Bekzod Kulibayev — “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent shahar filiali direktori o‘rinbosari
Foto: Gazeta.uz
Bugungi kunda Toshkent shahridagi elektr ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar rejaviy uzilishlar hisoblanadi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi poytaxt filiali direktori o‘rinbosari Bekzod Kulibayev “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, ta’minot ba’zi hududlarda prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini ta’minlash kabi rejaviy amalga oshiriladigan ishlar sababli o‘chirilmoqda.
“Bu ishlarni kuchlanish ostida amalga oshirib bo‘lmaydi, shu sababli o‘chirib ishlashga to‘g‘ri keladi”, — dedi Bekzod Kulibayev.
Shaharda, shuningdek, avariyaviy holatlar ham kuzatilmoqda, lekin uzilishlarga asosiy sabab bu emas.
“Yuqorida ta’kidlaganimdek, [uzilishlar] qarorlar ijrosini belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish maqsadida rejali o‘chirishlar hisoblanadi. Albatta, avariyaviy o‘chishlar ham bor, umuman yo‘q deb bo‘lmaydi. Bu avariyaviy o‘chishlarni qisqa muddatda bartaraf etish uchun tezkor xodimlarimiz mavjud. Bugungi kunda avariyaviy o‘chishlar kamaygan. Toshkent shahridagi kabel tarmoqlarida eskirgan joylari bor, chunki shahardagi barcha eski kabellarni to‘liq yangilab bo‘lganimiz yo‘q. Qarorda [2023-yil 11-martdagi prezident qarori] 2023−2025-yillarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqilgan. Aynan bu yilgisini yakunladik”, — dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi Toshkent shahri filiali direktori o‘rinbosari.
Bekzod Kulibayev avariyaviy holatlarning asosiy sabablari yuklamalarning ortishida bo‘layotganini, ob-havo isigandan keyin sovitish tizimlari ishlashi oqibatida yuklamalar ortganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining qator tumanlarida iyun oyi boshidan buyun elektr ta’minoti uzilishlari kuzatilmoqda. Elektr ta’minotidagi uzilishlar suv ta’minotida ham uzilish kuzatilishiga sabab bo‘ldi. Yashnobod, Yakkasaroy va Mirobod tumanlarida 8-iyun kuni bir qator aholi massivlari nasos stansiyalari elektr ta’minotidan uzilishi sabab suvsiz qoldi.
Manba: https://www.gazeta.uz/oz/2023/06/12/electricity/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati