali ishga tushirildi
...va bularning bari elektr energetika sohasiga kirib kelayotgan raqamli texnologiyalarning dastlabki shakllari edi.
 

  Hozirgi vaqtda energetika inshootlarini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalar tarkibiga mikroprotsessorlar asosida himoya terminallari, avariyaviy himoya tizimi, shu bilan birga, raqamli axborot almanishuviga asoslangan favqulodda vaziyatlarni qayd etish moslamalari kiradi.

 Bu, avvalo, xavfsizlik choralari, so‘ngra foydali ish unumdorligi va bugungi kun — zamon talabi!

  Xullas, ayni paytda Jamiyatda anchayin takomillashgan «Retom-21», «Retom-VCh», «Retom-61» va «Omicron-SMS-356» rusumli mikroprotsessorli qurilmalar xarid qilinib, rele himoyasi va avtomatika tizimida samarali foydalanilmoqda.

  Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash lozimki, «O‘zbekiston MET» AJ mutaxassis xodimlari o‘z malakalarini oshirgan holda elektr ta'minotida muhim ahamiyat kasb etadigan rele himoyasi va avtomatika tizimini raqamli texnologiyalarning so‘nggi avlodi bilan boyitib borish ustida bir qancha yutuqlarga erishgan.

 

YAGONA TEXNOLOGIK ALOQA TARMOG‘I

  Raqamli texnologiyalar haqida so‘z borganda albatta aloqa vositalari va elektrqurilma va jihozlariga markazlashtirilgan holda xizmat ko‘rsatish tizimi ham nazarda tutiladi. Shu maqsadda «O‘zbekiston MET» AJ tarkibidagi «Energo-IT» filiali mutaxassislari tomonidan Elektr energetikada yagona texnologik aloqa tarmog‘i (EEYTAT) joriy etilgan. Bu elektr energetikasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va iste'mol qilishning geografik taqsimlangan xususiyatini hisobga olgan elektron dasturlarning eng muhim tarkibiy qismlardan biridir. Oddiy so‘z bilan ifodalaganda, bu umumiy texnik va texnologik tuzilma bo‘lib, tashkiliy tamoyillar bilan birlashtirilgan vositalar, tugunlar va aloqa tarmoqlari majmui hisoblanadi.

  Sohadagi yagona texnologik aloqa tarmog‘i elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashdagi texnologik jarayonlarni, tezkor dispetcherlik nazorati va elektr energetikasining ishlab chiqarish faoliyatini nazorat qilishni ta'minlashga mo‘ljallangan. Mazkur aloqa tizimi orqali elektr tarmoqlari kompleksining kuzatuvchanligini yaxshilash va natijada operativ dispetcherlik va texnologik boshqaruv darajasini oshirish uchun («obyekt–dispetcherlik markazi» tamoyilida) xizmat ko‘rsatadigan yo‘nalish hisoblanadi.

  Bir so‘z bilan aytganda, ushbu tizim elektr tarmoqlarini raqamlashtirishdek strategik vazifalarni bajarishda asosiy yordamchidir.

 
1. Elektr tarmoqlari orqali yuqori chastotali aloqa liniyalarining uskunalar – 460 dona;
2. Misli kabel tarmoqlari – 357 km;
3. Yashin urishidan (chaqmoqdan) himoya qiluvchi optik tolali simlar – 1702 km, uskunalari – 149 dona;
4. Radiorele liniyalari – 806,5 km, uskunalari – 48 dona;
5. Tarmoq aloqasi uchun radiostansiya tugunlari – 243 ta;
6. Ishlab chiqarish avtomatik telefon stansiyasi uskunalari va dispetcherlik aloqa vositalari – 114 dona;
7. Telemexanika tizimlari uskunalari – 138 dona;
8. Uzluksiz elektr ta'minoti uskunalari – 68 dona.

  Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi 4699-sonli qaroriga asosan «O‘zbekiston MET» AJda raqamlashtirish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda. Maqsad esa aniq — Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tizimi samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni optimallashtirish maqsadida ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi — ERP dasturini, shu bilan birga, yuqorida ta'kidlanganidek, dispetcherlik boshqaruvi va ma'lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi — SCADA dasturini joriy qilish shular jumlasidan.

 

  Bir so‘z bilan aytganda, sohada raqamli iqtisodiyot unsurlarini amaliyotga tatbiq etish — tejamkor, samarador va tezkor ish tamoyillari asosida Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar majmuidir. 

  Ushbu ma'lumotnoma tayyorlanishida «O‘zbekiston MET» AJ Milliy dispetcherlik markazi — Tizim xizmatlari bo‘yicha bosh boshqarma boshlig‘i A.Mirzayev, «Energo-IT» filiali direktori Z.Sagdiyev, Elektr energiyasi texnologik sarflarini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i S.Eshonqulov va Markaziy rele himoya va elektr avtomatikasi xizmati boshlig‘i M.Lukmanovlar taqdim etgan ma'lumotlardan foydalanildi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

Ахborot 24 | Elektr tarmoqlari tizimida raqamli iqtisodiyotga o`tish

>