O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar muammosi 2027-2030 yillargacha to‘liq hal etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev 22 aprel kungi matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
“Elektr energiyasi yetkazib berish sohasida “iznos” – eskirib ketganlik darajasi qariyb 40 foizni tashkil qiladi. 274 ming kilometrlik elektr havo tarmoqlarimiz mavjud bo‘lsa, shundan 122 ming kilometri, ya’ni 44,5 foizi eskirgan. 94 mingdan ziyod transformatorlarimizdan eskirganlari 33 mingtani tashkil qilyapti.
Toshkent shahrida ham uzilishlar bo‘layotgani haqida savol berdingiz. O‘tgan yili davlatimiz rahbarining shaxsan e’tiborlari, g‘amxo‘rliklari bilan sohaga juda katta e’tibor qaratildi. Xabaringlar bor, 14,5 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Biz bu mablag‘ga sohani ancha-muncha modernizatsiya qilish ishlarini amalga oshirib oldik. To‘g‘ri, 100 foiz ta’mirlab oldik deyolmaymiz. Qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni 100 foiz deb oladigan bo‘lsak, bu mablag‘ga 18-20 foizi qilindi”, – dedi Toshxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ hisobiga o‘tgan yili respublika bo‘ylab 100 ta podstansiya ta’mirlangan, yangilari qurilgan, 11 mingdan ortiq transformator ta’mirlangan, 34 ming kilometrlik havo uzatish tarmoqlari yotqizilgan, bir nechta yangi generatsiyalar ishga tushirilgan: umumiy 2067 MW quvvat tarmoqqa yangi qo‘shilib, jami quvvat 21,7 GW'ga yetgan.
“Lekin baribir sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar nihoyatda ko‘p. Bu degani narx oshdi va biz bir zumda iste’molchilarga sifatli, uzluksiz, barqaror elektr energiyasi yetkazib beramiz degani emas. Aytib o‘tganimdek, bir yilda katta mablag‘ evaziga 18-20 foiz ishni amalga oshirgan bo‘lsak, oldimizda yana kamida 3-4 yillik ish turibdi. 3-4 yildan keyin – 2027-2030 yillargacha nasib qilsa elektr energiyasi yetkazib berishda ham, tabiiy gaz yetkazib berishda ham hech qanday muammolar bo‘lmaydi deb va’da bera olamiz.
Sababi tizimdagi korxonalar shu paytgacha juda katta miqdorda – har yili 14 trln so‘mgacha subsidiyalashtiriladi. Endi agar shu subsidiyalarga sarflab kelingan mablag‘lar sohani modernizatsiya qilishga yo‘naltirilsa, biz ancha-muncha ishni amalga oshirib olishimiz mumkin bo‘ladi. Qolaversa, sohani subsidiyalashga 14 trln so‘m, o‘tgan yili tarmoqni modernizatsiya qilishga 14,5 trln so‘m ajratildi dedik, mana shu ortadigan summani boshqa sohalarga – ijtimoiy soha obektlarini qurishga, maktablarga, bog‘chalarga, poliklinikalarga, tibbiyot muassasalarining ta’minotini yaxshilashga sarflash mumkin bo‘ladi.
Aytib o‘tganimdek, darrov zo‘r bo‘ladi degan kafolatni bermayman. Oldimizda 3-4 yillik uzoq va og‘ir, mashaqqatli mehnat turibdi”, – dedi energetika vazirining matbuot kotibi.
Hasan Toshxo‘jayevga ko‘ra, o‘tgan kuz-qish mavsumida avariyaviy o‘chishlar soni bir yil oldingiga nisbatan 6,5 baravarga kamaygan.
“O‘tgan yili 14,5 trln so‘mga ta’mirlash ishlarini amalga oshirdik, deb aytdim. Buning samarasini nazarimda bu yil Toshkent shahrida hamma sezdi, nazarimda. Respublika miqyosida oladigan bo‘lsak, 2022-2023 kuz-qish mavsumida 7943 ta avariyaviy o‘chishlar bo‘lgan edi. 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumida mana shunday avariyaviy o‘chishlar soni 1259 taga, ya’ni qariyb 6,5 baravarga qisqardi. Bu – juda katta gap.
18-20 foiz atrofida qilingan ish bilan shunchalik natijaga erishdik. Endi tasavvur qilinglar, mana shu ishlar kelgusi 3-4 yilda ham agar amalga oshiriladigan bo‘lsa, biz o‘chishlar va boshqa holatlar bo‘yicha vaziyatni qay darajada yaxshilaymiz. To‘g‘ri, bu bir kunda bo‘ladigan ish emas. Yuqorida ham aytdim, ma’lum bir muddat kerak. O‘chishlar bo‘lib turishi mumkin, lekin oldingidek emas”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2023 yil dekabrda bergan interyusida O‘zbekiston “kelasi yildan boshlab elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini 100 foiz qoplay oladigan bo‘lishi”ni aytgandi.
Vazirning aytishicha, 2024 yil oxiridan boshlab energotizimda lokal darajadagi turli avariyalar ro‘y berib turishi mumkin, lekin elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari eng yuqori iste’mol davrlarida ham talabni qondira oladigan darajaga yetadi. “Agar bu vazifani bajara olmasak, men va tizimdagi barcha mas’ullar ishlashga noloyiqmiz”, degandi Mirzamahmudov.
Manba: https://kun.uz/78421240
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati