Yangiliklar
«AXBOROT-24» DASTURI: «XORAZM» PODSTANSIYADAGI MODERNIZATSIYA DASTURI HAMDA TAXIATOSHDAN SARIMOYGACHA 220 KVLI ELEKTR TARMOG‘INI QURISH INVESTITSION LOYIHASI HAQIDA
  • 14.09.2020
  • 976

  Sanoat korxonalari iqtisodiyotimizning lokomotivi hisoblanadi. Mahalliy xomashyolarni qayta ishlash evaziga tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ichki bozor ehtiyojini to‘ldirish bilan bir qatorda mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga ega yirik korxonalar soni va quvvatini oshib borishi — Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustivor yo‘nalishdan biri ekanligi barchamizga ma'lum.   

 

 

 

  Elektr ta'minoti tizimining barqaror faoliyati esa tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning tayanchi hisoblanadi. Bu borada aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishdek dolzarb masala borligini ham unutmasligimiz kerak.

 

 

  Xo‘sh, elektr energetikasi tizimida qanday islohotlar amalga oshirilmoqda? Biz mamlakatimizning shimoliy-g‘arbiy qismida, xususan Xorazm viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdik...

 

 

  «O‘zbekiston» milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati iste'molchilar, ijtimoiy soha obyektlari, o‘rta va kichik biznes hamda yirik sanoat korxonalarini sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlashning ishonchliligini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar olib bormoqda. Ma'nan va jismonan eskirgan elektr uskunalari yangi, zamonaviy, ixcham foydalanishda birmuncha qulayliklarga ega yuqori quvvatli elektr qurilma va jihozlariga almashtirilmoqda.

 

 

  Jumladan, ayni paytda «Xorazm» podstansiyasida mavjud 125 MVA (mega volt amper) quvvatga ega eski avtotransformatorlar Xitoydan keltirilgan yangi, har biri 200 MVA quvvatga ega zamonaviy avtotransformatorlarga almashtirilmoqda.

 

 

  2020–2021-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, joriy ta'mirlash, ya'ni yuqori kuchlanishli podstansiyalar va havo liniyalari iyul–avgust oylarida kuz-qish mavsumiga to‘liq tayyorlandi. Ayni paytda Investitsion loyihalar doirasida bir nechta podstansiyalarda avtotransformatorlar va kuch transformatorlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, o‘rta va kichik hamda yuqori kuchlanishli elektr qurilmalari, rele himoya va avtomatikasi, aloqa jihozlari va akkumulyator batareyalari, temir-beton va metall mahsulotlari, kabel va simlar sharnoma asosida xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinib o‘rnatildi va o‘rnatilmoqda.

 

Xoliq Boboyorovich Elmurodov, «O‘zbekiston» milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari

 

  Bugungi kunda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Osiyo Taraqqiyot Banki, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda O‘zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida bir nechta investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. ««Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha 220 kVli elektr uzatish liniyasini qurish» investitsion loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-iyundagi PQ-2541-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Hududiy qamrovi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlari. Loyiha qiymati:  258,5 mln. AQSh dollari miqdorida.

 

 

  Maqsadi esa aniq  — mamlakatimizning shimoliy-g‘arbiy energotizimi iste'molchilari elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatida elektr energiyasi tanqisligini kamaytirish. Shuningdek, mazkur loyihaning yakuniy natijalariga ko‘ra Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati va boshqa toifalangan obyektlar elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish nazarda tutilgan.

  Loyiha doirasida 1241 dona tayanch ustunlari o‘rnatish va 364 km uzunlikdagi 220 kVli havo elektr uzatish tarmog‘ini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari to‘liq bajarilgan. Yangi elektr tarmog‘ini qurishda Amudaryodan o‘tish joylarida 72 metrli metall konstruksiyali tayanch ustunlari o‘rnatildi. Havo liniyalari kuchlanish ostida sinov amaliyotidan muvaffaqiyatli o‘tdi va «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Navoiy tog‘-kon metallurgiya zavodining Zarafshon shahridagi tashqi obyektlariga sinov tariqasida yetkazib berildi. Endi, yuqorida zikr etilganidek, «Xorazm» podstansiyasida modernizatsiya ham yangi «Sarimoy» o‘chirib-yoqish punktidagi ishlar yakuniy bosqichida davom ettirilmoqda.

 

 

  Mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlari hududlarida istiqomat qiluvchi aholi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, kichik va o‘rta biznes hamda sanoat korxonalarini sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ravishda ta'minlashni kafolatlash uchun xizmat qiladi. Loyiha doirasida 56 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratilishi nazarda tutilgan, «Xorazm» podstansiyasining o‘tkazuvchanlik quvvati oshirilib,  yuqori kuchlanishli «Sarimoy» o‘chirib-yoqish punkti foydalanishga topshiriladi.

 

 

 E'tiboringizga «O‘zbekiston-24» telekanalining rus va o‘zbek tilidagi «Axborot-24» dasturida efirga uzatilgan lavhani havola etamiz.

 

Axborot 24 | «Xorazm» podstansiyasini modernizatsiya qilish va sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ta'minlash 

#uzbekiston24 

© «O‘zbekiston–24» telekanali

 

Ulug‘bek Urunov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>