«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida joylashgan bo‘lib, ushbu markaz davolanish maskani hisoblanadi.
Shu o‘rinda sport-sog‘lomlashtirish markazining O‘zbekistondagi ichki turizm maskanlarining birida joylashganligini alohida e'tirof etish joizki, davolanish maskaniga tashrif buyurganlar tibbiy muolajalardan bo‘sh paytda turli tarixiy obida va ziyoratgohlarga sayohat uyushtirishlari mumkin bo‘ladi.
Buyuk bobokalonimiz Amir Temur kindik qoni to‘kilgan maskan — Shahrisabzning geografik joylashuvi ekoturizmning rivojiga juda qulay joy hisoblanadi. Xisor tog‘ tizmasida joylashgan Xisor davlat tabiat qo‘riqxonasi, Kitob geologik qo‘riqxonalari ekstremal ekoturizm uchun, Langar ota, Siypantosh, Podayotoqtepa, Uzunqir va Sangirtepa yodgorliklari esa tarixiy qadamjolar sayohati hamda ekoturizm uchun juda qulay mjoy hisoblanadi.
Langar ota yodgorligi Shahrisabz shahridan 65 km uzoqlikda, tog‘ yonbag‘rida joylashgan bo‘lib, u yerda temuriylar davrida masjid (avvalgi holati saqlangan) hamda islom dinining Naqshbandiya ta'limotiga mansub shayxlarining xoki-poylari qo‘yilgan maqbaralar mavjud.
Markazda ayni paytda 41 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi joylashgan hududning iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa yumshoq. Markazning asosiy ish faoliyati energetiklar hamda ularning oila a'zolari davolanishlari uchun barcha qulayliklarga ega tibbiy xizmat ko‘rsatishdan iborat bo‘lib, yana bir ahamiyatli jihati shundaki, markazda hozirgi kundagi eng muammoli kasalliklardan biri bo‘lgan asab hamda osteoxondroz — umurtqa pog‘onasidagi kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashuvga ega. Markazda malakali shifokor hamda hamshiralar sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishmoqda.
Sport-sog‘lomlashtirish markazining umumiy yer maydoni 3.84 gektarga teng bo‘lib, 20 o‘rinli sog‘lomlashtirish markazi yiliga 600-650 nafar dam oluvchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Markazda 10 ta yotoq bo‘limi mavjud bo‘lib, ularda barcha qulayliklar yaratilgan. Bino va inshootlarni isitish markaz qozonxonasi orqali bajariladi.
Dam oluvchilar keng, shinam xonalarda dam olib, shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra maxsus fizioterapiya xonalarida muolaja jarayonlariga qatnaydilar
Bundan tashkari, markazda sog‘lomlashtirish uchun sport tennis korti, voleybol, futbol mini stadionlari hamda sport mashqlarini bajarish uchun trenajor zali ham mavjud. Markazning nomlanishida ham mantiqiy asos borki, sport-sog‘lomlashtirish maskanidan dam oluvchilar jismoniy chiniqqan, badantarbiya mashg‘ulotlari va sport o‘yinlari orqali salomatliklarini tiklagan holda mehnat faoliyatiga qaytadilar.
Dam oluvchilarni badantarbiya mashg‘ulotlari va sport o‘yinlariga jalb etish markaz shifokorlarining birinchi galdagi vazifasidir
Markazda ayni paytda 41 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan ma'muriyat xodimlari — 3 nafar, 2 nafar shifokor, 13 nafar hamshira, 10 nafar kichik tibbiy xodimlar, 2 nafar oshxona xodimlari, 11 nafar texnik ishchi-xodimlar davolanuvchilarga sifatli tibbiy-sog‘lomlashtirish xizmatini amalga oshiradi.
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi ambulator sharoitda nevrologiya va terapiya, maslahat va konservativ davolash, sport orqali davolovchi badantarbiya mashqlari hamda fizioterapiya muolajalari mavjud bo‘lib, davolash asosan quyidagi kasalliklarni davolashga ijobiy ta'sir etadi:
1. Asab tizimi kasalliklari;
2. Osteoxondroz kasalligi;
3. Umurtqa pog‘onasidagi bel churrasi kasalligi;
4. Terapevtik kasalliklar.
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazida hozirda parafin, uqalash muolajasi, fizioterapiya xonalari, d’arsonval, elektroforez, UTP, magnitli terapiya, «veterjenie», umumiy va mahalliy ultrabinafsha nurlari bilan davolash, nafas yo‘llarini dori moddalarni ingalyasiya yo‘li bilan dori yuborib davolash kabi muolajalar mavjud.
Muolajadan tashqari dam oluvchilarga ertalabki gigienik badantarbiya va davolash badantarbiyasi, sport mashqlari umumiy tartib va parhyez buyuriladi.
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazida keyingi yillar davomida yangi davolash usullari kiritilishi bilan davolash sifatini yanada yaxshilashga erishilmoqda.
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi, eng avvalo, Jamiyat xodimlari va ularning oila a'lolari dam olishi, mehnat faoliyati davomida ma'lum ma'noda yo‘qotilgan salomatliklarini tiklashlari uchun tashkil etilgan.
Markazda dam oluvchilar uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash kerakki, sanatoriyada xordiq chiqarish «O‘zbekiston MET» AJ faxriylari uchun bepul, ishchi-xodimlariga 40%, ularning oila a'zolariga esa 50% li imtiyozli chegirmalar orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, sog‘lomlashtirish markazimizda boshqa fuqarolar ham dam olib, davolanishlari mumkin.
Murojaat uchun telefonlar: +998 75-522-58-24; +998 90-440-74-60.
Manzil: Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz shahri, Pillakashlik ko‘chasi, 2-uy.
Mo‘ljal: Yangi Kesh bozori yaqinida.
Markaz joylashgan hududning iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa yumshoq hisoblanadi
Ijozatingiz bilan «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi tomonidan 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar bilan qisqa satrlarda tanishtirib o‘tsam:
Ma'lumot uchun: 2019-yil mobaynida markazda jami 630 nafar davolanuvchilar davolanib, o‘z sog‘liklarini tikladilar.
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi jamoasi faol mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha ishchi-xodimlarga mehnat ta'tilini mazmunli o‘tkazib, yil davomida orttirilgan kasallik alomatlaridan butkul forig‘ bo‘lish uchun sanatoriya-profilaktika maskanlari tashrif buyurishlarini tavsiya etadi.
«Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi Sizlarni dam olish maskaniga chorlab qoladi!
Alisher Fazilov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati «Azamat» sport-sog‘lomlashtirish markazi direktori.