Yangiliklar
RASMIY BAYONOT: TA'SIR ETUVCHI BIR NECHTA OMILLAR SABABLI ELEKTR TA'MINOTI TIZIMIGA 0,8–1,0 % MIQDORDA CHEKLOVLAR KIRITILMOQDA
  • 24.07.2020
  • 1020

   Elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshayotgan so‘nggi kunlarda, ya'ni joriy yil 21-iyul kunidan boshlab, energotizimda ishlab chiqarilayotgan va iste'mol etilayotgan elektr energiyasi orasida nomutanosiblik vujudga kelib, natijada energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta'minlash (energotizim parametr ko‘rsatkichlarini me'yor darajasida saqlash) maqsadida respublika iste'molchilariga cheklovlar kiritilmoqda. Respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5–2,0 mln.kVt•soat ni tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste'molning (195,6 mln. kVt•soat) 0,8–1,0 % ini tashkil etadi.

   Shu bilan birga, respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta'minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘lmoqda.

   Ma'lumot uchun, Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yil 16-iyul kuni soat 02:33da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan «Regar» va «Surxon» podstansiyalarini bog‘lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog‘i orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va import miqdori sutkalik o‘rtacha 12,0 mln.kVt•soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygan.

 

 

   Shartnomaga asosan elektr energiyasi importi shartnomasi sentabr oyigacha bo‘lganligi sababli issiqlik stansiyalariga iyul oyiga elektr energiyasi importini qoplash uchun yoqilg‘i ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta'mirga chiqarilgan.

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/uz/

   Shunga qaramasdan, joriy rejimlarda elektr stansiyalarga shartnomada ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 % ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilmoqda, aniqrog‘i issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 mln. kVt•soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25–30 mln. kVt•soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda.

   Tojikiston energotizimidan import miqdorining keskin kamaytirilishi «Nurek» suv omboriga suv kelishining prognoz ko‘rsatkichlardan kamligi va suv sathining pastligi sababli Tojikistonning «Barki Tochik» kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirildi.  

   Bundan tashqari, respublikamizda joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida shartnomaviy miqdorga nisbatan kunlik 6-7 mln. kVt•soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 mln. kVt•soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda va bu ham, o‘z navbatida, elektr energiyasi tanqisligini yuzaga keltirmoqda.

 

 

   Mavjud holatni barqarorlatirish maqsadida «O‘zbekiston MET» AJ o‘z vakolatlari doirasida «Turmenenergo» kompaniyasi bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolangan  bo‘lib,  ushbu amaliyotning boshlanishi 2020-yil 28-iyuldan kutilmoqda.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>