«O‘zbekiston MET» AJ markaziy apparati tarkibidagi Kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasi energetika tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, 500/220 kV li havo tarmoqlarini, xususan qurilish tarmog‘idagi tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish va uni yanada jadallashtirish hamda kapital qurilish ko‘lamini kengaytirish, qurilish uskunalar sifatini zamon talablari darajasiga yetkazish bilan bog‘liq masalalarini hal etishga yo‘naltirilgan dasturlarni amalga oshiradi, shu bilan birga, ushbu amaliyotlarni tashkil etadi hamda muvofiqlashtiradi.
Ko‘pchilikka ma'lumki, energetika tizimi miqyosida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini, uning ustuvor yo‘nalishlarini yaxshi tushunish, davlat mablag‘larini yangi qurilishga sarflash variantlari hamda amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va rekonstruksiya qilishni, fan-texnika taraqqiyotining eng yangi yutuqlari asosidagi texnika va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishni bilish — bugungi kun energetika tizimi mutaxassislar uchun juda muhim vazifa hisoblanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning energetika tizimi faoliyatida kapital qurilish boshqarmasining o‘rni beqiyos. Shu boisdan energetika tizimi qurilish tarmog‘ining muammoli masalalarini nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish, ularni hal etish yo‘llarini topish hamda hayotga tatbiq etishda kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasi amaldagi qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va farmonlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qaror, topshiriq va farmoyishlari asosida tayyorlangan «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining buyruqlari, shu bilan birga, Shaharlararo norma qoidalari, xavfsizlik qoidalari va boshqa normativ hujjatlari asosida ish olib boradi.
Bundan tashqari, mazkur boshqarma Jamiyatning mintaqaviy elektr tarmoqlarini qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, texnik qayta jihozlash va obyektlarini moliyalashtirish hamda ularni amalda bajarilishi uchun zarur yillik rejalar, shu bilan birga, elektr tarmoklarining qurilish dasturlari shakllantirilishini nazorat qilish orqali monitoring yuritish va qurilish loyiha smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish kabi vazifalarni bajaradi.
Boshqarma buyurtmachi sifatida kapital qurilish jarayonida asosiy ishtirokchi vazifasida ishtirok etadi. Bajaradigan vazifalariga ko‘ra investor, quruvchi, pudratchi va loyihalovchilar bilan birga ish olib boradi.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi korxona va bo‘linmalaridan loyihalar bajarilishini nazorat qilish jarayonida pudratchi tashkilotlarning shartnoma majburiyatlari qanday bajarilayotgani nazorat qiladi va zarur bo‘lganda shartnomada nazarda tutilgan sanksiyalarini qo‘llaydi.
Qisqa qilib aytganda, ushbu boshqarma energetika sohasidagi qurilishning poydevoridan boshlab to uni davlat komissiyasiga topshirish dalolatnomasigacha bo‘lgan jarayonlarni monitoring qiladi va ekspluatatsiyaga topshiradi. Bunda bevosita barcha hudulardagi Magistral elektr tarmoqlari filiallarning kapital qurilish bo‘limlari ishtirok etadilar.
Shuni a'lohida ta'kidlash lozimki, Kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasi 2019-yil 2-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligidan loyihalarni tarmoq ekspertizadan o‘tkazish uchun guvohnoma oldi.
Mazkur hujjat asosida quyidagi loyihalarga boshqarma tomonidan tarmoq ekspertizasi taqdim etildi:
● «Ustyurt gaz-kimyo kompleksini tashqi energiya bilan ta'minlashni qurish»;
● Xorazm viloyatining «Taxiatosh» IESdan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi punkti oraliqlarida 220 kV havo elektr tarmog‘i qurish» 1-bosqich;
● «Pop-Namangan-Andijon» elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasining tashqi obyektlarni elektr ta'minoti bilan ta'minlashda tayanch nimstansiyasini qurish»;
● «Pop-Qo‘qon-Andijon» elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasining tashqi obyektlarni elektr ta'minoti bilan ta'minlashda tayanch nimstansiyasini qurish»;
● «Toshkent metallurgiya zavodining tashqi elektr ta'minoti obyektlarining qurilishi».
Ma'lumot o‘rnida:
Investor — obyekt qurilishini moliyalashtirishni xususiy yoki qarz mablag‘lar hisobiga amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati sub'ekti. Investor investitsiya natijalarini tasarruf qilish yuzasidan to‘liq yuridik huquqlarga ega. Shuningdek, u investitsiyalarni (kapital qo‘yilmalarni) jalb qilish shaklini belgilaydi, qurilish kontraktlari shartlarini ishlab chiqadi, investitsiya jarayoni ishtirokchilari bilan bo‘ladigan moliyaviy-kredit munosabatlarni amalga oshiradi. Investor qurilish mahsulotining buyurtmachisi, kreditori, xaridori bo‘lishi, shuningdek, bevosita quruvchi funksiyasini bajaradi.
