OAV va jamoatchilik bilan ishlash
TINIQ QALBLAR, TINIQ MAQSADLAR!
  • 21.04.2020
  • 818

  Bugun xalqimiz o‘zining cho‘ng matonati va birdamlik kayfiyati bilan har qanday ofat-u balolarga qarshi mardonavor tura olishini namoyon etmoqda. Yurtimiz aholisining aksariyati joriy etilgan karantin talablariga rioya etib, o‘z xonadonlarida, qadrdon oilasi bag‘rida sinovli damlarni sabru qanoat bilan o‘tkazyapti.

  Ha, oila —– muqaddas qo‘rg‘on. U kecha, bugun va ertaning go‘zal rishtalari tutashgan nurli maskan. Zero, kechagi kunimizni tabarruk nuroniylarimiz siymosida kuzatsak, yorqin kelajakni unib-o‘sib kelayotgan bolajonlarimizning gulgun chehralarida ko‘ramiz.

  Kundalik faoliyatimiz ko‘cha-ko‘yga mustahkam bog‘lanib qolgan ekanmi, ko‘pchiligimiz ma'lum muddatli karantin davrida uyda qolish kayfiyatini hadeganda ma'qul topmadik. Ammo chuqur tushunib yetmoq kerakki, talab barchamizga birday tegishli! Va qolaversa, bu kabi cheklov va taqiqlar mohiyatan o‘z sog‘lig‘imiz, yaqinlarimiz salomatligi, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz omonligidan so‘zlaydi. Qimmatli vaqtimizni qadrdon uyimizda, farzandlar qurshovida go‘zal mashg‘ulotlarga bag‘ishlab o‘tkazishga nima yetsin! Ertaga karantindan so‘ng istasak-da topolmaymiz bunday imkonu, fursatlarni. Karantinning har bir kuni oilamiz, farzandlarimizga qachonlardan buyon ulasholmay qolgan mehrimiz o‘rnini to‘ldirishga imkon berayotgani bilan shukuhlidir. Zero, biz o‘zbeklar bolajon xalqmiz va orzu-umidlarimizni ham aynan farzandlar kamoliga bog‘lagan holda tuyamiz.

  Shaxsan men ham ayni pallada ko‘proq fursatimni farzandlarim bilan suhbatga, ularning qiziqishi va o‘y-fikrlari bilan yaqindan tanishishga bag‘ishlayapman. Bolalar ijodkori emasmanmi, har birining o‘z tengquriga aylanib til topishib ketdim. Aziz farzandlarim bilan suhbatlarim asnosida bir narsaga amin bo‘ldimki, targ‘ibotning kuchi beqiyos ekan!

  Bugun hamma qatori bizning oilada ham televizorga har doimgidan ko‘proq e'tibor qaratyapmiz. Maqsad bitta — u ham bo‘lsa, bugungi dunyo qiyofasi va jonkuyar shifokorlarimiz ko‘magida tojdor ofat balosidan xalos bo‘layotgan yurtdoshlarimiz safining kengayib borayotganini ko‘rib ruhlanish!

  Tan olib aytish kerak, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan oqilona siyosat yuritilayotgani, kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rilayotgani hamyurtlarimizga ishonch bag‘ishlab, metin intizom bilan ish tutishga, pandemiya balosiga qarshi jipslashib kurashishga xizmat qilyapti.

  Teleekranimizda namoyish etilayotgan har bir lavhada kun kayfiyati hukmron. O‘zlarining jasoratli mehnati bilan elimiz salomatligi yo‘lida bor salohiyatini namoyon etayotgan tibbiyot xodimlarining bugungi jonkuyarligiga barchamiz birdek tahsin o‘qib turibmiz. Shu bois ish faoliyatimizda ham bolajonlarimizda kasb-hunar, ayniqsa, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, shifokorlik kasbiga bo‘lgan qiziqish, hurmatni oshirish va shu orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga katta e'tibor qaratyapmiz. Prezidentimizning mazkur sohani yanada rivojlantirish, tibbiyot kollejlarini jamoat salomatligi texnikumlari sifatida qayta tiklash haqidagi qarori bu borada eng ezgu ishlardan bo‘ldi. Bundan tashqari, sog‘ayib borayotgan bemorlar haqidagi xushxabarlarning tez-tez e'lon qilinayotgani, shifokorlarning jasorati bot-bot tilga olinib turgani ham yoshlarimiz ko‘ngliga go‘zal orzularni joylashga ulgurdi.

  Yosh avlod har doim o‘zining kelgusi hayotini ko‘z oldiga keltirar ekan, dastavval mana shu elu yurt koriga yaraydigan yetuk mutaxassis bo‘lmoq orzusida biror bir kasbni tanlash masalasiga ro‘baro‘ keladi. Bunda avvalo ota-onaning, oila muhitining o‘rni alohida. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari ham yosh avlodni kasbga yo‘naltirishda asosiy targ‘ibot manbayi vazifasini o‘taydi, desak xato bo‘lmaydi.

  Bugungi karantin davrida televideniye va radio to‘lqinlarida, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlarining zahmatli faoliyati va beorom sa'y-harakatlarining yorqin samarasidan barchamiz bahramand bo‘lyapmiz. Mana shu muhitning o‘zi farzandlarimiz ko‘nglida havasmandlik uyg‘otayotgan bo‘lsa ne ajab?

  Oilamizdan qiyos, ayni kunda 13 yoshni qarshi olgan qizim Parizoda shifokorlikka mehr qo‘yib ulgurdi. Bir so‘z bilan aytganda, endi u o‘zining kelajakdagi mehnat faoliyatini oq libosda tasavvur etmoqda. Bundan esa bizning boshimiz osmonda! Tibbiyot xodimlari oldida nechog‘liq mas'uliyatli vazifalar turganini ko‘rib-bilib turib, farzandimizning shunday qarorga kelishining o‘zi katta yutuq, aslida.

  Bundan shunday xulosaga kelaman: bugungi yoshlarimiz ibora bilan aytganda «og‘irning ustidan, yengilning ostidan» borishni mo‘ljal qilmaydilar. Ularning asl maqsadini taxminan shunday izohlash mumkin: «Meni jahondagi hech bir tengdoshimdan kam qilmay o‘stirayotgan, ta'lim berayotgan va albatta o‘z g‘amxo‘rligiga olgan Davlatim oldida bir umrga qazdorman! Havas ila mehrim tushgan kasbning mohir ustasi bo‘lib, elimiz koriga har doim shay turgan holda sadoqat bilan xizmat qilaman!»

  Bu kabi maqsadlar albatta ro‘yobga chiqadi! Zero, yosh yurakning o‘z oldiga qo‘ygan talablari zalvorli bo‘lganidek, unga qarab intilish ham shiddatli.

  Bir so‘z bilan aytganda, bugungi sinovli kunlar har birimizdan o‘z taftishimizni talab qilyapti. Ha, chindan ham, o‘z vijdoning oldida so‘roqqa tutilish lahzalari bu! Sukunat qa'riga chuqurroq kirib, o‘zimiz haqimizda o‘zimiz fikr yuritib ko‘raylik-chi?! Nogahonda quloqlarimiz ostida mana shunday «ovozlar» jaranglaydi go‘yo: «Sen kimsan, o‘zi? O‘zligingni topganmisan? Buguningdan qoniqasanmi? El-yurtga biror foydang tegdimi?»...

  Bu kabi savollarga barchamiz ham dadil turib javob berolmasak kerak. Ammo Inson bo‘lib yaraldikmi, insoniyatga nafimiz tegishi shart aslida! Mana shu tuproqqa kindik qonimiz to‘kilganmi, demak u hammamiz uchun aziz! Ushbu Yurt himoyasidamizmi, demak biz ham uning himoyachilaridanmiz!

  Mana, aksariyatimiz o‘z uyimizda karantin qoidalariga amal qilib o‘tirgan bir paytda kechani kecha, kunduzni kunduz demay qanchadan-qancha soha vakillari o‘z oromidan kechib, xizmat vazifalarini sidqidildan ado etmoqda. Milliy gvardiya, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari, Energetika, ta'lim yo‘nalishlari, xalqimiz murojaatlari bilan shug‘ullanayotgan fidoyi vatandoshlarimiz...

  Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Men yaqinda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tizimida faoliyat boshladim va sohaning nechog‘liq muhim yo‘nalishlardan biri ekaniga amin bo‘ldim. Turmush darajamiz yuksalib borayotgani sari yurtimiz aholisi tomonidan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshib borayotgani barchamizga ma'lum. Va qolaversa, barcha sohaning takomilida ham, ishlarning bir maromda davom etib turishi uchun ham elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘zi yuqoridagi fikr-mulohazamizni isbot etadi.

