Yangiliklar
O‘ZBEKISTONDA COVID-19 (KORONAVIRUS) KARANTINI TUFAYLI BARCHA OMMAVIY-MADANIY TADBIRLAR VAQTINCHA TO‘XTATILDI
  • 16.03.2020
  • 3859

  2020-yil 15-mart kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda koronavirus sabab O‘zbekistondagi barcha OTM talabalari, maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga 16 martdan ta'til berildi. Shuningdek...

  Koronavirus sabab ayrim cheklovlar o‘rnatildi:

  • Navro‘z umumxalq sayllari o‘tkazilmaydi. Shuningdek, ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar vaqtincha bekor qilindi;
  • 16 martdan O‘zbekistonning chet el davlatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatildi;
  • O‘zbekiston fuqarolarining chet elga chiqishlari va xorij fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi vaqtincha to‘xtatildi. Xorijdagi hamyurtlarimiz mamlakatga qaytishlari mumkin bo‘ladi, biroq qaytgandan keyin 14 kunlik karantinda bo‘lishlari talab etiladi.

Fuqarolar savollariga javob berish uchun call-markaz tashkil etildi: qisqa raqam 1003. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ishonch raqami: +998 71-276-49-66.

  Koronavirus infeksiyasining aholi o‘rtasida keng tarqalib ketishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida Bosh vazir tomonidan o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda quyidagilar belgilandi:

  • Toshkentdan viloyatlarga qaytadigan talabalarga temir yo‘llari va samolyotlarda 50% chegirma beriladi;
  • Koronavirus vaqtida fuqarolar savollariga javob berish uchun yagona call-markaz tunu kun xizmat ko‘rsatadi (qisqa raqam 1003);
  • Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa tadbirlar o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatiladi;
  • Tibbiyot niqoblarini xorijga eksport qilish to‘xtatiladi;
  • Karantin vaqtida yolg‘on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima uyg‘otadigan xabarlar tarqatadigan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi;
  • Jamoat transportlari, avtobus va poezd bekatlari har 4 soatda dezinfeksiya qilinadi;
  • Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa tadbirlar o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatiladi;
  • Hukumat barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat yo‘llagan;

  Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan:

  • Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa 11 mln 150 ming so‘mdan 22 mln 300 ming so‘mgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (https://lex.uz/docs/111453);
  • O‘sha qilmish odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • O‘sha qilmish odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

  Qo‘shimcha ma'lumot: Hukumat karantin vaqtida narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘radi. Bunga Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda Davlat soliq qo‘mitasi jalb qilinadi. Oziq-ovqat va boshqa zaxiralar yetarli darajada g‘amlangan.

Agar siz ayrim insofsiz tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan narxlarning asossiz oshirilishiga guvoh bo‘lsangiz, Davlat soliq qo‘mitasining (71) 244-98-98 «Ishonch telefoni» yoki qisqa 1198 raqamli Sall-markazga murojaat qilishingizni so‘raymiz.

  Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti: koronavirusdan himoyalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar:

  • Ko‘pgina viruslar, jumladan koronavirus ham dezinfeksiyalovchi eritmalarda o‘ladi. Shaxsiy gigienaga qat'iy amal qiling;
  • Qo‘llaringizni tez-tez yuving. Doimiy foydalanadigan buyumlaringizni ham toza saqlang. Virusni nafaqat havo-tomchi, balki kontakt usulida ham yuqishini hisobga olsak, qo‘llarga dezinfeksiyalovchi, spirtli eritmalar bilan ishlov berish ham yaxshi samara beradi. Telefon, klaviatura, eshik tutqichlari, lift tugmalari, do‘konlardagi aravalar tutqichlari epidemiologik jihatdan xavfli bo‘lishi mumkin. Shuning uchun iloji boricha ularni ushlamaslikka harakat qiling. Ushlasangiz qo‘lingizni spirtli gel bilan tozalang, sovunlab yuving;
  • Yuz-ko‘zingizga yuvilmagan qo‘llaringizni tekkizishdan saqlaning. Chunki virus nafaqat burun yoki og‘iz, balki ko‘z shilliq pardalari orqali ham yuqadi;
  • Tibbiy niqobdan foydalaning. Niqoblarni ham vaqti-vaqti bilan almashtirib turing. Ishlatilgan niqobni yechgach, qo‘llarni yuvishni unutmang;
  • Aksirish yoki yo‘talish vaqtida og‘izni qo‘l bilan emas, bir martalik salfetka bilan yoping;
  • Qo‘l berib so‘rashish va quchoqlab ko‘rishishdan cheklaning;
  • Imkon qadar umumiy ovqatlanish joylariga borib ovqatlanmang.

  SAVOL: Tojsimon (koronavirus) virus qanday yo‘l bilan yuqadi?

  JAVOB:  Bu virus kasallangan odamdan sog‘lom odamga quyidagi holatlarda yuqadi:

  • Aksirish, yo‘tal va nafas chiqarish paytida og‘iz va burundagi tomchilar orqali;
  • Tomchilar bilan mikroblangan kishi tomonidan foydalanilgan jihozlar yuzalarini yoki jismni ushlab, keyin o‘sha qo‘l bilan ko‘z, burun yoki og‘izni ushlash orqali.

  SAVOL: Tojsimon virusga qarshi zardob (vaksina) bormi?

  JAVOB: Hozircha bu virusga qarshi zardob yo‘q, chunki bu yangi virus bo‘lib, shu paytgacha fanga ma'lum emas edi. Hozirgi kunda vaksina ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

  SAVOL: Tojsimon virusga qarshi muolaja bormi?

  JAVOB: Tojsimon virus sababli yuzaga kelayotgan kasallikka qarshi biror muayyan muolaja yo‘q. Lekin uning ba'zi alomatlarini (simptomlarini) muolaja qilish mumkin. Shuningdek, bemorga klinik muolaja qo‘llaniladi.

  SAVOL: Tojsimon virusni antibiotiklar bilan davolash mumkinmi?

  JAVOB: Yo‘q, antibiotiklar viruslarga qarshi qo‘llanilmaydi. Ular faqat bakterial infeksiyalarga qarshi foyda beradi. Antibiotiklar tojsimon virusdan saqlanish yoki davolanish uchun vosita sifatida ishlatilmasligi kerak.

  SAVOL: Aksirish va yo‘tal natijasida hosil bo‘ladigan tomchilardan uzoqlashish uchun qanchalik masofa saqlash lozim?

  JAVOB: Aksirish va yo‘tal natijasida hosil bo‘ladigan havo tomchilaridan chetlashish uchun o‘zingiz bilan boshqalar orasida, ayniqsa yuqori nafas olish yo‘llarining infeksiyalanishidan aziyat chekayotgan shaxslardan taxminan 1 metr masofa saqlashingiz lozim.

  SAVOL: Burunni tuzli eritma bilan muntazam ravishda chayib turish tojsimon virus yuqishidan saqlanishga yordam beradimi?

  JAVOB: Yo‘q, burunni tuzli eritma bilan muntazam chayish tojsimon virusdan himoya qilishi haqida ilmiy dalil yo‘q. Burunni tuzli eritma bilan muntazam chayishning shamollashni davolashda foydasi borligi haqida dalillar bor. Lekin burunni muntazam chayish nafas yo‘li kasalliklaridan saqlashi isbotlanmagan.

  SAVOL: Tojsimon virus infeksiyasidan saqlanish uchun og‘izni g‘arg‘ara qilib chayish yordam beradimi?

  JAVOB: Yo‘q, tojsimon virus infeksiyasidan saqlanish uchun og‘izni chayish kerakligi haqida hyech qanday ilmiy dalil yo‘q.

  SAVOL: O‘zimni tojsimon virusdan himoya qilish uchun tibbiy niqob taqishim kerakmi?

  JAVOB: Tibbiy niqobni taqish nafas olish yo‘li orqali yuqishi mumkin bo‘lgan ba'zi kasalliklarning tarqalishini cheklashda yordam beradi. Shu bilan birga, niqobning yolg‘iz o‘zidangina foydalanish infeksiyani to‘xtatish kafolatini bermaydi. Boshqa profilaktika choralarini ham birga qo‘llash lozim. Jumladan, qo‘l va nafas tizimi gigienasiga rioya qilish, o‘zingiz bilan nafas olish yo‘lining yuqumli kasalliklaridan aziyat chekayotganlar orasida xavfsiz masofani saqlash zarur. Eng oz masofa 1 metr hisoblanadi. Tibbiy niqoblarni qo‘llashda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tojsimon virus bilan kasallangan, deb taxmin qilingan yoki isbotlangan shaxslar hamda ularning parvarishida turgan tibbiyot xodimlari va muloqot qiluvchilarga tibbiy niqoblardan foydalanishni tavsiya qiladi.

