«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati tarkibidagi Moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi o‘z nomiga xos va mos faoliyat, ya'ni moliyaviy jarayonlarning shaffofligini ta'minlash, biznes etika qoidalarini joriy etishda ishtirok etish hamda Jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy va moliyaviy yo‘nalishdagi ish faoliyatida ochiqlik-shaffoflik tamoyillarini qo‘llagan holda korrupsiyaga qarshi kurashish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda bo‘lim tarkibida 2 nafar mutaxassis xodim mehnat faoliyati olib bormoqda.
Mazkur bo‘lim mutaxassislari ishtirokida Jamiyat tasarrufidagi korxona va tashkilotlar tomonidan imzolangan shartnomalar bo‘yicha (ehtiyot qism va materiallar hamda xizmatlar) oldindan amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun hujjatlarni moliyalashtirishga taqdim etish bo‘yicha kunlik ish faoliyati olib boriladi. Bundan tashqari, ushbu bo‘lim tomonidan Jamiyat ma'muriyati hamda yuqori tashkilotlar tomonidan belgilab berilgan bir qator vazifalar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari asosida Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni belgilangan grafik asosida moliyalashtirishga taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qilindi;
- «O‘zbekenergo» AJ invest loyihalari uchun ajratilgan va vorislik bo‘yicha jamiyatga tegishli bo‘lgan davlat kafolati ostidagi hukumat qarzlari va kreditlar rasmiylashtirildi;
- «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va uning tasarrufidagi korxona hamda tashkilotlarining ishchi-xizmatchilari oylik maoshlarini va boshqa to‘lovlarni o‘rnatilgan tartibda so‘ndirish ishlari amalga oshirilmoqda;
- Bo‘lim tomonidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv apparati, uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlar reja asosida belgilangan ishlarni amalga oshirilishida mablag‘ ajratilishi bo‘yicha taqdim qilingan hujjatlar va shartnomalar doimiy ravishda belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi;
- 2019-yil davomida «O‘zbekiston MET» AJga qayta rasmiylashtirilgan, Xalqaro moliya institutlari va tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari 147 mlrd. so‘m miqdorida o‘z vaqtida so‘ndirilganligi sababli, mavjud muammolardan kelib chiqib yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan penya va yuqorilovchi foizlar mablag‘lari iqtisod qilindi;
- Hozirgi kunga kelib 8 ta yirik investdasturlar doirasida Xalqaro moliya institutlarining Jamiyat bo‘yicha umumiy 271,1 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilingan va shundan 2020-yil 1-yanvar holatiga 203,3 mln. AQSH dollari hisobida kredit qoldig‘i mavjud. Bu kredit mablag‘lari qaytarilishi uzoq muddatga jalb qilingan bo‘lib, qaytarilish muddati o‘tgan kredit mablag‘lari mavjud emas;
- Jamiyat va uning tasarrufidagi korxona va tashkilotlarining mavjud pul oqimlaridan kelib chiqqan holda, ularni birinchi darajali to‘lovlari tahlil qilinib, rahbariyatga hamda yuqori tashkilotlarga ma'lumot shaklida kiritildi;
- Shu bilan birga, moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi tomonidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari va vazirlik hamda idoralardan kelib tushgan murojaatlar bilan ishlab, ularga o‘z muddatlarida javob yo‘llab kelmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yagona nazorat sistemasi (e-ijro) orqali yo‘naltirilgan murojaatlarni tegishliligi bo‘yicha ijrosini o‘z vaqtida bajarilishi ta'minlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-martdagi PQ-4249-sonli qarorning 15-bandiga muvofiq: investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun «O‘zbekenergo» AJga berilgan kreditlar va qarzlarni «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlariga hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalarga, shuningdek, «O‘zbekko‘mir» AJga qayta rasmiylashtirish 7- va 8-ilovalarga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.
«O‘zbekenergo» AJ va uning «Energosotish» filialining «O‘zbekenergo» AJ hamda 9- va 10-ilovalarga muvofiq uning tarkibiga kiruvchi jamiyatlar tomonidan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha kafilliklari belgilangan tartibda «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari», «Hududiy elektr tarmoqlari» va «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatlariga qayta rasmiylashtirilishi ko‘rsatilgan.
Shunga ko‘ra, «O‘zbekenergo» AJga investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun berilgan qarzlar va kreditlarini vorisligi bo‘yicha tegishli bo‘lgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga qayta rasmiylashtirildi. Bunga ko‘ra, «O‘zbekenergo» AJning Xalqaro moliya institutlaridan Osiyo Taraqqiyot Banki, Jahon Banki va Islom Banki qarzlari, tijorat banklaridan «O‘zsanoatqurilishbank», «Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi kreditlari qayta rasmiylashtirish ishlari yakunlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi tomonidan korxona va tashkilotlarda belgilangan ishlarni o‘z muddatlarida amalga oshirishlari hamda mavjud ajratilgan mablag‘lardan unumli hamda samarali foydalanish bo‘yicha muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentining 2019-yil 27-maydagi 5729-sonli «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, biznes etika va shaffoflik mavzusida videoseminar o‘tkazildi.
Manba: uzbekistonmet.uz
Videoseminarni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Isaqulov Dadajon Aynaqulovich ochib berdi. Videoseminarda Jamiyat tasarrufidagi 12 ta magistral elektr tarmoqlari, filiallar, tibbiy sanitariya qismlari, korxonaga qarashli pudrat korxonalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, bosh hisobchilar va boshqa rahbar xodimlar ishtirok etishdi. Videomuloqotda korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillari va mexanizmlari, korrupsiya va unga qarshi kurash usullari, xodimlar etika qoidalariga rioya qilish tartibi mavzulari yoritib berildi.
Manba: uzbekistonmet.uz
Videoseminarda O‘zbekiston Respublikasi farmoniga asosan, mamlakatimizda keyingi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilganligi, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Istochnik: uzbekistonmet.uz
Bundan tashqari, Moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi tomonidan yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda, bank talablariga javob bera oladigan nizom va yo‘riqnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, mazkur bo‘lim tomonidan Jamiyat korxonalar, barcha filial va hududiy bo‘linmalarda korrupsiyaga qarshi, moliyaviy operatsiyalarda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni oldini olish uchun aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-saytida maxsus rukn va ishonch telefoni yo‘lga qo‘yildi.
Bo‘lim tomonidan 2020-yilda amalga oshiriladigan ishlar 2019-yilga nisbatan izchil va samarali davom etishini ta'minlash uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.
Nigora Abdullayeva, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Moliyaviy menejment, biznes etika va shaffoflik bo‘limi boshlig‘i
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati