OAV va jamoatchilik bilan ishlash
«Vahimali sarlavha» poygasi yoxud ayrim OAVlarining noxolis yondashuvi qachon tugaydi? Qalam haqi negativ ma'lumotlar hajmi va ommalashuviga qarab belgilanadimi?
  • 24.02.2020
  • 1162

     2020-yil 21-fevral kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati tomonidan «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasiga tegishli «Mari issiqlik stansiyasi» va «Serdar» podstansiyalari oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘i favqulotda o‘chishi oqibatida import quvvati 780 MVtdan 60 MVtgacha kamaygani, oradan bir necha soat o‘tgach, turmanistonlik energetiklar tomonidan nosozlik bartaraf etishi oqibatida import amaliyoti to‘liq tiklangani haqida rasmiy xabar berilgan edi.

     Ushbu ma'lumot millionlab o‘zbekistonlik iste'molchilar uchun muhim xabar bo‘lgani vajida uni mahalliy yetakchi elektron nashrlar: uza.uz, qalampir.uz, daryo.uz va boshqa saytlar rasmiy xabardagi ma'lumotlarni deyarli o‘zgartirmagan holda (!) jamoatchilik e'tiboriga ma'lum qildi. Hatto ikkita xorijiy nashrlar ham bu haqda xabarlar e'lon qilishdi. Biz buning uchun yuqorida sanab o‘tilgan OAV vakillariga minnatdorlik bildiramiz. Biroq...

 

     Biroq ayrim mahalliy, ularga tayanib (taxminimcha) ayrim xorijiy elektron nashrlar «Turkmenenergo» korporatsiyasiga tegishli issiqlik stansiyasi va podstansiya oralig‘idagi 500 kVli L-511 havo tarmog‘i favqulotda O‘CHISHIGA SABAB YONG‘IN EKANLIGI HAQIDA yozib, uni vahimaliroq tusda sarlavhaga ham chiqarishgan...

     Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qanaqa yong‘in?!

     Adib G‘afur G‘ulom ta'biri bilan aytganda «Nimalar yondi?».

     Umuman, bu ma'lumot qaerdan olindi? Taajjubki, manba sifatida ko‘rsatilgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmatining rasmiy xabarida yong‘in haqida hech bir ma'lumot berilmagan.

 

     Nima, sarlavhani dongdorroq, xabarni ommaviyroq etish maqsadida ayrim OAV muxbirlari O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidan bir necha kilometr ichkarida, sahro ichidagi yuqori kuchlanishli elektr ustuni ostiga borib gulxan yoqib keldimikan? Ular bu yolg‘on xabari bilan xorijda O‘zbekiston haqida imkon qadar negativ ma'lumotlarni e'lon qilish bilan ovvora (qalam haqi shunga qarab bo‘lishini taxmin qilmasdan ilojimiz yo‘q, bunda mantiqiy xulosa ham mavjud) ayrim noxolis jurnalistlarga «yangi masalliq» topib berayotganini fahmlamadimikan?

     Yoki noto‘g‘ri tarjima qilishganmi? Balki «gugl-tarjimon» aybdordir...

     Umuman, asosan davlat tilida ijod qilib, so‘ng o‘z yozganlarini rus tiliga tarjima qilib, yozganlarini rus tili grammatikasi bo‘yicha savodli mutaxassislarga ko‘rsatib oladigan ayrim jurnalislarimizga rus tilida xato yozgani haqida tanbeh beradigan ayrim rusiyzabon hamkasblarimiz ham o‘zbek tilini mukammal o‘rganib, davlat tilida ham ijod qilishni boshlashsalar yomon bo‘lmasdi. Axir ularning aksariyati shu zaminda tug‘ilib-o‘sgan, o‘zbek tilini yaxshi tushunishadi (gapirish va yozishni istamasligi bu boshqa bir masala).

     To‘g‘ri, xabar-ma'lumot tezkorlikni talab etgani va orada qisqa vaqtdan so‘ng vaziyat o‘nglanib, o‘z aktualligini yo‘qotgani uchun, davlat tilidagi xabarni bir necha muddatdan so‘ng rus tiliga tarjima qilib e'lon qilish o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, keyin bunga jismonan ulgurmadim ham. Umuman olganda, rus tilida erkin so‘zlashgan kishi bexato yozadi, degan jo‘n fikr mutlaqo noto‘g‘ri, xuddi o‘z ona tilida oliy ma'lumot mutaxassisligiga ega bo‘lgan jurnalist-filologlar ayrim uslubiy va imlo xatolariga yo‘l qo‘yishi mumkinligi kabi.

     Ayrim elektron nashrlardagi noxolisliklar fuqarolar murojaatlarda ham ko‘rinadi...

     Ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifalarida o‘zining yoki birovning xorijiy markadagi avtomobili fonida, bashang kiyingan, farovon, to‘q va hashamli hayotining manzaralari aks etgan suratlarini joylashtirib yuradigan ayrim kishilar qaysidir masalada xorijiy yoki mahalliy nashrlarga arz qilib, shikoyat bilan videomurojaat qilayotganida ustiga yupun kiyinib, uyi va mahallasining ko‘rimsiz foniga turib olishadi. Bu ham yetmaganday yoniga qariya va ishoraga qarab yo‘talib qo‘yadigan bolalarini ahvol naqadar xarobligiga urg‘u berayotganday fon qilib olishadi. Nima ham derdik, insofni o‘ziga bersin, murojaatchi doim haq! Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi...

