Yangiliklar
2019-YIL SARHISOBI: «Barcha qulayliklarga ega «Nurafshon» sanatoriyasi energetiklar dam olishi uchun xizmat qilmoqda»
  • 20.01.2020
  • 2290

   "Nurafshon" sanatoriyasi yurtimizning eng go'zal va so'lim maskanlaridan birida joylashgan

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Nurafshon» sanatoriyasi yurtimizning eng go‘zal va so‘lim maskanlaridan biri bo‘lgan Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, balneologik kurort maskani hisoblanadi. U Farg‘ona shahridan 32 km masofadagi Qatron tog‘ tizimida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda, Oltiariqsoy hududida joylashgan.

     Sanatoriya joylashgan hudud iqlimi keskin kontinental, yozi issiq va quruq, qishi esa yumshoq bo‘ladi. Dam olish maskanining asosiy shifobaxsh omillari — bu minerallashuvi turlicha bo‘lgan (tarkibi 5 dan 95 g/l gacha) oltingugurtli mineral suvlar hisoblanadi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, sanatoriyaga Jizzax viloyatidagi Baliqli ko‘lining balchig‘i keltirilib davolash ishlarida keng foydalaniladi.

     «Nurafshon» sanatoriyasining umumiy yer maydoni 12,3 gektarga teng bo‘lib, 114 o‘rinli sog‘lomlashtirish muassasasi yiliga 2000-2500 nafar dam oluvchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Sanatoriyada 2 ta yotoq bo‘limi mavjud bo‘lib, barcha qulayliklarga ega. Bino va inshootlarni isitish sanatoriya qozonxonasi orqali bajariladi. Bundan tashkari, sanatoriyada suv ta'minoti, tozalash inshooti bo‘limlari ham mavjud.

     «Nurafshon» sanatoriyasida ayni paytda 98 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatmokda. Ulardan 3 nafari shifokor, 23 nafar hamshira, 19 nafar kichik tibbiy xodimlar, 12 nafar oshxona xodimlari, 41 nafar texnik ishchi-xodimlar dam oluvchilarga sifatli tibbiy-sog‘lomlashtirish xizmatini amalga oshiradi.

"Nurafshon" sanatoriyasida ayni paytda 98 nafar ishchi-xodimlar tibbiy-sog'lomlashtirish xizmatini amalga oshiradi

     «Nurafshon» sanatoriyasida davolashning asosini oltingugurtli mineral suvlar bilan vanna qabul qilish tashkil etadi. Oltingugurtli mineral suvi inson tanasidagi quyidagi kasalliklarni davolashga ijobiy ta'sir etadi:

     1. Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari;

     2. Harakat-tayanch organlari kasalliklari;

     3. Asab tizimi kasalliklari;

     4. Teri kasalliklari;

     5. Ayollar jinsiy a'zolari kasalliklari;

     6. Urologik kasalliklar.

     «Nurafshon» sanatoriyasida hozirda oltingugurtli suv vannasidan tashqari issiqlik bilan davolash, parafin, balchiq (maxsus), uqalash muolajasi, fizioterapiya xonalari, d’arsonval, elektroforez, amplipuls, lazerterapiya, ultratovush bilan davolash, umumiy va mahalliy ultrabinafsha nurlari bilan davolash, nafas yo‘llarini dori moddalarni ingalyasiya yo‘li bilan dori yuborib davolash, ultrabinafsha nurlarini yo‘naltirilgan ravishda davolash fitobochka, sirkulyar dush, suvosti massaji kabi muolajalar mavjud.

     Muolajadan tashqari dam oluvchilarga ertalabki gigienik badantarbiya va davolash badantarbiyasi, terrenkur, umumiy tartib va parhyez buyuriladi.

     «Nurafshon» sanatoriyasida keyingi yillar davomida yangi davolash usullari kiritilishi bilan davolash sifatini yanada yaxshilashga erishilmoqda.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi «Nurafshon» sanatoriyasi, eng avvalo, Jamiyat xodimlari va ularning oila a'lolari dam olishi, mehnat faoliyati davomida ma'lum ma'noda yo‘qotilgan salomatliklarini tiklashlari uchun tashkil etilgan.

     Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash kerakki, sanatoriyada xordiq chiqarish «O‘zbekiston MET» AJ faxriylari uchun bepul, ishchi-xodimlariga 40%, ularning oila a'zolariga esa 50% li imtiyozga ega yo‘llanmalar orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, dam olish maskanida boshqa fuqarolar ham dam olib, davolanishlari mumkin.

     Murojaat uchun telefonlar: +998 73 352-3557; +998 95 400-2570. Manzil: Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, Chimyon qishlog‘i, Orom ko‘chasi, 1-uy. Mo‘ljal: Chimyon markaziy bozori yaqinida.

      Endi, ijozatingiz bilan «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi «Nurafshon» sanatoriyasi tomonidan 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar bilan qisqa satrlarda tanishtirib o‘tsak:

Dam oluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi avtoturargoh qurildi

     1. Sanatoriya asosiy binosining old va orqa tomonidagi peshayvon (kozerok) qismi tunukafon bilan qoplandi;

     2. Sanatoriya hududida dam oluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida yangi avtoturargoh qurildi;

Uchinchi qavat yotoqxonalari va santexnikalari hozirgi zamon talabida ta'mirlandi va qayta jihozlandi

     3. Sanatoriyaning ikkinchi bo‘limi atrofi manzarali temir panjara bilan o‘raldi;

"O'zbekiston MET" AJ tomonidan yangi "ISUZU" avtobusi taqdim etildi

     4. Sanatoriya hududiga qo‘shimcha zamonaviy o‘rindiqlar joylashtirildi;

     5. Sanatoriya hududiga manzarali gullar va gazon ekish uchun joylar tayyorlandi;

     6. Sanatoriyani toza ichimlik suvi bilan ta'minlaydigan «Tik quduq» atrofi simli panjaralar bilan o‘raldi;

     7. Sanatoriya hududiga videokuzatuv nazorati o‘rnatildi;

     8. Uchinchi qavat yotoqxonalari va santexnikalari hozirgi zamon talabida ta'mirlandi va qayta jihozlandi;

     9. Sanatoriyaga kelgan dam oluvchilarni sayohatga olib borish va ishchi-xodimlarni ishga olib kelish hamda olib borib qo‘yish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan yangi «ISUZU» avtobusi sotib olindi.

    

Sanatoriya hududiga manzarali gullar va gazon ekish uchun joylar hozirlandi

Ma'lumot uchun: 2019-yil mobaynida sanatoriyada jami 1811 nafar dam oluvchilar xordiq chiqarib, o‘z sog‘liklarini tikladilar.

     «Nurafshon» sanatoriyasi jamoasi faol mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha ishchi-xodimlarga mehnat ta'tilini mazmunli o‘tkazib, yil davomida orttirilgan kasallik alomatlaridan butkul forig‘ bo‘lish uchun sanatoriya-profilaktika maskanlari tashrif buyurishlarini tavsiya etadi.

     Xalqimizning «yaxshi dam, mehnatga hamdam» iborasida sog‘lom turmush tarzi va o‘z vaqtida dam olishning ahamiyati haqida aniq xulosa aytilgan. Shunday ekan, «Nurafshon» sanatoriyasi Sizlarni dam olish maskaniga chorlab qoladi! 

 

Olimjon Hasanov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

«Nurafshon» sanatoriyasi bosh hakimi

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 Kanalga a’zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>