O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — Bosh qomusimizda «Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega» deb belgilab qo‘yilgan. Oila va mahalla instituti «oliy tarbiya maktabi», deya bejiz e'tirof etilmagan. O‘zbek xalqi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharmu hayo, mehru oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avval oilada shakllanishini ko‘ramiz. Demak, OILA atalmish institutning mukammalligi davlat va jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq.
Davlatimiz rahbari milliy-ma'naviy qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda oila va mahalla institutini rivojlantirish, bu sohada yillar davomida e'tibordan chetda qolib kelgan bo‘shliq va muammolar yechimi yuzasidan tegishli davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari oldiga dolzarb vazifalarni qo‘yayotgani ham bejiz emas.
Barchangizga ma'lum, 2020/2021-yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida. Yurtimizda joriy etilgan va qariyb besh oy davomida barcha soha va tarmoqlarga o‘zining salbiy oqibatlarini ko‘rsatgan pandemiya karantini paytida ijtimoiy muhofaza masalalari nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu kunlarda karantin qoidalari biroz yumshatilgan bo‘lsada, hanuz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga moslashmoqdamiz.
Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ham mehnat faoliyati olib borayotgan ko‘p ming sonli ishchi-xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor berilmoqda. Jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi hamda filiallarning boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan 2020/2021-yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan 3 nafar va undan ko‘p maktab yoshidagi farzandlari bo‘lgan xodimlar ro‘yxati shakllantirilib, ishchi-xodimlarning birinchi sinfga boradigan bir nafar farzandiga o‘quv qurollari sovg‘a tarzida taqdim etildi.
Bugun, «O‘zbekiston MET» AJ Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan Markaziy boshqaruv apparati xodimlarining 13 nafar farzandlariga o‘quv qurollari va maktab sumkasi sovg‘a qilindi. Ishchi-xodimlar Jamiyat tomonidan oilaga ehtirom, aniqrog‘i farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan ko‘pfarzandli oilalarga bunday e'tibor uchun o‘z minnatdorligini bildirishdi.
Ushbu jarayon — o‘quv qurollari va maktab sumkasini taqdim etish Jamiyatning boshqa filiallarida ham davom etmoqda. Misol uchun, shu kunlarda «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali kasaba uyushmasi tomonidan filial xodimlardan 41 nafarning farzandiga o‘quv qurollari sovg‘a qilindi. Shu kabi va boshqa — ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoiti yaratish, ijtimoiy himoya masalalari haqida Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida yoritib boramiz.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston MET» AJ ning 2019–2021-yillarga mo‘ljallangan Jamoa shartnomasining 7.9-bandida “Ikki va undan ortiq maktab yoshidagi farzandi bo‘lgan xodimga, yangi o‘quv yili arafasida xarid qilinadigan darsliklar va o‘quv qurollari qiymatini qoplash uchun moddiy yordam ajratiladi”, deb belgilangan.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati