Yangiliklar
PANDEMIYA SHAROITIDA YASHASH VA ISHLASHGA MAJBURMIZ
  • 11.07.2020
  • 1048

   Muhtaram jamoadoshlar, Jamiyatimiz ishchi-xodimlari!

   Yurtimizdagi bugungi sharoit barchamizga kundek ayon. Butun dunyo aholisini sarosimaga solib turgan koronavirus balosi, afsuski, bizning hududimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Kun sayin bu ofatga yo‘liqqan bemorlar safi kengayib bormoqda. Shuning barobarida, ming afsus, aholi o‘rtasidagi yo‘qotishlar ham talaygina.

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, jumladan, shunday dedi:

– Barchamiz guvohi bo‘lib turibmiz, afsuski, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Qator mamlakatlarda kasallikning ikkinchi to‘lqini boshlanayotgani barchamizda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bugungi holat shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu infeksiyaga qarshi kurashda qandaydir «sehrli retseptlar» hali yo‘q. Jahon hamjamiyati, dunyodagi eng yirik ilmiy markazlar, eng kuchli olimlar bu ofatga davo topish uchun qattiq izlanmoqda. Va bunday tadqiqotlar tez orada o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb umid qilamiz. Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarining kasb malakasi va jasorati, huquq-tartibot idoralari xodimlarining fidoyiligi, shuningdek, karantin davridagi qat'iy intizom mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni nisbatan barqaror saqlash imkonini bermoqda. Lekin bu xotirjamlikka berilish, masalaga yengil-yelpi qarash uchun asos bo‘lmasligi kerak. Chunki, iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 ming 167 nafarga ko‘paygan. Shundan 1 ming 267 ta (58%) holat aholi orasida aniqlangan. Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski, bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda. Bu barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart. Biz mamlakatimizda koronavirus aniqlangan kundan boshlab qayta-qayta ta'kidlab kelmoqdamiz: bu juda murakkab sinov va og‘ir kurash bo‘ladi. Bu kurashda ko‘p narsa o‘zimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga temir intizom bilan, qat'iyat va jipslikda ish ko‘rishimizga bog‘liq. Lekin, ming afsuski, aholi o‘rtasida ko‘pchilik mana shu talablarga to‘la amal qilmayapti. Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari kun sayin ko‘paymoqda.

   Biz barchamiz bu boradagi ahvolni o‘zgartirish uchun, avvalo, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak. Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda tegishli rahbarlarimiz tizimlar kesimida xodimlarning belgilangan cheklovlarga qat'iy amal qilishi va karantin talablari bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatmog‘i lozim.

   Butun dunyoda ming-minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan bunday xatarli ofatga aslo beparvo va yengil qarab bo‘lmaydi!

   Kasallikning biror-bir kichik belgisini o‘zingizda sezdingizmi, darhol shifokorga murojaat qiling. O‘zingizcha uyda davolanishga urinmang. O‘zingizga va oila a'zolaringiz taqdiriga nisbatan beparvo va befarq bo‘lmang!

   Xalqimiz, oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulug‘ boylik ekan, bu o‘ta muhim masalada befarq bo‘lib, karantin talablarini buzishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Buni hech kim, avvalo, barcha rahbar va mutasaddilar hech qachon unutmasligi lozim.

   Bugungi murakkab vaziyatda barchamiz «O‘z sog‘lig‘ingni, o‘z bolangni, o‘z oilangni o‘zing asra!» degan shiorga «o‘z mehnat jamoangni ham» degan so‘zlarni qo‘shgan holda amal qilib yashashimiz kerak. Ayni vaqtda faoliyatimizni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga o‘rganishimiz, barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni temir intizom bilan davom ettirishimizga to‘g‘ri keladi.

 

   Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, yurtimizda 10-iyuldan 1-avgustga qadar kuchaytirilgan karantin davri joriy etildi. Ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlar, avvalo, mazkur kasallikni tezroq bartaraf etish, aholi salomatligini asrashga qaratilgan. Shu maqsadda, bir safda faoliyat yuritib kelayotgan barcha hamkasblarimiz, jamoadoshlarimizga o‘ta hushyorlik bilan ish olib borishimiz lozimligini yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchiman. Zero, «bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun» degan aqidaga amal qilib yashash — ayni bugungi kunning talabidir.

   Xulosa shuki, barchasi o‘zimizga, o‘z xatti-harakatlarimizga bog‘liq. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan berilgan tavsiyalarga rioya eting.

   Biz mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovati, metin irodasi va qat'iyatiga to‘la ishonamiz. Ishoning, mamlakatimizda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e'tiboridan chetda qolmaydi!

   Yaratganning o‘zi butun insoniyatni, O‘zbekiston xalqini, shu qatori ko‘psonli energetiklarni ham o‘z panohida asrasin!

   Aziz do‘stlar!

   Salomatligimiz — eng katta boylik ekanligini barchamiz yaxshi his etamiz. Demak, mana shu «xazina»mizni turli ofat va balolardan asrash – o‘z qo‘limizda ekanligini aslo unutmaylik!

 

 D.A.Isaqulov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati t.me/uzmetaxborotxizmati

 t.me/deputatisaqulov 

>