OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — “Bu bo‘rini itga talattirishdek gap” — iqlimshunos jazirama yozda elektr tarmoqlarini taʼmirlash noto‘g‘riligi haqida
  • 13.07.2023
  • 139

Foto: “Daryo”

Energotizmda taʼmirlash ishlarini jazirama yozda emas, balki aprel va oktyabr oylarida tartibli, keng miqyosda amalga oshirish vaziyatni yumshatadi. Bu haqda iqlimshunos Erkin Abdulahatov Telegram–kanalida fikrlarini bayon qildi.

Erkin Abdulahatovning yozishicha, joylarda +40 daraja va undan yuqori issiq harorat kuzatilayotgani birinchi galda energotizimga yuklamalarni oshirdi.

“Taʼmirlash ishlariga anchayin muhtoj energotizim o‘tmishda bundanda ko‘p issiqliklarni boshidan o‘tkazgan. Afsuski, oldinlari kuzatilmagan manzara, poytaxtning o‘zida ham ko‘plab tumanlarda tarmoqlar yuqori yuklamani ko‘tara olmay ishdan chiqa boshlayapti.

Energotizmda taʼmirlash ishlari jazirama yozda o‘tkazilmaydi. Bu —“bo‘rini itga talattirishdek” bir gap. Tizim o‘zining tarmoqlarida taʼmirlash ishlarini har yili mavsumning aprel va oktabr oylarida tartibli, keng miqyosda amalga oshirishi vaziyatni yumshatadi. Shunda tizim yozning issiq kunlari ham, qishning sovuq kunlarida ham muammolar girdobiga tushmaydi. Chunki yuqoridagi davrlarda tarmoqdan asosiy tokni tortuvchi aholi qatlami tashqi haroratning bioiqlimiy sharoit nuqtayi nazardan komfort ekani hisobiga ko‘p elektr energiya “isteʼmol” qilmaydi”, — deya fikr bildirgan mutaxassis.

Erkin Abdulahatovning qo‘shimcha qilishicha, barqaror elektr energiyasi bo‘lmasa, hech bir soha rivojlanmaydi.

“Barqaror elektr energiyalarisiz, tinimsiz elektr generatsiyalarni ko‘paytirmasdan turib, O‘zbekiston mintaqada na qishloq xo‘jaligida oziq-ovqat xavfsizligini barqarorlashtiradi, na suv tanqislik muammolariga yechim topadi, na ekologik muammolarni yumshatadi, na iqtisodiy rivojlanib keta oladi va na iqlim o‘zgarish xavflarini kamaytira oladi. Hammasi barqaror elektr energiya generatsiyalar va yuqori tok ishlab chiqarishga bog‘liq bo‘lib turaveradi”, — deb yozgan iqlimshunos.

Shu kunlarda respublikaning ko‘plab hududlarida elektr energiyasida uzilishlar kuzatilmoqda. Bunga tarmoqlarni taʼmirlash ishlari olib borilayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Xususan, 13-iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 08:00 ga qadar Toshkent shahrining uchta tumanida taʼmirlash ishlari tufayli elektr taʼminoti vaqtincha to‘xtatiladi.

Manba: https://daryo.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>