“O‘zbekistonda raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish uchun asoslarni tayyorlayapmiz. Hozirda dastur ustida ishlayapmiz, unga ko‘ra, hududlarga elektr energiyasini tashish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar va xorijiy tajribani jalb qilamiz. Elektr energiyasini ishlab chiqarish va yakuniy iste’molchiga yetkazishda yangicha yondashuvni ko‘rsata oladigan yaxshi boshqaruvchi kompaniyalarni jalb qilmoqchimiz”, — dedi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, alohida regulyator paydo bo‘lishi kutilmoqda, u “bozor asosida tariflarni hamda energiya ishlab chiqaruvchisi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi”. Bu masalada Ozarbayjon, Turkiya va Yevropa davlatlari tajribasi o‘rganilmoqda.

“Mustaqil bo‘ladigan regulyatorga kelsak, hozirda dunyoda mavjud bo‘lgan ko‘plab yaxshi tajribalarni o‘rganmoqdamiz. Masalan, ayni paytda yangi tajriba hisoblangan tajriba, deylik, Ozarbayjonda. Bizga ularning yondashuvi yoqdi. Ular regulyatorni yaratishdi, ammo bu regulyator hozircha Energetika vazirligi qanoti ostida ishlamoqda. Nima uchun? Chunki hozir o‘rganishmoqda, sinovdan o‘tkazishmoqda va uning qanday ishlashini ko‘rishmoqda. Va shundan keyin bu regulyatorning mustaqil bo‘lishiga ruxsat berishadi”, — dedi u.

2023-yil sentabrigacha Energetika vazirligi O‘zbekistonda energetikani rivojlantirishning yangi dasturini taqdim etishni rejalashtirmoqda.

“Va ushbu dastur orqali energiya narxlarini liberallashtirish hamda ijtimoiy iste’mol normalarini joriy etishni rejalashtirmoqdamiz. Energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, uzoq muddatli maqsadlarni belgilash maqsadida energiya xarajatlarini kamaytirish va ularni turli tariflarga bo‘lishni istaymiz, chunki hozirda har bir korxona uchun gaz va elektr energiyasiga bitta tarif belgilangan. Shuning uchun biz ularni ajratib, O‘zbekistondagi har bir subyekt, har bir biznes va jamiyat qatlamiga alohida yondashmoqchimiz”, — dedi Azim Axmedxadjayev.

Energiya bozorini liberallashtirishga urinishlar

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasiga tariflar oxirgi marta 2019-yil avgust oyida ko‘tarilgan edi. Energiya resurslariga narxlarni erkinlashtirish va energetika sohasini isloh qilish bir necha bor qoldirildi.

Hukumat 2020-yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgandi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu chorani keyinga qoldirdi. 2020-yil oktabr oyida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev prezident tomonidan 2021−2022-yillarda elektr energiyasi tariflarini oshirmaslik vazifasi qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi.

2022-yil may oyida O‘zbekistonda 7,3 mln abonent elektr energiyasi iste’mol qilishini, ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilishini yozgan edik. Vaholanki, bu uy xo‘jaliklari aholi tomonidan iste’mol qilinadigan umumiy elektr energiyasining atigi 31 foizini (5,7 mlrd kVt/soat) tashkil etadi.

4 mln gaz abonentining 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha gaz iste’mol qiladi. Shu bilan birga, ular aholi umumiy iste’molining atigi 35 foizini (4,5 mlrd kub metr) tashkil qiladi.

Hukumat ko‘proq iste’mol qilganlar davlat subsidiyalarining katta qismini olayotgani sababli 2022-yil 15-iyuldan energiya iste’molining ijtimoiy normasini joriy etishni va limitlarni joriy qilishni rejalashtirgan edi, biroq keyinchalik bu boradagi qarorni keyinga qoldirdi.

O‘tgan yil oxirida prezident aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlagan holda energiya resurslariga bozor narxlarini joriy etish zarurligini ta’kidlagan edi.

Fevralda Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyev may oyida elektr energiyasi va gaz narxlarining liberallashtirilishi kutilayotganini ma’lum qilgandi. Mart oyi oxirida esa iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov 2023-yilda energiya resurslari uchun tariflarni oshirish rejalashtirilmagani, biroq bu masala muhokama qilinayotganini bildirdi.

Iqtisodchi olim Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetika sohasidagi joriy narx siyosati kambag‘allarning qashshoqlashishiga, boylarning boyib ketishiga olib kelmoqda. Energetika kompaniyalariga bozordan tashqari narxlarni qo‘llab-quvvatlash uchun berilgan milliardlab dollarlik subsidiyalar boylar uchun ko‘proq foydalidir, deya ta’kidladi u.

Ulgurji bozor

O‘zbekiston 2025-yilgacha elektr energiyasining ulgurji raqobatbardosh bozoriga uch bosqichda o‘tishni rejalashtirgan edi. Birinchi bosqichda elektr energetikasi korxonalarini liberallashtirish va elektr energiyasini sotishni xohlovchi xususiy korxonalar tomonidan litsenziyalar olish nazarda tutildi. Bunday bozor yondashuvi mahsulot sifatini yaxshilaydi va narxlarni pasaytiradi, deb taxmin qilingan edi.

Ikkinchi bosqichda elektr energiyasini taqsimlash tizimi operatori tashkil etilishi, iste’molchilarga elektr energiyasini sotish funksiyalari bosqichma-bosqich yetkazib beruvchilarga o‘tkazilishi kutilgandi. Ushbu yetkazib beruvchilar iste’molchilarga elektr energiyasini sotish uchun litsenziyaga ega bo‘lishlari mumkin.

Uchinchi bosqich — “Bir kunlik (soatlik) savdo”. Elektr energiyasini soatlik ishlab chiqarish va iste’mol qilishning ortiqcha yoki taqchil hajmlari onlayn savdo maydonchasida sotiladi.

Energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Sherzod Xodjayev esa 2022-yil iyunida yangi konsepsiyaga ko‘ra, raqobatbardosh elektr energiyasining ulgurji va chakana bozoriga o‘tish uchun to‘rt bosqich kerak bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, prezident bozorga kirmoqchi bo‘lgan har qanday tadbirkorlik subyektiga litsenziya berishi va ishlab chiqarishni boshlashi mumkin bo‘lgan aniq tartibni belgilashi uchun bozor qoidalarini tasdiqlashga ruxsat bergan.

2023-yildan boshlab xususiy kompaniyalar uchun elektr energiyasini sotish bozorini ochish rejalashtirilgan, 14 ta tuman va shaharda yuridik shaxslar elektr energiyasini sotish huquqini ega bo‘lishi kerak edi. Shuningdek, energiya bozorini boshqarishning yangi tizimiga o‘tish, energiyani ulgurji sotib olish va sotish kompaniyasi hamda sohani tartibga solish agentligini tashkil etish rejalashtirilgandi. Biroq, bu rejalar hozircha amalga oshirilgani yo‘q.

 

Sanjar S.

Manba: https://www.gazeta.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati