«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Havo liniyalaridan foydalanish boshqarmasining asosiy vazifalari Jamiyat tasarrufidagi 35-500 kV kuchlanishli havo liniyalarini ta'mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini rejalashtirish, tashkil qilish va nazorat qilish, shu bilan birga, mavjud liniyalarini rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlash, elektr liniyalarini ishonchliligini oshirish hamda barqaror ishlashini ta'minlashdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini yanada rivojlantirish, aholi va sanoat tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talablarini qondirish, uzluksiz va ishonchli elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida Jamiyatimiz tomonidan olib borilayotgan bir qator ishlar mazkur boshqarma xodimlarining ish rejalariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Jumladan, havo liniyalarni mukammal ta'mirlash, joriy ta'mir, texnik xizmatlar va investitsiya dasturlariga asosan yangi qurilish-montaj ishlari amalga oshirib borilmoqda.
Havo liniyalari xodimlari tomonidan 2019-yilda 1067,6 km havo liniyasi mukammal ta'mirlandi, 2146 km joriy ta'mirlandi, ma'nan eskirgan va eski tipdagi izolyatorlarni yangi izolyatorlarga almashtirish ishlari amalga oshirildi, tayanch ustunlarini hamda elektr simlarini qushlar ta'siridan asrash maqsadida himoya choralari ko‘rildi.
Muhandis-texnik xodimlar va ishchilar tomonidan havo liniyalarini rejali va rejadan tashqari ko‘rikdan o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilindi.
Misol uchun: «Toshkent issiqlik elektr stansiyasi»dan «Feruz» podstansiyasigacha L-2-F-1 va L-2-F-2 220 kV kuchlanishli havo liniyasining bir qismi Qozog‘iston Respublikasi hamda chegara hududida ekanligi sababli texnik xizmat ko‘rsatib bo‘lmaligini inobatga olgan holda 7 km masofadagi «Keles» 220 kV podstansiyasiga kirish-chiqish ishlarini bajarish amalga oshirildi. Buning natijasida havo liniyasining elektr uzatish ishonchliligi ta'minlandi va xizmat ko‘rsatish usuli osonlashtirildi.
Hozirgi kunda liniya xizmati bo‘limlari yangi texnikalar bilan ta'minlangan.
«220 kVli «Taxiatosh IES»dan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimay aholi yashash punktigacha (Xorazm viloyati) elektr liniyasini qurilishi» investitsion loyihasini amalga oshirilishida 2019-yilda «O‘zbekiston MET» AJ filiallarining 108 xodimlaridan tashkil topgan ishchi brigadalar tashkil etildi. Ushbu brigadalar tomonidan 145 dona har xil tipdagi metall tayanchlar yig‘ilib, loyiha ishlari jadallashtirildi.
Loyiha ishi yakunlangach ma'lum muddat xizmat safariga yuborilgan ishchi-xodimlarga madaniy xordiq, ya'ni Xiva va Buxoro shaharlariga ekskursiyalar tashkillashtirildi.
2020-yilda Havo liniyalaridan foydalanish boshqarmasi tomonidan istiqbolli rejalar tuzilgan bo‘lib, magistral elektr tarmoqlarining mustahkam va ishonchli ishlashini ta'minlash, istemolchilarga uzluksiz elektr energiyasini yetkazib berish, texnologik sarflarni hamda ta'mirlash sarf-xarajatlarni kamaytirish maqsadida Jamiyatimiz tomonidan elektr qurilmalarini modernizatsiya-rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlar rejalashtirilmoqda.
Jumladan, havo liniyalarining 1141,7 km qismi mukammal ta'mirlash, 3621 km joriy ta'mir ishlari energo tizimini yanada mustakamligini yanada oshiradi.
Dilshod Fozilov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Havo liniyalaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati