Yangiliklar
«TOSHKENT SHAHAR MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI: KARANTIN DAVRIDAGI ELEKTR TA'MINOTI
  • 25.04.2020
  • 987

  Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari hamda yuqori kuchlanishli podstansiyalarda xizmat olib borayotgan navbatchi muhandislar tashqi muhitdan izolyatsiya qilingan holda o‘z vazifa-majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Shuningdek, sohaning boshqa yo‘nalishidagi ishchi-xodimlari ham elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan taqsimlovchi hududiy tashkilotlarga yetkazib berishdek mas'uliyatli vazifani tunu kun ado etishmoqda.

Shu o‘rinda ma'nan va jismonan eskirgan elektr uskunalarini yangi va zamonaviy, yuqori quvvatlilariga almashtirish ishlari ham ish rejasiga muvofiq amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Reja asosida elektr uskunalarini joriy ta'mirga chiqarish va uning foydalanish muddatlarini birmuncha uzaytirish ham alohida ahamiyatga ega.

  Misol uchun, 220/110/10 kV kuchlanishli «Ozodlik» podstansiyasida quvvati 200 MVA bo‘lgan T-1 kuch transformatori shu kunlarda joriy ta'mirga chiqarildi. Tartibga ko‘ra barcha amaliyotlar dastlab xavfsizlik qoidalariga amal qilishdan boshlanadi va navbatchi muhandis A.Rahimberdiyev tomonidan ishchi-xodimlarga xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ish joyida yo‘riqnoma o‘tildi. So‘ng Rele himoyasi bo‘limi va Izolyasiya guruhi tomonidan transformatorning birlamchi va ikkilamchi zanjirlari tekshirildi hamda izolyasiyasi sinovdan o‘tkazildi. Podstansiyaning elektrchilangarlari tomonidan joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

  Bugungi kunda «COVID-19» (koronavirus) pandemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy qilingan karantin davrida iste'molchilarni sifatli va ishonchli elektr energiyasi bilan ta'minlashida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialining ishchi-xodimlari jonkuyarlik va fidoiylik bilan kecha-yu kunduz o‘z xizmat vazifalarini bajarmoqdalar.

  Ishchi-xodimlarning sog‘ligini himoya qilish maqsadida barcha podstansiyalarda xodimlarning tungi navbatchiligi uchun zarur sharoitlar yaratildi va oziq-ovqat mahsulotlari hamda tibbiy vositalar bilan to‘liq ta'minlandi.

  Shunisi quvonarliki, karantin bilan bog‘liq noqulay vaziyat yumshab, uning dastlabki belgilari ayni kunlarda ko‘zga tashlanmoqda: yuqumli kasallikdan sog‘aygan bemorlar soni ko‘payib, kasallikni yuqtirib olgan vatandoshlarimizning soni kamayib bormoqda.

  Eng katta xavf — kasallikning ommaviy tarzda tarqalib ketishining ma'lum ma'noda oldi olindi, ya'ni katta xavf tahdidi ortda qoldi. Endi aholi salomatligi va xavfsizligi ta'minlangan holda ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy sohalar ham o‘z bosqichlarida taraqqiyot yo‘lini davom ettiradi. Energetiklar esa har doimgidek o‘z ish o‘rnida va el xizmati yo‘lida kasbiy faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>