OAV va jamoatchilik bilan ishlash
NIYAT BITTA — O‘ZIMGA BEK BO‘LMOQLIK!
  • 28.04.2020
  • 1016

  O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat tili bo‘yicha ma'muriy kodeksga kiritayotgan o‘zgartirishlari mavzusi kutilmaganda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Muhokamaning, munozaraning yaxshi tomoni shu-ki, haqiqat bahslarda tug‘iladi. Ammo mazkur loyihani mutloq buzib talqin qilishlar, kurakda turmas haqoratomuz gaplar, kimlarnidir millatchilikda ayblash kabi razilliklarga jim qarab turolmaysan, kishi.

  Kamina ham imkon boricha (yanayam to‘g‘rirog‘i – sabrim yetgunicha) toshbosar mulohazalar bilan ma'lum muddat tanishib chiqdim. Jo‘yali fikrlar, asoslantirilgan gaplar bor anchagina. Biroq, mustaqil tuprog‘imizda yaxshi niyatlar bilan amalga oshirmoqchi bo‘lib turganimiz – tilimiz islohoti nima uchun ba'zi birovlarni junbushga keltirmoqda? (Eng alam qiladigani – qarshi fikr bildirib turganlar ham asosan O‘ZIMIZNIKILAR!) Zo‘r berib chiranishdan, dod solishdan maqsadi nima, tushunish qiyin?!

  Modomiki, bu o‘rinda arzandamiz — rus tilining bir chekkaga o‘tib, «burun tortib» qolishi xususida kuyinishlar bo‘layotgan bo‘lsa, men ularga professor Qozoqboy Yo‘ldoshning o‘ta rost aytilgan ushbu so‘zlarini keltirmoqchiman: «O‘zbekiston degan yurtda o‘zbek tilidan boshqa birorta til kamsitilgani yo‘q!»

  Ushbu mulohazalardan keyin ko‘nglimda kechib turgan bir gapni aytaymi?! Biz ba'zida ajdodlardan qolgan azaliy qadriyat deya e'zozlab, changdan olib «puf-puf»lab, ko‘nglimizga ko‘chirganimiz — o‘sha andisha (bugunda uning oti qo‘rqoq emish), yuzxotirlik, xokisorlik... (bularning ham zamonaviy nomlari bor bo‘lsa kerak) kabilarni yana tuproqqa otgim kelyapti negadir... Chunki ayni palladagi bahs sababchisi ham ular emasmi?!

  Aniqlik bilan gapiradigan bo‘lsam, o‘sha yuzxotirlik, o‘sha andisha yo‘limizga peshvoz chiqmaganida, bugundagi singari ko‘pgina islohotlarimiz 30 yil oldin amalga oshib ulgurgan bo‘lardi. Bugun esa yurtimizdagi barcha millat vakillari bilan sof o‘zbek tilida yurakdan gaplashib, Afandi latifalaridagi so‘z o‘yinlari-yu, qochirimlarni muhokama qilib, maroq bilan kulishib turgan bo‘larmidik?!.

  O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «O‘zbekiston-24» telekanali suxandoni, o‘zbek tilini ko‘pchiligimizdan tuzukroq biladigan arman qizi Arevat Grigoryan yoki bo‘lmasa taniqli boshlovchi hamda san'atshunos Manushak Petrosyan, televideniyeda oddiy montaj ustasi bo‘lib ishlab kelayotgan (o‘zbek tilida hattoki latifalar ham aytisha oladigan) haqiqiy rus yigiti Sergey Stopnevich bu kabi bitiklarimizni o‘qib qolmasin, ishqilib. Mabodo o‘qib qolguday bo‘lsa ham «bunday nojoiz gaplarni bir-biringizga otishdan muddao nima ekanligini aslo tushuna olmadik» deyishi turgan gap.

  Bizning ko‘rkam orzularimizga soya solmoqchi bo‘lgan ba'zi bir vatandoshlarimizga, o‘zga millat vakili bo‘lishiga qaramasdan o‘zbek tilimizga ehtirom ko‘rsatib, atigi 5-6 oyda puxta o‘zlashtirib olgan muhojirlarning biyron intervyularini maxsus diskka ko‘chirib, qo‘llariga tutqazish kerak.

  Bundan ancha yillar oldin «O‘zbek kurashi» degan she'r yozgan edim. Shu she'rdagi ba'zi o‘rinlar hozirgi mulohazalarimni davom ettiradiganday tuyuldi.

Bobolarim bellarida belbog‘ bo‘lgan,

Momolarim yashagan joy gulbog‘ bo‘lgan,

Va ulardan meros qolgan bu vatanning –

Yigitlari — botir, qizi — gulmoh bo‘lgan.

Suyanishib o‘z kuchi va orlariga,

Kurash tushib, yetishgandir yorlariga,

Hu tog‘larning burgutlari, sorlariga –

Mardlik, Vatan darslarini bermoq bo‘lgan.

Shaylamagan tillarini quruq so‘zga,

Vatanining tuprog‘ini surib ko‘zga,

Shu elni deb, shu yurtni deb, demay o‘zga –

Bir-birlari bilan et-u tirnoq bo‘lgan.

Oriyati baland, so‘zi undan pastmas,

«Tili botir» raqib bilan gap talashmas,

Shiori shu: «Jasurlarga jang yarashmas —

Kurashlarda kim kimligin bilmoq» bo‘lgan.

O‘zini mard sanaganlar maydon kelsin,

Farqi ham yo‘q — da'vogar kim, qaydan kelsin?

Faqat dilga halollikni joylab kelsin,

Shu shart bilan maydonlarga kirmoq bo‘lgan.

So‘zlarim ham sal olisdan boshlanganday,

Ko‘rindimi ko‘zlarim ham yoshlanganday?

Sizga nima, bo‘lsa agar qachon, qanday?!

Soylarning ham taqdirida irmoq bo‘lgan.

O‘sha irmoq bugun yana pishqirmoqda,

Go‘dak bolam barmoqlarin musht qilmoqda,

Tomirlarda boboqonim jo‘sh urmoqda,

Kelaversin «O‘zbek kim?» deb so‘rmoq bo‘lgan.

Ozodligim qaytib berdi o‘zligimni,

Yo‘g‘on bilak, yovqur, lochin ko‘zligimni,

Dunyo bildi bugun bitta so‘zligimni,

Pisib qoldi ustimizdan kulmoq bo‘lgan.

Anglash qiyin zimdan boqib, zimdan so‘rab,

«Bu so‘zlarni yozding, demang, kimdan so‘rab?»

Mag‘rurlikni jasur Yurtboshimdan so‘rab,

Bir niyatim o‘zimga Bek bo‘lmoq bo‘lgan.

G‘ururlarga to‘yintirib yuragini,

Polvonlari yer silatmas kuragini,

Ko‘kka boqmay, samolarning suratini –

Raqibining ko‘zlarida ko‘rmoq bo‘lgan.

Shashtim baland, tog‘ oshaman, qir oshaman,

Kimni ko‘rsam o‘z tilimda so‘rashaman,

Aytib qo‘yay, men o‘zbekcha kurashaman,

Menga bunda ajdodlarim o‘rnak bo‘lgan.

Bobolarim bellarida belbog‘ bo‘lgan,

Momolarim yashagan joy gulbog‘ bo‘lgan.

O‘zbegimning menday shoir bolasining –

Bir qo‘lda she'r, bir qo‘lida bayroq bo‘lgan!

 

Orif To‘xtashev, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining ma'naviyat va ma'rifat masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>