Yangiliklar
«TOSHKENT SHAHAR MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALIDA HASHAR UYUSHTIRILIB, YOSHLAR O‘RTASIDA SPORT MUSOBAQASI O‘TKAZILDI
  • 13.02.2020
  • 1051

     Barchamizga ma'lumki, davlatimiz tomonidan yoshlar masalasiga alohida e'tibor berilmoqda. Yosh kadrlarda vatanparvarlik, yurtga sodiqlik hamda fidoyilik tuyg‘ulari o‘z kasbiga, oilasiga, yaqinlariga mehr-sadoqatdan boshlanadi. Bunday ulug‘ tuyg‘u va tushunchalarning shakllanishida halol va samarali mehnat faoliyatining ahamiyati beqiyos. Zero, mehnat insonni ulug‘laydi, bilim-tajriba orttirishga sababchi bo‘ladi, hayotning turli sinovlariga bardoshli qilib tarbiyalaydi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialida ham yoshlar siyosati masalalariga alohida e'tibor berilmoqda. Ayniqsa ularning savodxonlik darajasi, kitobxonlik madaniyati borasidagi saviyasi va badiiy adabiyotga mehr qo‘yishi, aniqrog‘i yoshlarda vatanparvarlik va insonparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

     Buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Boburning 537 yilligi munosabati bilan filial yoshlarining tashabbusiga ko‘ra  «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialining yangi barpo etilayotgan ma'muriy binosida hashar uyushtirildi. Unda filial Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilotining 30 dan ortiq yoshlari ishtirok etishdi.

     Hasharchi yoshlarning sa'y-harakati bilan bino hududi tartibga keltirildi va qurilish ishidagi yengil hamda xavfsiz ish-yumushlarga yordam berildi.  Bir so‘z bilan aytganda, hasharchilar tomonidan yo‘l va bino atrofidagi qurilish hamda maishiy chiqindilar obodonchilik boshqarmasining maxsus transportlari orqali chiqarildi.  

     

     Bundan tashqari, filialda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2018-yil 20-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash hamda sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan sportning tennis turi bo‘yicha musobaqa tashkillashtirildi.

     Ushbu sport musobaqasi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialiga qarashli «Uchqun» sport majmuasida o‘tkazilib, musobaqada korxonaning 20dan ziyod tennis ishqibozlari g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.

     Ushbu tadbir doirasida yoshlar uchun filial rahbariyati tomonidan tushlik  tashkil etildi. Sport musobaqasi faollari ma'muriyat tomonidan rag‘batlantirildi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filialida o‘tkazilgan bunday tadbirlar yosh energetiklarda sportga oshnolik, umuminsoniy fazilatlar, milliy urf-odat va azaliy qadriyatga hurmatni shakllantiradi, degan umiddamiz.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>