  SAVOL: Bolalar karantinda bo‘lsa ota-ona ishdan ozod qilinadimi?

  JAVOB: Qonunchilikda (https://lex.uz/docs/2625878) belgilanganidek, bog‘chada yoki 6 yoshga to‘lmagan bolaga o‘rnatilgan karantin davrida bolaga qarash uchun ota-onasidan biriga yoki oilaning boshqa a'zosiga sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan karantin belgilangan, lekin 14 kalendar kunidan oshmagan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasi beriladi. Bu haqda adliya vazirligi axborot xizmati ma'lumot berdi (https://t.me/huquqiyaxborot/6670). Karantinda mehnatga layoqatsizlik varaqasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi va hududlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalarining ruxsati asosida epidemiolog yoki sanitar vrach tomonidan berilishi mumkin.

  Vahima-sarosimaga berilmasdan bir-biringizni birdamlik va hamjihatlikka chorlang!

  So‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) dunyo hamjamiyatiga jiddiy xavf solib kelmoqda. Shu bois O‘zbekistonda ham mazkur kasallik tarqalishining oldini olish borasida zarur choralar ko‘rilmoqda.

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir A.Aripov boshchiligida O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani bo‘yicha komissiya yig‘ilishi va ommaviy axborot vositalari uchun tashkil qilingan brifingda bu borada olib borilayotgan ishlar xususida batafsil ma'lumot berilib, barcha ta'lim muassasalari karantinga olinishi, profilaktik choralar kuchaytirilishi xususida so‘z yuritildi. Bu esa mamlakatimizda aholi salomatligini muhofazalash borasida qo‘yilgan yana bir muhim qadamdir.

  Biroq O‘zbekistonda ham koronavirus qayd etilgani xususidagi xabar e'lon qilinganiga ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, ayrim yurtdoshlarimiz orasida vahima kuchaymoqda. Shu o‘rinda sarosimaga tushib, vahima qilishga asos yo‘qligini ta'kidlamoqchimiz. Sababi, mamlakatimizda bu borada barcha zaruriy choralar ko‘rilgan, dori vositalarining zaxirasi yetarli. Sanitariya-karantin punktlariga qo‘shimcha vrachlar, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyati samaradorligi kuchaytirilgan.

  Shu bois, vahima va sarosimaga berilmasdan Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalariga ko‘ra sanitariya-gigiena qoidalariga qat'iy rioya qilish talab etiladi.

  Quyida virusdan himoyalanish bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining quyidagi tavsiyalariga rioya qiling:

  • Qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuving, spirtli antiseptik vositalardan foydalaning. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin;
  • Ko‘z, og‘iz va burningizni ushlashdan tiyiling, qo‘l berib salomlashmaslikka harakat qiling;
  • Aksirganda, yo‘talganda yuzingizni ro‘molcha yoki tirsagingiz bilan to‘sing;
  • Odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslikka harakat qiling. Shamollash va gripp alomatlari bor odamlarga yaqinlashmang;
  • Isitma — yangi turdagi zotiljamning eng asosiy va birinchi belgilaridan biri. Isitmangiz bo‘lsa, uydan chiqmang;
  • Isitma, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi kabi belgilar namoyon bo‘lsa, shifokor huzuriga bormang, ammo kechiktirmasdan tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing;
  • Koronavirusga oid so‘nggi rasmiy xabarlardan boxabar bo‘lib turing. Yangiliklarni ishonchli, rasmiy manbalardan olishga e'tibor qarating.

  O‘ylaymizki, ko‘pmillatli xalqimiz bilan birgalikda izchil harakatlarni amalga oshirib, ushbu sinovdan yuzimiz yorug‘ chiqamiz. Albatta, bu virusga qarshi kurash o‘z natijasini beradi va unga chek qo‘yilishiga ishonchimiz komil.

  O‘zbekiston elektr energetika tizimida mehnat faoliyatini olib borayotgan ishchi-xodimlar ham o‘z zimmalariga olgan vazifa-majburiyatlarni sidqidildan bajarishi — sanoat korxonalari, aholi va ijtimoiy obyektlarni sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlashga xizmat qiladi va bu, o‘z o‘rnida, yurtimizga kirib kelgan yuqumli kasallik karantinida unga qarshi kurashishga yordam beradi.

Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

>