Savolning javobi faqat ta'minotchilarga emas, iste'molchilarga ham bog‘liqligi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filialida o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayta-qayta ta'kidlandi.
Odatda, xizmat ko‘rsatish tizimi mas'ullari bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlarda savol ko‘p bo‘ladi. Chunki, ommaviy axborot vositalari xodimlari ham iste'molchi, qaysidir xizmatlardan, deylik kommunal xizmatlardan har kuni foydalanadi, bunga ehtiyoj sezadi. Qolaversa, ish faoliyatimizda, joylarda aholi bilan uchrashuvlarimizda odamlar shu sohalar bilan bog‘liq ko‘plab masalalarda murojaat qilishadi. Arz va shikoyatlar ham kam emas.
Samarqand viloyati “elektr”chilari bilan bu galgi muloqot ham jurnalist va blogerlar ko‘rgan, guvoh bo‘lgan holatlarga javob topishga intilish, o‘z navbatida mas'ullarning ham iste'molchilarga aytadigan gaplari ko‘pligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dastlab, filial direktori Umid Nazarov, “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand bo‘limi rahbari Mahmud Pardayev, filial bosh muhandisi Farhod Salohiddinov yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Ta'kidlanishicha, bugungi kunda viloyatda 913 mingdan ortiq elektr energiyasi, jumladan, 867 ming nafar aholi iste'molchilari bor. Ularga 142 nimstansiya, 1389 fider, 12256 transformator punkti, 28 ming kilometr havo, 1089 kilometr kabel elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasi yetkazib beriladi.
Yilning birinchi yarmida viloyat bo‘yicha 83,3 kilometr tarmoq va 9 transformator mukammal, 745 kilometr tarmoq va 129 transformator joriy ta'mirlandi. Bundan tashqari, Samarqand shahrida 35/10 kV.li “Namozgoh”, 110/10 kV.li “Motrid” nimstansiyasi qurildi. Shaharda elektr ta'minotini yaxshilash maqsadida “Afrosiyob”, “Chinor”, “Sherdor”, “Amon”, “Registon” va “Sharqiy” nimstansiyalari to‘liq rekonstruksiya qilindi. Yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash uchun yangi nimstansiya qurildi. Nurobod tumanida ham 110/10 kV.li yangi – “Sazag‘on” nimstansiyasi tashkil etildi.
Shuningdek, Samarqand, Ishtixon, Payariq, Toyloq, Urgut, Qo‘shrabot, Nurobod tumanlarida 11 yuqori kuchlanishli podstansiyalarda yuklamada ishlayotgan transformatorlar katta quvvatlilariga almashtirildi. Natijada 185,8 megavatt qo‘shimcha quvvat zaxirasi yaratildi.
– Bu tizimda mavjud muammolar to‘liq yechim topdi, degani emas – dedi Umid Nazarov. – Chunki, bugungi kunda viloyatimizdagi 1145 kilometr 35-110 kV.li, 9848 kilometr 0,4-6-10 kV.li elektr uzatish tarmoqlari, nimstansiyalarda 97 kuch transformator,4183 transformator punkti qirq yildan ortiq ishlagan, ma'nan va jismonan eskirgan. 1000 dan ziyod simyog‘ochdan ellik yildan buyon foydalanilmoqda va ularni ham almashtirish zarur. Bu bir-ikki yilda bajariladigan, faqat bizga bog‘liq ish emas. Davlat va mahalliy byudjet xarajatlarining salmoqli qismini egallaydi bu ishlar. Shuning uchun tegishli dasturlar asosida, bosqichma-bosqich bajariladi. Ko‘pchilik ta'minotdagi uzilishlar va nuqsonlar bo‘lsa, bizni ayblaydi. Vaholanki, elektr energiyasidan foydalanishda iste'molchilik madaniyatini ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Tarmoqqa noqonuniy ulanish, transformatordan belgilanganidan ko‘p iste'molchining foydalanishi, eskirgan elektr energiyasi uskunalaridagi yo‘qotishlar va yana ko‘plab omillar uzilish va cheklovlarga sabab bo‘lmoqda. Yana bir masala – inspektorlar faoliyati. Ular orasida ham ayrim nopok kimsalarning borligi aholiga elektr ta'minoti korxonalariga nisbatan boshqacha fikr shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Men yaqinda ish boshlagan rahbar sifatida avvalo tizimda tartib-intizomni ta'minlash, xodimlar mas'uliyati va shaxsiy javobgarligini oshirishga e'tibor qaratyapman. Agar har birimiz zimmamizga yuklatilgan vazifa mas'uliyatini anglab ishlasak, ta'minotchi va iste'molchi o‘z majburiyatini vaqtida bajarsa ko‘p muammolarga yechim topiladi.
Matbuot anjumani davomida ikki tomonda ham aytiladigan fikrlar, savollar ko‘p bo‘ldi va ularga imkon qadar javob berildi. Yakunda ommaviy axborot vositalari va elektr ta'minoti korxonalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik nazorati imkoniyatlaridan samarali foydalanishga kelishib olindi.
☑️ @Energetika
Manba: https://t.me/Energetika/5874
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati