OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — Statistika agentligi gaz eksporti haqida batafsil ma’lumot berilmasligini izohladi
  • 05.07.2023
  • 207

Statistika agentligi rasmiysi tashqi savdo bo‘yicha e’lon qilib boriladigan statistik hisobotlar juda yuzaki ekani haqidagi savolga javoban, tovarlar kesimida eksport-import ma’lumotlari bazasi juda katta bo‘lgani uchun ular BMTning tegishli portaliga joylab borilishini aytdi. Shuningdek, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.

Foto: RIA Novosti

O‘zbekiston jamoatchiligi mamlakatning gaz eksportiga oid ayrim statistik ma’lumotlarni olish uchun Xitoy rasmiy manbalariga murojaat qilmoqda. Chunki O‘zbekistonning o‘zida bu haqda juda umumiy va kam ma’lumot beriladi.

4 iyul kuni AOKAda Statistika agentligi mas’ullari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Kun.uz muxbiri nega gaz yoki elektr energiyasi eksporti yoki importi bo‘yicha faqatgina umumiy raqamlar berib borilishi, kimga qancha miqdorda va qanday narxlarda gaz sotilgani kabi ma’lumotlar ochiqlanmasligini so‘radi.

Agentlik boshqarma boshlig‘i Botir Ergashevning aytishicha, eksport va import tovarlar kesimida ma’lumotlar bazasi yirik bo‘lgani uchun ma’lumotlar BMTning Comtrade saytiga joylab boriladi.

“Saytda hamma yillar va oylar kesimida ma’lumotlar o‘z aksini topadi. Tovarlar strukturasi 13 mingdan ziyod, ma’lumotlar bazasi juda yirik bo‘lgani uchun biz BMTning Comtrade tovarlar bazasiga ma’lumotlarni joylaymiz”, – dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi ishlab chiqilyapti.

“Unda qaysi tovar qaysi davlatga qancha miqdorda eksport yoki import qilinganiga oid ma’lumotlar davriyligiga qarab aks etadi. Bu juda katta baza bo‘ladi. O‘tgan yili xalqaro ekspertlar kelib, bu masala muhokama qilingan”, – dedi u.

E’tiborlisi, UN Comtrade portalida Xitoyga gaz eksporti haqida O‘zbekiston tomoni kiritgan ma’lumotlarni 2023 yil bo‘yicha qidiruv berish ayni paytda natija bermaydi.

Bu boradagi 2022 yilgi ma’lumotlar ham oylar kesimida kiritilmagan. Faqatgina butun 2022 yil davomida O‘zbekiston Xitoyga 848 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilganini ko‘rish mumkin. Statistika agentligi hisobotida 2022 yil davomida O‘zbekiston xorijga jami 910,9 mln dollarlik tabiiy yoki sun’iy gaz eksport qilgani, bu 2021 yilga nisbatan 25,4 foizga ko‘pligi ko‘rsatilgan.

Manba: https://kun.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>