Yangiliklar
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI QARORI: SIRDARYODA BUG‘-GAZ ELEKTR STANSIYASI QURILADI
  • 20.08.2020
  • 1154

   2020-yil 10-avgust kuni “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–4799-son) qabul qilindi.

   Qarorga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “The International Company for water and power projects” (Saudiya Arabistoni) (Investor) va “Acwa Power Sirdarya” MChJ (Loyiha kompaniyasi) o‘rtasidagi Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya bitimi tasdiqlandi.

   Investitsiya bitimi u imzolangan kundan e'tiboran kuchga kiradi (2020-yil 6-martda imzolangan).

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/   

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/

 

 

   ✅ Qaror bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ma'qullandi.

   ➡️ Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda faqat "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJga sotadi.

   Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, istisno tariqasida, quyidagi huquqlar beriladi:

   - kreditlash, chet el valyutasidagi mablag‘larni olish va ulardan foydalanish uchun chet eldagi xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish hamda respublikadagi hisobvaraqlaridan xorijdagi hisobvaraqlariga pul mablag‘lari o‘tkazish;

   - O‘zbekistonning tashqarisidagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish.

 

Manba: Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram-kanali: https://t.me/huquqiyaxborot/

 

   E'tiboringizga qarorning to‘liq matnini havola etamiz.

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

 

SIRDARYO VILOYATIDA QUVVATI 1 500 MVt BO‘LGAN YANGI ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI QURILISHINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

 

   Elektr energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hamda iqtisodiyot tarmoqlarini va aholini energiya resurslari bilan barqaror va sifatli ta’minlash maqsadida:

   1. Quyidagilar:

   a) O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “The International Company for water and power projects” (Saudiya Arabistoni) (keyingi o‘rinlarda — Investor) va “Acwa Power Sirdarya” MChJ (keyingi o‘rinlarda — Loyiha kompaniyasi) o‘rtasida 2020-yil 6-martda qiymati 1,2 mlrd AQSh dollariga teng bo‘lgan Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini (keyingi o‘rinlarda — investitsiya loyihasi) to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirish bo‘yicha Investor majburiyatlarini nazarda tutuvchi investitsiya bitimi (keyingi o‘rinlarda — Investitsiya bitimi) imzolanganligi;

   b) Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Investor nomidan O‘zbekiston Respublikasida ish yuritadigan Loyiha kompaniyasi ta’sis etilganligi;

   v) “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida 2020-yil 5-martda Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim (keyingi o‘rinlarda — Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimi) tuzilganligi, unga muvofiq:

   Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ timsolidagi yagona xaridorga sotish majburiyatini olganligi;

   “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini olish va elektr energiyasi uchun to‘lovni milliy valyutada amalga oshirishi;

   “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasini olti oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida Loyiha kompaniya foydasiga chet el valyutasida tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz bank kafolati taqdim etishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

   2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Investor va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi Investitsiya bitimi tasdiqlansin.

   Belgilansinki, Investitsiya bitimi u imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

   3. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasidagi Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim ma’qullansin.

   4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Sirdaryo viloyati hokimligiga Loyiha kompaniyasi va investitsiya loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etayotgan kreditorlar bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida imzolangan bitimlar bo‘yicha majburiyatlar loyiha kompaniyasi tomonidan bajarilmagan taqdirda Loyiha kompaniyasi huquqlarini kreditorlarga berish yuzasidan bitimlar tuzish huquqi berilsin.

   5. Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimga muvofiq “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga:

   Loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini olti oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida Loyiha kompaniyasi foydasiga O‘zbekiston Respublikasining yuqori darajadagi reytingi bo‘lgan tijorat bankining tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va chet el valyutasida shartsiz bank kafolati taqdim etilsin;

   investitsiya loyihasi ehtiyoji uchun tabiiy gaz va texnik suv yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga hamda jalb qilinadigan chet el investitsiyalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarini, istisno tariqasida, chet el valyutasiga bog‘lagan holda belgilashga ruxsat berilsin.

   6. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘ztransgaz” AJ “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimda ko‘zda tutilgan hajmlarga va parametrlarga muvofiq Loyiha kompaniyasiga tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berish to‘g‘risida shartnomalar imzolanishini ta’minlasin.

   Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘ztransgaz” AJning aybi bilan tabiiy gaz va texnik suv yetkazib berilmasligi natijasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Loyiha kompaniyasiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan barcha turdagi jarima va boy berilgan foyda summalarini to‘lab berish majburiyati yuzasidan agarda shartnomada boshqa shartlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa, tabiiy gaz va texnik suv yetkazib beruvchilar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ oldida qonun hujjatlariga muvofiq regress tartibida javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilsin.

   7. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, istisno tariqasida, quyidagi huquqlar berilsin:

   kreditlash, chet el valyutasidagi mablag‘larni olish va ulardan foydalanish (shu jumladan, boshqalardan tashqari chet el valyutasida kredit mablag‘lari tushumlari) uchun chet ellardagi xorijiy banklarda bank hisobvaraqlari ochish hamda respublikada ochilgan bank hisobvaraqlaridan xorijda ochilgan bank hisobvaraqlariga pul mablag‘larini o‘tkazish;

   O‘zbekiston Respublikasining tashqarisidagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga to‘lovlarni O‘zbekiston Respublikasidagi bank hisobvaraqlari orqali o‘tkazmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirish.

   8. Sirdaryo viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha kompaniyasiga Investitsiya bitimi va Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimda ko‘rsatilgan shartlarda qonunchilikda belgilangan tartibda yerni ijaraga berish bo‘yicha shartnoma imzolasin va investitsiya loyihasini amalga oshirish muddatiga teng davrga yer uchastkasi ajratib bersin.

   9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Investitsiya bitimi qoidalariga muvofiq imzolangan bitimlar yuzasidan yuridik xulosalar bersin.

   10. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekologiya ekspertizasidan o‘tkazilishini hamda investitsiya loyihasini amalga oshirishda tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilikka rioya etilishini ta’minlasin.

   11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Loyiha kompaniyasining buyurtmanomalariga asosan investitsiya loyihasini amalga oshirish davrida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga, shuningdek ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari rasmiylashtirilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda ta’minlasin.

   12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Loyiha kompaniyasi buyurtmanomalariga asosan investitsiya loyihasini amalga oshirish davrida ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga, shuningdek ularning oila a’zolariga ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishini, berilishini (muddati uzaytirilishini) hamda vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tishini va uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

   13. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Loyiha kompaniyasi buyurtmanomalariga asosan O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy ishchi kuchini (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmaganlar orasidan) jalb etishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini), shuningdek xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda ta’minlasin.

   14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

   Toshkent sh.,

   2020-yil 10-avgust,

   PQ-4799-son

 

   (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2020-y., 07/20/4799/1154-son)

 

   uzbekistonmet.uz PREZIDENT QARORLARI: http://uzbekistonmet.uz/oz/

 

O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>