OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — «Elektr energiyasi narxi oshirilsa, boylar ko‘proq to‘lashi lozim» – Germaniyadagi o‘zbek energetigi bilan suhbat
  • 17.07.2023
  • 119

Sirdaryolik Ravshan Xo‘janov uzoq yillardan beri energetika sohasida faoliyat yuritadi. U 2007-yildan beri Germaniyada yashab kelmoqda. Mutaxassis qanday qilib Germaniyaga borib qolgani, u yerdagi hayoti, O‘zbekistonga qaytib, Moliya vazirligida ma’lum muddat ishlagani, mamlakatda energetikaning kelajagini qanday ko‘rishi haqida Kun.uz’ga gapirib berdi.

 

 

Energetika sohasiga qiziqishi haqida

 

— Sobiq ittifoq davrida qurilgan Markaziy Osiyodagi eng katta elektrostansiya bizning shahrimiz (Shirin)da edi. 1972-yilda qurilgan, quvvati taxminan 3 ming megavatt. Otam o‘sha stansiyada ishlardi. O‘zim bu sohaga kirib kelishim 1995-yilda Toshkentga kelishimdan boshlangan. Toshkent davlat texnika universitetining energetika fakultetida elektrostansiyalar yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni bitirganman. Keyin 2 yil energetika menejmenti yo‘nalishida ham o‘qiganman. Shundan so‘ng Shirin shahridagi kasb-hunar kollejida bosh muhandis-pedagog va maxsus fan o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlaganman.

O‘sha paytda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida kasb-hunar kolleji o‘qituvchilarining malakasini oshirish loyihasi bo‘lgan. 2003-yilda nemis tilini o‘rganib, 2004-yilda 6 oyga malaka oshirish uchun Germaniyaga borganmiz. Germaniyadagi ilm-fanga bo‘lgan e’tiborni ko‘rib shu yerda ishlashni maqsad qilib, 2007-yilda Germaniya akademik almashinuv dasturi doirasida 10 oylik qisqa muddatli stipendiya yutib olganman va oilam bilan ko‘chib kelganman.

Bu yerda Amaliy texnika universitetida IESlarini modernizatsiya qilish va unga muqobil energiyani tatbiq etish bo‘yicha loyihalar qilib, asosan, Germaniyaning fondlari orqali mablag‘ olib, loyihalarni O‘zbekistonga yo‘naltirganmiz.

Germaniyada qanday qilib qolib ketgani haqida

— 10 oylik dastur tugagach, u yerda germaniyalik olimlar hamda muhandislar bilan IESlarda yoqilg‘ini tejash uchun quyosh elektrostansiyalaridan foydalanish bo‘yicha fikrlashganmiz. Shunda biz “Volkswagen” kompaniyasi, Germaniya ta’lim vazirliklariga loyihalar topshirib, grant yutganmiz. Shunday loyihalar asosida o‘zbek va nemis olimlari birgalikda ishlaganmiz. 2010-yilda birgalikdagi birinchi grantimiz “Volkswagen” tomonidan berilgan, keyinchalik “Aleksandr Humboldt” grantini ham yutganmiz. Ketma-ket loyihalar ulanib ketavergach, Germaniyada qolish muddatim uzaygan.

Loyihalarimizga mablag‘ olganimizdan keyin 2011-yildan 2018-yilgacha O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi turli loyihalarda rahbar bo‘lib ishlaganman. 2016-yilda yangi hukumat kelgach, xorijdagi o‘zbekistonlik mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish boshlandi. Men ham shu asosida 2019-2022-yillar davomida O‘zbekiston Moliya vazirligida davlat energetik korxonalari boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlaganman.

Moliya vazirligidan ketib, yana Germaniyaga qaytgani haqida

— 2019-2022-yilning oxirigacha O‘zbekistonga bir o‘zim borib ishladim, oilam Germaniyada qolgandi. Oldin bir yil o‘zim yashab ko‘rib, yashash sharoitlari, oylik daromadlarini hisoblab, to‘g‘ri kelsa, oilamni olib boraman, degandim. 2020-yilda pandemiya bo‘lib, u taxminan 2 yilga cho‘zilib ketdi. 2022-yilda oilamni O‘zbekistonga olib bordim.

O‘zbekistonda nemis maktabi yo‘q bo‘lgani uchun farzandlarimni o‘zbek maktabiga berdim. Hamma nemis maktabi borligini aytgandi, menimcha, esa unday maktab yo‘q. Faqat nemis tiliga ixtisoslashtirilgan o‘zbek maktabi mavjud. Nemis maktabi deyilganda fizika, matematika, botanika, kimyo, biologiya fanlari shu tilda o‘tilishi tushuniladi. Farzandlarim o‘zbek tili maktabida tushunishi qiyin bo‘lgani uchun o‘qiy olishmadi. Keyin mana shunday sabablar tufayli o‘tgan yili Germaniyaga qaytishga majbur bo‘ldik. Baribir farzandlarim shu jamiyatda tug‘ilib o‘syapti.

Oilaviy sabablarga ko‘ra, Germaniyada yashab, faoliyatimni olib bormoqdaman. Lekin bu davlatda ishlasam ham O‘zbekistonga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida Germaniya va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida turli muzokaralar olib borib, ularning O‘zbekistonga sarmoya olib kirishi uchun harakat qilyapman.

O‘zbekistondagi energetika sohasiga baho

— O‘zbekiston energetikasini Germaniyadagi bilan solishtirsak, katta ijobiy siljishlar ham, o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor. Agar tartib bilan o‘z o‘rnida qilinsa, bu narsa ham o‘z yo‘lini topib ketadi. Misol uchun, O‘zbekistonda elektr energiyasi tannarxi juda arzon — 3 sent. Germaniyada bu narx hozir 50 sentga chiqdi. Germaniyada maoshlar ancha yuqoriligini aytishadi, lekin shunday bo‘lsa ham oylik bilan elektr toki narxining o‘rtasidagi farq 10 barobar emas. Shuning uchun bu holatga shaffof qarash kerak deb hisoblayman.

Bizda ham elektr energiyaning narxini ma’lum miqdorda ko‘tarishsa, sohaga investorlar kirishi ortadi, aholi uyining tomiga quyosh panellarini o‘rnatib, davlatga sotishi ham mumkin. Faqat bitta muammo bo‘lishi mumkin, lekin uning ham yechimi mavjud. Ya’ni kam ta’minlangan aholi qatlami nima qilishi mumkin?

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining tannarxi sotilayotganidan qimmat bo‘ladi. Faraz qilaylik, 1 kilovatt elektr tokining narxi 450 so‘m. Lekin biz aholiga uni 300 so‘m qilib sotayotgan bo‘lsak, 150 so‘mini Moliya vazirligi subsidiya qiladi. Shuning uchun har bir stansiya, energetika sektori o‘zi ishlab chiqarayotgan resursning tannarxini o‘zining foydasi bilan sotadigan bo‘lsa, biz tarifni oshirimizga to‘g‘ri keladi. 

Ammo bu jarayonda kam ta’minlanganlarni himoya qilish zarur bo‘ladi. Germaniyada bu narsa yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda elektr energiya uchun subsidiya, kompensatsiya deyilmaydi. Bir oilaning umumiy daromadi va chiqimi hisoblanib, chiqimga to‘g‘rilab davlat yetmaydigan mablag‘ni qoplab beradi. Germaniyada bir yilda 3,1 trln yevro ijtimoiy himoyaga sarflaydi. Bizdayam yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi. Elektr energiyaning narxi oshirilsa, qo‘rqish kerak emas. Bunda boylar ko‘proq to‘lashi, kam ta’minlanganlarni davlat himoyaga olishi kerak bo‘ladi. Kam ta’minlanganlarni himoya qilish biznes bo‘lishi kerak emas. Masalan, kam ta’minlanganlarga hozirgi narx bo‘lsa. Tariflarda 200 kilovattdan keyin oshirilgan narx bo‘lsa, odamlar tejashga harakat qiladi.

Germaniyada hamma narsa: elektr energiya ham, boshqasi ham xususiy. Misol uchun, 2007-yilda Germaniyada ikkinchi marta ish faoliyatimni boshlagan bo‘lsam, professorimdan gaz, yerosti boyliklari yo‘q bo‘lishiga qaramay, bu mamlakatda nima sabab chiroq o‘chmasligini so‘ragandim. Shunda u: “biz aqlimiz bilan ishlab, yangi texnologiyalarni sotamiz”,– degan edi. Haqiqatan ham Germaniyada chiroq hech qachon o‘chmaydi, chunki bu xususiy. Agar o‘chib qolsa, [chiroq] egasini jarimaga tortishimiz mumkin. O‘chib qolgan “svet” evaziga pul beradi, muzlatgichda biror narsa erib ketsa yoki sifati buzilsa, muzlatgich ishlamay qolsa ham uning o‘rnini qoplab beradi.

To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchilar Mirvohid Mirrahimov, Shohruz Abdurayimov,
Montaj ustasi Shohruz Abdurayimov.

Manba: https://kun.uz/uz/news/2023/07/16/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>