OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Energetika vazirligi tendersiz tuzilayotgan shartnomalar bo‘yicha izoh berdi»
  • 11.06.2024
  • 147

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumida BAAning Masdar kompaniyasi va Saudiya Arabistonining  ACWA Power kompaniyasi bilan shamol elektr stansiyasi va elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish yuzasidan Energetika vazirligi shartnomalar imzolagandi. Bu kelishuvlar hech qanday tendersiz amalga oshirilgan. Nima uchun bitimlar tanlovsiz o‘tkazilayotgani bo‘yicha energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Daryo”ga izoh berdi.

Umid Mamadaminov
Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Umid Mamadaminovning aytishicha, o‘tgan 2023-yilda Energetika vazirligiga qisqa muddatda katta miqdordagi ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq tushgan.

 
Agar hozir xalqaro moliya institutlarini yollaydigan bo‘lsak, tender o‘tkaziladigan bo‘lsa, tenderdan avval texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish talab etiladi. Bunga bir yil vaqt ketadi. Konsultant yollashni o‘ziga 6 oy ketadi. Tender o‘tkazilguncha 2 yil o‘tib ketadi. Ana undan keyin tender jarayoni bo‘ladi va qurilish ishlari boshlanadi, — dedi energetika vaziri o‘rinbosari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Energetika vazirligi bozordagi eng yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borib, eng past va maqbul narxlarni tanlab, ularni qisqa muddatda ishga tushirishni rejalashtirgan.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumida tuzilgan shartnomalar:

  • O‘zbekistonda bir nechta elektr stansiyalar qurib kelayotgan Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi forum davomida Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlarida energiya saqlash tizimlarini qurish (elektr energiyasini sotib olish) bo‘yicha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan bitim;
  • ACWA Power kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurish (6,2 mlrd dollar);
  • Amea Power kompaniyasi (BAA) bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish (1,1 mlrd dollar).

 

Manba: https://daryo.uz/2024/05/24/energetika-vazirligi-tendirsiz-tuzilayotgan-shartnomalar-boyicha-izoh-berdi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>