  Bugungi sinovli damlarni kun davomida uyda o‘tkazishga to‘g‘ri kelib turgan bir paytda xonadonimizda elektr tokining bir zum uzilishini hech birimiz ma'qul vaziyat o‘rnida qabul qilmaymiz. Uylarni qo‘ya turing, ayni pallalarda shifoxonada muolaja olayotgan, bevosita elektr quvvati bilan ishlaydigan qurilmalarga tayangan bemorlar ahvolini bir ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring!..

  Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har bir soha inson omili uchun ozmi-ko‘pmi xizmat etadi. Biroq biz mana shu singari jabhalarda jonbozlik qilib kelayotgan barcha vatandoshlarimiz oldida qarzdormiz! Bu qarzdorlik hissi mehrga, izzat-hurmatga aylanmog‘i va har bir yaratilgan shart-sharoitni qadrlab, isrofning oldini olishimiz kerak bo‘ladi...

  Ushbu mulohazalarimni qog‘ozga tushirar ekanman, bo‘lajak shifokor qizim xonamga yangi xushxabar bilan kirib keldi:

– Dadajon, tabriklayman, sog‘ayganlar soni yana 10 nafarga oshibdi!

– Rahmat, jon qizim! Avvalo xushxabar senga muborak bo‘lsin! Axir bu yutuqlar ertaga sen faoliyat yuritadigan sohaning zafari! Hamkasblaringga men ham havas qilyapman, qizim! Ilohim, hech kim kasal bo‘lmasin, bemorlar dardiga darmon bo‘layotganlarni Yaratganning o‘zi yarlaqasin!..

Qizimni tibbiyotimizning porloq ertasiga ruhlantirar ekanman, shifokorlarga bo‘lgan tilaklarim jo‘shib, bu yog‘ini nazmiy davom ettirishni lozim topdim.

El boshiga ish tushganda safarbarsiz,

Mehnatingiz asli zaxmat, shifokorlar.

Siz bor, deya xalqning ko‘ngli xatarlarsiz,

Boringizga shukur, rahmat shifokorlar!

Ishingizda bo‘lsin madad SINOlardan,

«Tomirimda buyuk tabib qoni bor», deng.

Achchiq gaplar aytsak, o‘zni tutib bardam —

«Kasbimizning biroz qattiq noni bor», deng.

Bunday paytda borligingiz — buyuk dalda,

Og‘ir kunda o‘rni qattiq sezilganlar.

Mitti bolam tili bilan so‘zlaganda:

«Ulovining otlari ters yozilganlar».

     Libosingiz rangi — ko‘ngil oqligidan,

Maqsadingiz pokligidan dalolatdir.

Gippokratning qasamini qo‘yaturing,

Musulmonmiz, dinimiz ham adolatdir.

Boringizga shukur, rahmat shifokorlar!

Bu yurakso‘z! Siz yurakka yaqindirsiz.

Qahramonsiz, shunday yashar fidokorlar,

Elga najot, Siz — Luqmoni hakimdirsiz!

Bilimingiz oldida dard — o‘zi xasta,

Tajribangiz tovonida talqon bo‘lg‘ay.

Yurt sog‘lig‘i yo‘lida Siz kamarbasta,

El duosi Sizlar uchun qalqon bo‘lg‘ay!

  Farzandimning shifokorlarga bo‘lgan tilaklaridan jo‘shib, tibbiyot xodimlariga atalgan nazmiy satrlarim aslida ular bilan bir safda xizmat qilayotgan barcha soha vakillariga atalgan. Xalqimiz ko‘rinmas yovni uyda o‘tirib yengayotgan bir paytda tunu kun el xizmatida bo‘layotgan barcha yurtdoshlarimizga energetiklar nomidan tashakkur izhor etamiz.

  Ishonamizki, karantin muddatlari qisqarib, tez kunlarda yana kundalik hayot tarzimizga, taraqqiyot va farovonlik sari boshlayotgan yo‘limizga o‘zgacha kuch-g‘ayrat bilan qaytamiz. Yanada hamjihatlikda, yanada jipsroq, sinov sabridan toblangan mehr bilan...

Orif To‘xtashev,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo‘yicha maslahatchisi, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

>