OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — OTB O‘zbekiston elektr taqsimlash tarmog’ini raqamlashtirishga yordam beradi
  • 21.09.2023
  • 171

Manila, Filippin (2023-yil 20-sentabr) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekistonga energiya samaradorligi va elektr energiyasi xizmatlari ishonchliligini oshirish uchun energiya taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yordam berishga qaratilgan 200 million AQSh dollari miqdoridagi qarzni maʼqulladi.

“Taqsimlash tarmogʻini raqamli transformatsiya qilish va barqarorligini oshirish” loyihasi doirasida respublika hududlaridagi 26 ta taqsimlovchi podstansiyalar raqamli podstansiyalarga, jumladan, dispetcher nazorati va maʼlumotlarni yigʻish (SCADA) tizimiga modernizatsiya qilinadi. Raqamli himoya relesi va iqlimga chidamli loyiha podstansiyalarning tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo hodisalar paytida ishlash ishonchliligi va chidamliligini oshiradi, shuningdek, mintaqaviy elektr taʼminotidagi uzilishlarning oldini oladi.

— Oʻzbekistonning eskirib qolgan taqsimlash tarmogʻini modernizatsiya qilish mamlakatning uzoq muddatli yashil va kam uglerodli strategiyasi uchun muhim ahamiyatga ega, — dedi OTBning Markaziy va Gʻarbiy Osiyo boʻyicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov. — Biz nafaqat energiya xizmatlari sifatini yaxshilash, balki issiqxona gazlari chiqindilarining koʻpayishiga olib keladigan elektr energiya yoʻqotishlarini kamaytirish orqali toza energiyaga oʻtishni osonlashtiradigan ushbu loyihani qoʻllab-quvvatlashdan mamnunmiz.

Oʻzbekistonning taqsimlash tizimi 7,6 million maishiy va sanoat isteʼmolchilariga xizmat koʻrsatadi. Xonadonlarni 100% elektrlashtirishga erishilganiga qaramay, mamlakat asosan 1960-yillarda qurilgan eskirayotgan va haddan tashqari yuklangan infratuzilma tufayli ishonchsiz elektr taʼminotidan aziyat chekmoqda. Elektr taʼminotidagi uzilishlar hozir ham davom etmoqda va ular ayniqsa qishda, past haroratlarda isitish uchun elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj yuqori boʻlgan vaqtda yuqori darajada boʻladi, bu esa oʻz navbatida maktab va poliklinikalar kabi muhim ijtimoiy xizmatlarining faoliyat yuritishi murakkablashtirishiga olib kelmoqda.

Oʻzbekistonda energiyaga boʻlgan talab 2019-yildagi 67 teravatt-soatdan 2030-yilda 120,8 teravatt-soatgacha oshishi kutilmoqda. Hukumat 2030-yilga qadar mavjud 12,9 GVt quvvatga qoʻshimcha ravishda 17 gigavatt (GVt) miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyatini qurishni, jumladan, 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

— Ushbu loyiha Oʻzbekistonga mamlakatning ortib borayotgan talabini qondirish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha energiyani ishonchli yetkazib berish imkonini beradi, — dedi OTBning Energetika boʻyicha bosh mutaxassisi Sun Dak Kim. — Shuningdek, yetkazish va taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish, aqlli va moslashuvchan tizimlar quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiya manbalarining oʻzgaruvchanligini yaxshiroq boshqarish imkonini berishini hisobga olsak, mamlakatga qayta tiklanadigan energiyani tarmoqqa koʻproq integratsiya qilish imkonini beradi.

OTB loyihasi, shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ (HET) davlat taqsimlash kompaniyasining moliyaviy boshqaruv salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi. Bundan tashqari, HET da gender tamoyillarini joriy etishni institutsiyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, HET va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida talaba qizlarni oʻqitish orqali ayollar va qizlarning energetika sohasida ishtirokini ragʻbatlantirish maqsadida, 250.000 AQSH dollari miqdoridagi texnik yordam granti taqdim etiladi.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) qisman OTB tomonidan boshqariladigan 70 million yevro (taxminan 75 million AQSH dollari) miqdorida qoʻshma moliyalashtirishni taqdim etadi.

Ma’lumot uchun: ushbu qarz 25 yil muddatga beriladi, shundan 5 yillik muddati imtiyozli hisoblanadi. Loyiha 2023-yil oktabr oyidan 2028-yilning mart oyiga qadar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston OTBga 1995-yilda aʼzo boʻlgan. Bugungi kunga qadar bank tomonidan mamlakatga 10,8 milliard AQSh dollari miqdorida qarzlar, grantlar va texnik koʻmak taqdim qilingan.
 

Manba: OTB

https://minenergy.uz/uz/news/view/3256

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>