OAV va jamoatchilik bilan ishlash
UYDA QOLING: BADIIYAT BADGA URMAYDI!
  • 25.03.2020
  • 1146

«Maslahatchi maslahati» ruknida

  Nazarimda, ko‘pchilikka tanish bo‘lgan bir gapni sal boshqacha qilib, mana bu tarzda aytish mumkin: «Sen menga qanday kitoblar o‘qishingni ayt, men senga kimligingni aytib beraman».

  Darvoqe, bugungi kun barchamizni katta sinovdan o‘tkazmoqda. Aksariyat hollarda ko‘cha-ko‘y va davradan davralarga sarf etib kelgan vaqtimizni bugun qadrdon oilamiz bag‘rida o‘tkazishni ma'qul ko‘ryapmiz...

  Xo‘sh, bunday pallada asosiy vaqtimizni nimaga sarflagan ma'qul?

  Televizor ko‘rishning ham, radio eshitishning ham, kinodisklar tomosha qilishning ham me'yori bor, albatta. «Bisyor bo‘lsa agar bol ham beqadr...» deydi ustoz shoir Erkin Vohidov.

  Shu o‘rinda sizni aslo zeriktirmaydigan, joningizga tegmaydigan bir usulni tavsiya etishim mumkin: u ham bo‘lsa KITOB!

  Alloma ijodkor, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov 1999-yilning bahoriy kunlarida «Hurriyat» gazetasining anketa savollariga quyidagicha javob bergan ekanlar. Yuksak mahorat o‘lchovlarida turib, tartib berilgan mazkur ro‘yxatni Siz azizlarga ham tavsiya etgim keldi. Zero, ayni damlarda Siz oila a'zolaringiz bag‘ridasiz, aziz farzandlaringiz qurshovidasiz.

  Bugun nafaqat biz, balki dunyo aholisi sarosimada. «Tojdor virus» balosi insonlarni o‘z uyiga qamadi. Lekin bu holatdan vahima yasamoq nojoiz. Hayotning bizga berilgan bir sinovidir ehtimol... Bunday pallada kitob sizga eng yaqin do‘st va oliyjanob hamroh bo‘lishi shubhasiz.

  Bu ro‘yxatdan o‘zingiz va farzandlaringiz uchun eng munosib dunyoviy hamda milliy asarlarni topasiz. Va shuni alohida ta'kidlash kerakki, ushbu kitoblar uchun ajratgan vaqtingizga aslo achinmaysiz. Aksincha, adabiyot olamining naqshinkor darvozalaridan tushib turgan nur-ziyo Sizning qalbingizga ham cheksiz quvonch va tasavvur baxsh aylasa, ne ajab?!

  XX asrning eng yaxshi asarlari:

  Adabiyotshunos olim, professor Ozod Sharafiddinov (1929-2005) tavsiyasi:

  XX asr jahon adabiyotining 10 nomdagi eng yaxshi asari deb qaysi asarlarni sanab o‘tsangiz...

1. Muxtor Avezov. «Abay» (roman), «Abay yo‘li» (roman).

2. Jon Golsuorsi. «Forsaytlar haqida qissa» (turkum romanlar).

3. Maksim Gorkiy. «Klim Samginning hayoti» (roman).

4. Teodor Drayzer. «Amerika fojiasi» (roman).

5. Tomas Mann. «Iosif va uning akalari» (roman).

6. Rabindranat Tagor. «Halokat» (roman).

7. Aleksandr Tvardovskiy. «Vasiliy Tyorkin» (doston).

8. Ernest Xeminguey. «Alvido, qurol» (roman).

9. Mixail Sholoxov. «Tinch Don» (roman).

10. Gabriel Garsia Markes. «Buzrukning kuzi» (roman).

  Yana XX asrda yaratilgan eng yaxshi asarlar sirasiga Aleksandr Sojenitsinning «GULAG arxipelagi» asarini, Aziz Nesinning hajviy hikoyalarini, Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romanini ham kiritish mumkin.

XX asr o‘zbek adabiyotidagi eng yaxshi 10 ta asarni tilga oling.

1. Abdulla Qodiriy. «O‘tkan kunlar» (roman).

2. Cho‘lpon. «Kecha va kunduz» (roman).

3. Abdulla Qahhor. «Sarob» (roman).

4. Oybek. «Navoiy» (roman).

5. Odil Yoqubov. «Ulug‘bek xazinasi» (roman).

6. Pirimqul Qodirov. «Yulduzli tunlar» (roman).

7. Tog‘ay Murod. «Otamdan qolgan dalalar» (roman).

8. O‘tkir Hoshimov. «Dunyoning ishlari» (roman).

9. Abdulla Oripov she'rlari.

10. Erkin Vohidov she'rlari.

  Aziz yurtdoshlar, yuqorida nomlari qayd etilgan va mazkur ro‘yxatga kirmasada hayratmonand badiiy asarlarni mutolaa qilish Sizga nafaqat ma'naviy ozuqa, balki bitmas-tuganmas so‘z boyligi, ajoyib tashbehu g‘aroyib o‘xshatmalar, tarixiy voqyea-hodisalar haqida qiziqarli ma'lumotlar, shu bilan birga, odob-axloq saboqlari va albatta yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi. Zero, adib Oybek aytganidek, «Kitob — tafakkurimiz qanotidir».

  Orif To‘xtashev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining ma'naviyat va ma'rifat masalalari bo‘yicha maslahatchisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>