Yangiliklar
2019-YIL SARHISOBI: «Umumiy energetika tarmog‘ida «yashil energiya» manbalarining ulushi oshib borishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud»
  • 14.01.2020
  • 2132

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Elektr energiyasini hosil qiluvchi mustaqil korxonalar bilan ishlash bo‘limi 2019-yilda bir bir qator ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, Jamiyatimiz ishtirokida qayta tiklanuvchi energiya manbalari (quyosh va shamol elektr stansiyalari) bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar joriy 2020-yil uchun mustahkam asos hosil qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

     Keling, avval muqobil (alternativ) yoki qayta tiklanuvchi energiya («yashil energiya») nima ekanligi bilan tanishib olsak...

     2019-yil 16-aprelda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan 2019-yil 3-mayda ma'qullangan «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida (2019-yil 21-may, O‘zRQ-539-son) unga quyidagicha ta'rif beriladi:

     qayta tiklanuvchi energiya manbalari — atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi;

     qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish — ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, uni tashish, to‘plash, realizatsiya va iste'mol qilish bilan bog‘liq faoliyat;

     qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;

     qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari — qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, o‘zgartirish, to‘plash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;

     qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar — qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar.

     Demak, o‘z-o‘zidan ma'lumki, ekologiyaga zararli ta'siri bo‘lmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etish va uning umumenergiya tarmog‘idagi ulushini oshirish — bugungi kunning dolzarb masalasi.

     «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan maqolada ham bu narsa alohida e'tirof etilgan: http://uzbekistonmet.uz

     Ijozatingiz bilan bo‘lim faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan 2019-yil sarhisobiga murojaat etsak:

     1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi davomida Davlat investitsiya qo‘mitasi va «TOTAL Eren» kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-noyabrdagi PQ-4037-son va 2019-yil 29-apreldagi PQ-4300-sonli qarorlariga asosan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida davlat-xususiy sherikchilik asosida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish rejalashtirildi. Loyihaning qiymati 100 mln. yevro bo‘lib, 2021-yilda foydalanishga topishirish rejalashtirilgan.

     Batafsil manba: http://uzbekistonmet.uz

     2019-yilning 13-sentabr kuni «O‘zbekiston MET» AJ va «TOTAL Eren» kompaniyasi o‘rtasida elektr energiyasini xarid qilish to‘g‘risida Kelishuv imzolandi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida «Quvvat berish sxemasi»ni ishlab chiqish uchun loyiha institutiga texnik topshiriq ishlab chiqish uchun yo‘llandi. Loyihachilar tomonidan ishlab chiqilayotgan «Quvvat berish sxemasi» «O‘zbekiston MET» AJning boshqarma va bo‘limlaridagi mas'ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqilib, o‘z navbatida kiritilishi lozim bo‘lgan takliflar taqdim etib borilmoqda.

     2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-apreldagi PQ-4256-sonli «O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida BAAning «Masdar» kompaniyasi tomonidan 200 MVtli shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 150 mln. AQSH doll. bo‘lib, 2021-yil yakunida foydalanishga topishirilishi ko‘zda tutilgan.

     Batafsil manba: http://uza.uz

     Bugungi kunda «Masdar» va loyihalashtirish instituti o‘rtasida «Quvvat berish sxemasi»ni ishlab chiqish yuzasidan shartnoma imzolangan bo‘lib, ushbu sxemani ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.

     3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-avgust 633-sonli «Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish choralari va xususiy investitsiyani jalb qilgan holda fotoelektr stansiyalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha Navoiy viloyati Karmana tumanida Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.

     Batafsil manba: http://uzbekistonmet.uz

     Mazkur loyihaning qiymati 100 mln. AQSH doll. bo‘lib, 2021-yilning 1-choragida foydalanishga topishirilishi rejalashtirilgan. Korporatsiya tomonidan loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender tanlovlarida «Masdar» kompaniyasi (BAA) g‘alaba qozongan. O‘tkazilgan xalqaro tender bo‘yicha 1 kVt•soat ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun 2,67 sent (AQSh dollari hisobida) narx taklif etilgan «Masdar» kompaniyasi g‘olib deb topilgan. 2019-yil 8-noyabr sanasida Toshkent shahrida elektr energiyasini sotib olish yuzasidan Kelishuv hamda Investitsion bitim imzolandi.

     Hozirgi kunda Karmana tumani hokimiyati tomonidan quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish uchun yer ajratish ishlar amalga oshirilmoqda.

     4. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-maydagi PQ-4308-sonli «Xitoy Xalq Respublikasiga oliy darajadagi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Xitoyning «Liaoning Leader Investment Holding Corp.» kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida 200 MVtli shamol elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan. Loyihaning qiymati 250 mln. AQSh doll. bo‘lib, 2021-yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

     Hozirgi kunda «Liaoning Leader Investment Holding Corp» kompaniyasi buyurmasiga ko‘ra «Quvvat berish sxemasi» loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan hamda «O‘zbekiston MET» AJning boshqarma va bo‘limlari mas'ul xodimlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, kiritilishi lozim bo‘lgan taklif taqdim etib borilmoqda.

     Shunisi e'tiborliki, bugungi kun butun dunyoda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga katta e'tibor qaratilmoqda. Sababi aniq — muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanish yer osti boyliklari zaxirasini tejash bilan bir qatorda atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytiradi.

     Umuman olganda, mamlakatimizda suv, quyosh, shamol, biogaz energiyasidan foydalanish borasida tabiiy qulay shart-sharoitlar mavjud. Yurtimizning quyoshli kunlari, shamol muntazam esib turadigan ochiq hududlari ko‘p. Bu esa muqobil energiya manbalari orqali iqtisodiyot tarmoqlarini, hududlar va aholimizni uzluksiz energiya bilan ta'minlash, atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli chiqindilarni kamaytirish hamda barqaror rivojlanish imkonini beradi.

     Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda ulkan salohiyatga ega. Negaki, o‘lkamizda yilning 300 ga yaqin kuni quyoshli. Shuningdek, doimiy shamol esuvchi hududlarimiz ham bisyor. Bu quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish uchun yaxshi imkoniyatlardan darak.

     Ma'lumot o‘rnida: investitsion loyihalar asosida O‘zbekistonda quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish bo‘yicha Jahon Banki va Osiyo Taraqqiyot Banki hamda Xalqaro Moliya Korporatsiyalari ishtirokida bir qator amaliyotlar olib borilmoqda.

     Yuqorida tilga olingan loyihalar istiqbolda mamlakatimiz umumiy energetika tarmog‘ida muqobil energiya manbalari hissasini birmuncha oshiradi.

 

Zafar Jo‘rayev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

Elektr energiyasini hosil qiluvchi mustaqil korxonalar bilan ishlash bo‘limi

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>