Buyurtmachi — texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishdan boshlab obyektni foydalanishga topshirish yoki obyektning ishlab chiqarish quvvatiga chiqishigacha bo‘lgan muddatda obyekt qurilishining tashkilotchisi va boshqaruvchisi funksiyalarini qabul qilgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
Pudratchi (bosh pudratchi) — pudrat shartnomasi yoki kontrakti asosida obyekt qurilishini amalga oshirayotgan qurilish korxonasi. Bosh pudratchi qurilish natijalari uchun shartnoma shartlariga muvofiq ravishda buyurtmachi oldida to‘liq javobgar bo‘ladi. U zarur hollarda ayrim turdagi ishlarni bajarish uchun quyi pudrat tashkilotlarini jalb qilishi mumkin.
Loyihalovchi — buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma asosida u yoki bu obyektning kelgusidagi qurilishini loyihalovchi loyihalash tashkiloti yoki shunga o‘xshash boshqa muassasa. Loyihalovchi loyihaning va uning asosidagi texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarning sifati uchun to‘liq javobgar bo‘ladi. Buyurtmachi loyihada ko‘zda tutilgan yechimlarga rioya qilinishini nazorat qilish uchun mualliflik nazorati o‘rnatadi.
Qurilish ishlab chiqarishi jarayoni turli shakl va usullarda tashkil qilinishi mumkin bo‘lib, pudrat usuli, xo‘jalik usuli, obyektlarni shartli atama — «qulf-kalit shaklida topshirish» va sotish shular jumlasidandir.
Hozirgi kungacha kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasi tomonidan bir necha loyihalarni ekpluatatsiyaga topshirildi:
● ««Angren-Pop» temiryo‘l liniyasini elektrlashtirishda tayanch podstansiyasilarini tashqi elektr ta'minoti bilan ta'minlash obyektlarini qurish» loyihasi;
● «Qandim gazni qayta ishlash majmuasini tashqi energiya bilan ta'minlashni qurish» investitsiya loyihasi;
● «Ustyurt gaz-kimyo kompleksini tashqi energiya bilan ta'minlashni qurish»;
● «220 kV li Guzar–Shahrisabz havo liniyasini qurish» loyihasi;
● «Pop-Qo‘qon-Andijon» elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasining tashqi obyektlarni elektr ta'minoti bilan ta'minlashda tayanch nimstansiyasini qurish» (TPS «Andijon» uchastkasi);
● «Energotizim nimstansiyalarida eskirgan uskunalarni almashtirish va modernizatsiyalash» loyihalari («Jizzax» podstansiyasida 2 ta 200 MVA, PS «Yulduz» podstansiyasida 2 ta 200 MVA avtotransformatorlar eskilarining o‘rniga o‘rnatilib, ishga tushirildi.
2020-yilda «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PQ-4563-sonli qaroriga muvofiq energetika tizimida bir nechta loyihalarning qurilish-montaj ishlarini amalga oshirmoqda:
● Xorazm viloyatining «Taxiatosh» IESdan «Xorazm» PS orqali Sarimoy aholi punkti oraliqlarida 220 kV havo elektr tarmog‘i qurish» 2-bosqich;
● «500 kV «Surxon–Puli-Xumri» (Xo‘ja-Alvon) elektr uzatish tarmog‘ining qurilishi» (O‘zbekiston Respublikasi hududida);
● «Pop-Namangan-Andijon» elektrlashtirilgan temiryo‘l liniyasining tashqi obyektlarni elektr ta'minoti bilan ta'minlashda tayanch nimstansiyasini qurish»;
● «500 kV gabaritida bo‘lgan 220 kV havo liniyasi «Navoiy» IESdan 220 kV «Besopan» podstansiyasigacha qurilishi»;
● «220 kVli «Zafarobod» podstansiyasida ikkita 220 kV elektr uzatish liniyasini «Sirdaryo» IESdan «Zafarobod» podstansiyasigacha qurish»;
● «O‘zbekiston Respublikasining hududida joylashgan 500 kV «Guzar–Regar» (L-507) yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ini tiklash»;
● «Toshkent shahri Sirg‘ali tumani obyektlarini va unga tutash hududlarni istiqbolli rivojlanishini hisobga olgan holda elektr ta'minoti bilan ta'minlash uchun 220 kVli «Sergeli» podstansiyani qurish»;
● «Energotizim nimstansiyalarida eskirgan uskunalarni almashtirish va modernizatsiyalash».
Boshqarma tomonidan 2020-yilga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar quyidagicha:
● «Quvvati 110 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi–«Suvli» podstansiyasi 110 kVli havo liniyasini qurish» investitsiya loyihasi;
● «220 kV li «Guzar»–«Azamat» havo liniyasi va 220 kV «Azamat» podstansiyasi qurish» investitsiya loyihasi.
«O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi Kapital qurilish, smeta va loyihalarni ekspertiza qilish boshqarmasida ayni paytda 10 nafar mutaxassis xodimlar mehnat faoliyati olib borishmoqda. Sohaga taalluqli savol va takliflar bo‘yicha amaldagi tartibga binoan murojaat etish mumkin. Boshqarma mutaxassislari xizmatingizga doim tayyor. Mas'ul xodim: boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Ziyoyev. Murojaatlar uchun telefon: +998 71-208-56-54; ichki 22-036.
Alisher Siradjev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Kapital qurilish, loyiha va smeta ekspertiza boshqarmasi boshlig‘i
O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati