Yangiliklar
2019-YIL SARHISOBI: «O‘zbekiston MET» AJ avtotransport va mexanizmlar xizmati xavfsiz va ishonchli ish faoliyatida
  • 10.01.2020
  • 1137

  Xalqimizda «Ish quroling bo‘lsa soz, mashaqqating bo‘lar oz» degan naql bor. Haq gap...

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida ham barcha amalga oshiriladigan ishlarimiz, avvalambor, maxsus texnikalarimizning sozligi va samarali ishiga bog‘liqdir. Og‘irimizni yengil qiladigan, uzog‘imizni yaqin qiladigan texnikalarimizning kecha-yu kunduz, doimiy shay holatda turishi, yoyinki jazirama yozning issiq kunlari, yo bo‘lmasa qahraton qishning izg‘irinlarida cho‘l yoki tog‘li hududlarda bexatar hamda ishonchli ishlashida Jamiyatimiz tarkibidagi Avtotransport va mexanizmlar xizmati ishchi-xodimlarining mehnatini alohida e’tirof etish lozim.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-dekabrdagi PQ-2692-son «Sanoat tarmoqlari korxonalarining jismoniy ishdan chiqqan va ma’naviy eskirgan mashina-uskunalarini jadal yangilash, shuningdek ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va «O‘zbekiston MET» AJ oldiga yuqori tashkilotlar tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish, shu bilan birga, investitsion dasturlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida Jamiyat tarkibidagi korxonalarning avtotransport vositalari parkini yangilash, eski va ma’nan eskirgan texnikalar ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha o‘tgan 2019-yilda bir qancha ishlar amalga oshirildi.

“Магистралтармоққурилиш”нинг 100 тоннали автокрани Хоразмда иш жараёнида

  2020-yil 1-yanvar holatiga «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi korxonalarda jami 437 dona avtotransport va mexanizmlar mavjud bo‘lib, hozirgi kunda avtotransport vositalarining ishga chiqish ko‘rsatkichi 92.5%ni tashkil qilmoqda.

  Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida jamiyat miqyosida ish unumdorligini oshirish, neft mahsulotlarini tejash, maxsus texnikalardan ratsional foydalanish va, eng muhimi, texnika hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, ya’ni xavfsiz yo‘lovchi va yuk tashish, xavfsiz yuk ko‘tarish ishlarini tashkil etish, shuningdek maxsus texnikalarimiz orqali transport xizmati ko‘rsatish bo‘yicha samarali natijalarga erishildi.

“Тахиаташ ИЭС”-Хоразм ПС – Саримой ПС” юқори кучланишли электр тармоғи қуриш инвестицион дастури бўйича ишлаётган махсус техникалар

  Misol tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-iyundagi PQ-2541-sonli qaroriga asosan amalga oshirilayotgan 220 kVli «Taxiatosh» issiqlik elektr stansiyasidan «Xorazm» podstansiyasi orqali Sarimoy aholi yashash punktigacha elektr uzatish liniyasini qurish investitsion loyihasi doirasida respublikaning barcha hududlaridan o‘z avtomashinalarimizda 500 tonnadan ortiq bitum, 200 tonnadan ortiq bo‘z mato, 1000 kilometrdan ortiq uzunlikdagi elektr simlari, 100 ming tonna temir-beton mahsulotlari, metalloprokatlar va boshqa zarur uskunalar tashildi.

Махсус техникалар таъмир жараёни (олдинги ҳолати)

  Bundan tashqari, barcha filiallarimizda olib borilayotgan modernizatsiya ishlari, joriy va kapital ta’mir ishlari uchun moddiy-tovar boyliklarini o‘z vaqtida, betalofat yetkazib berilishida ushbu xizmatning munosib mehnati borligini alohida e’tirof etishim mumkin.

  O‘tgan yil davomida mavjud avtotransport vositalarini o‘z vaqtida joriy ta’mirlashdan chiqarilganligi va buning uchun moliyalashtirish amaliyoti yetarli darajada ta’minlanganligi sababli texnikalarning ishga chiqish ko‘rsatkichi 85% dan 92,5% ga oshishiga erishildi.

Таъмирдан чиққан махсус техникалар (кейинги ҳолат)

  Avtoparklarimiz tarkibini yangilash maqsadida 2019-yil davomida «O‘zbekiston MET» AJ tarkibidagi korxonalarga jami 68 dona, shundan 29 dona yengil avtomashina va 39 dona yuk va maxsus texnikalar sotib olindi.

  2019-yil mobaynida neft mahsulotlarini iqtisod qilish rejasi hamda «O‘zbekiston MET» AJ uchun mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tuzilgan chora-tadbirlarga asosan jami 25 dona avtotransport vositalari ekologik toza va iqtisodiy samara beradigan tabiiy gaz yoqilg‘isiga qayta jihozlandi.

  To‘g‘ri, mazkur xizmatda o‘ziga yarasha muammo va kamchiliklar mavjud. Turli nazarda tutilmagan texnik holatlar yuzaga kelib, ish grafigiga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas. Biroq xizmat mutaxassislari har qanday ehtimoliy holatlar oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rib, Jamiyat ish faoliyati o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun barcha tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdalar.

Автопаркни янгилаш мақсадида сотиб олинган юқори ўтувчанликка эга, юк кўтариш қобилияти 25 тонна бўлган автокран

  Kelgusida «O‘zbekiston MET» AJ Avtotransport va mexanizmlar xizmati ish faoliyatini yanada samarali etish maqsadida, xavfsiz va ishonchli transport xizmatlarini tashkil etish, barcha avtoxo‘jaliklar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, neft mahsulotlari harakatini monitoring va tahlil qilish, barcha avtotransport vositalardan unumli foydalanish, yuk ko‘tarish mexanizmlaridan xavfsiz foydalanish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha ham chora-tadbirlar tuzib olingan.

“Бухоро МЭТ” филиалига янги сотиб олинган ISUZU маркали автобуси газ ёқилғисига қайта жиҳозланди

  Shu bilan bir qatorda, jamiyatimizdagi mavjud og‘ir yuk ko‘tarish mexanizmlari, yuk tashuvchi avtomashinalarimizdan yanada samarali foydalanish, shuningdek, respublika iqtisodiyot obyektlarida Hukumatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Jamiyatimizda mavjud og‘ir yuk ko‘tarish mexanizmlar hamda yuk tashish bo‘yicha transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha takliflarimizni berib kelmoqdamiz.

  Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, Avtotransport va mexanizmlar xizmati nafaqat Jamiyat faoliyati uchun zarur amaliyotlarni bajarish, balki shartnoma asosida boshqa tashkilotlarga xizmat ko‘rsatish orqali iqtisodiy foyda olib kelish quvvatiga ega.

Nodir Azimov,

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

Avtotransport va mexanizmlar xizmati boshlig‘i

Kanalga a'zo bo‘ling!  t.me/uzmetaxborotxizmati

>