     Yoki bo‘lmasa ayrim jurnalist va blogerlarimiz... Jamiyatda mavjud xato va kamchiliklar haqida yozayotganda, to‘g‘rirog‘i bir enlik qoralama yozish hozir hammasining ham qo‘lidan kelavermaydi, aniqrog‘i videomurojaat qilayotganda xalq dardi bilan kuyib-pishgan jonkuyarday munosabat-sharh bildirishadi. Ammo jamoatchilik o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, iste'mol madaniyatini targ‘ib etib, iste'molchi huquqidan tashqari bir qator majburiyatlari ham borligini eslatishda, aniqrog‘i, tanganing ikkinchi tomonidagi yoki qars chiqargan ikkinchi qo‘l bilan bog‘liq masalalarga kelganda no‘noq. Hozirgacha elektr va tabiiy gaz ta'minotiga noqonuniy ulanmalarni aniqlab, fosh etgan bloger-jonkuyarni uchratganim, eshitganim yo‘q... Energiya samaradorligi va tejamkorligi talablariga mutlaqo zid ravishda qurilgan, poli-yu derazasi orasidagi tirqishdan shamol uvillaydigan xonadon egasiga muammo sodir bo‘lishida o‘zining ham befarqligi sababchi ekanligi aytishga fahmi yetmaydi. Tabiiy gaz bosimi pastligi uchun uyi sovuq ekanligini aytib shikoyat qilayotgan iste'molchini videoga tushirib, telegramdan jo‘natishga usta.

     Qisqa qilib aytganda, yo‘l-transport hodisasi ro‘y berishiga sabab bo‘luvchi ayrim omillar: piyoda va haydovchilarning bilim-tajribasi kamligi, belgilangan qoidalarga amal qilmasliklari, texnik ko‘rikdan o‘tib turadigan avtomobillardagi jiddiy nosozliklar mavjudligi, ayrim noto‘g‘ri o‘rnatilgan yo‘l belgilari haqida faol jamoatchi sifatida «xavotir signallarini» berish o‘rniga, sodir bo‘lgan YTH joyidan qonli surat e'lon qilib, unda necha kishi o‘lgani-yu qanday jarohat olgani, ruldagi haydovchi ishdan kech qaytayotgan davlat ishchisi bo‘lganini yozish ancha osonroq...

     Ayni paytdagi masalada tarmoqdagi simarqon uzilishi qayoqda-yu sababi noma'lum yong‘in...

     Bir qaraganda arzimas bir masalaga katta urg‘u berib, bu haqda maqola yozish muhim emasdek tuyulishi mumkin. Biroq jamoatchilikda noto‘g‘ri fikrlar shakllanishining asosiy sababi — u yoki bu masalaga noxolislik bilan yondashuv oqibati! Ayrim nashrlar xabar-ma'lumotlarining sarlavhasida kishini xavotir yoki vahimaga soluvchi jumlalar ishlatiladi, ichini o‘qisangiz — ikki qator gap va boshqa bir nashrga ko‘k rangli havola — bo‘m-bo‘sh! Go‘yo axborotning sifati va muhimligi emas, soni va vahimasi muhimday...

     Mana, noxolis yondashuv oqibatida O‘zbekistondagi elektr ta'minotining kichik bir ulushini qoplashga xizmat qilayotgan import amaliyoti yuzasidan (xorijlik mushtariylar tushunchasida) yong‘in bilan bog‘liq noto‘g‘ri fikr-tushuncha hosil bo‘ldi. Bunga, yuqorida ta'kidlanganidek, «gugl-tarjimon» va jurnalistlarga rus tilida tayyor matn (!) tayyorlab bermagan matbuot kotibi aybdor. Axir jurnalistika hozirda ayrimlar uchun «zo‘r sarlavha» topish mahorati va havola berish (ko‘chirib bosish) bilan barobar-ku! (Tushunmaganlar uchun: bu kinoya, ayniqsa elektron tarjimon tirik insondan farqli o‘laroq kinoyani tushunmaydi).

     Aziz jurnalistlar, hurmatli hamkasblar, O‘zbekiston — bizning umumiy uyimiz, Vatanimiz, ta'bir joiz bo‘lsa, Onamiz, Otamiz. Uning ichki hayotdagi kamchiliklari yo‘qotishga bel bog‘lab, yutuqlaridan quvonish, faxrlanish ham bizniki. Ona diyorimiz nufuziga putur yetkazadigan xabarlarga, noxolis fikr-mulohazalarga munosib javob berish ham har birimizning burchimiz.

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etilgan bir seminarda huquqshunos ma'ruzachi: «Jurnalist — bu jamiyatdagi bir shifokor-tabib kabidir» degan jumlani ishlatganida naqadar haq edi. Kasallikka noto‘g‘ri tashxis qo‘yishning oqibati ayanchli bo‘ladi.

      Tibbiyot insonni davolaydi, veterinariya esa insoniyatni, degan jumlani eshitganmiz? Qiyosiy o‘xshatmaga ijozat bersangiz, bir kichik xulosa aytaman...

     Kasallikni aniqlab, unga tashxis qo‘yish orqali davolash bilan cheklanish bugungi globallashuv zamonida biroz samarasizdek bo‘lib qoldi, nazarimda. Jamiyatdagi muammolarni xuddi sanitar-veterinar shifokorlar kabi ularning o‘chog‘iga, manbasiga zarba berish bilan oldini olish payti keldi. Davlatimiz rahbarining ma'naviy-ma'rifiy masalalarga, sog‘lom turmush tarzi ommalashuviga alohida urg‘u berishiga ham xuddi shu narsalar sababchi bo‘lsa ajabmas.

      Yozganlarimda kimningdir sha'n-manfaatiga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘lsam, mushtariylardan uzr so‘rayman.

 

     Hurmat bilan,

     Ulug‘bek Urunov,

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

     boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>