Yoshlar siyosati
“Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filialida ma'naviy-ma'rifiy mavzuda seminar bo‘lib o‘tdi
  • 27.07.2021
  • 650

  Ziyo nuridan bahramand oilaning farzandlari — Vatanimiz kelajagi, xalqimiz ishonchi va tayanchi. Bu ta'rifni hech ikkilanmasdan davlat korxonalariga nisbatan ham ishlatish mumkin. Negaki tashkilot ham katta bir oila, uning ham o‘z urf-odatlari, an'analari mavjud. Qolaversa, o‘z ustida ishlab, o‘qib-o‘rgangan kasb egalari borki, ular mehnat qilayotgan tashkilotning kelajagi bor.

 

  Bugun yurtimizda kitobxonlikka, kitob mutolaasiga juda katta e'tibor berilayotgani rost. Bekorga emas... Oxirgi yillarda elektron qurilmalar bizni biroz mutolaadan chetroqqa surib qo‘yganday... Oddiy hisobni kalkulyatorda hisoblab, kichik bir dalilni internetdan topib-tekshirib foydalanamiz.

  Bir so‘z bilan aytganda, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bugungi kun talabiga aylandi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turli yo‘nalishdagi korxona va tashkilotlari qatori bu jihatga energetika sohasida ham, texnik-muhandis mutaxassislari o‘rtasida ham katta e'tibor berish lozim.

 

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020–2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 781-sonli qarori, shuningdek, “O‘zbekiston MET” AJning 2021-yil 9-iyul kunidagi 01-05-27/137-sonli topshiriqnomasining ijrosini ta'minlash maqsadida “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filialida “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazildi.

  Haftalik davomida “Toshkent MET” filiali kasaba uyushmasi raisi Sevara Yuldasheva hamda Yoshlar Ittifoqi yetakchisi Saken Toktarov birgalikda “Toshkent MET” filiali yoshlariga bir nechta badiiy kitoblarni mutolaa qilish uchun sovg‘a qildilar.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/7724

  Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ular orasida yuksak intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish maqsadida “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filialida “O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisining davlat tilida ish yuritish, ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha maslaxatchisi Orif To‘xtashev hamda Boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunovlar ishtirokida “Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish” mavzusida seminar uchrashuvi tashkil etildi.

  Seminarda maslahatchi Orif To‘xtashev so‘zga chiqib, joriy yilning 12-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoni e'lon qilingani, kelajak avlodning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni borligi, yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik va ezgulikka undashi haqida ma'ruza qildi.

 

 

 

  Shundan so‘ng matbuot kotibi Ulug‘bek Urunov so‘zga chiqib, seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad — yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli salbiy illatlardan asrab, ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, kitobga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishdan iboratligini, Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta'lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish va o‘quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratilganligi, bunda O‘zbekistonda ta'lim berilayotgan yettita tilda darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilayotganligini, axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko‘rsatayotganligi haqida aytib o‘tdi.

  Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/7602

  Uchrashuv davomida kitoblar mavzusida ko‘plab qiziqarli voqyealar eslab o‘tilib, yoshlarni qiziqtirgan savollarga maslahatchilar O.To‘xtashev hamda U.Urunovlardan javoblar olindi.

   Seminar so‘nggida “Toshkent MET” filialida mavjud kitoblar tahlil qilinib, bu xususida baxs-munozaralar o‘tkazildi. Seminarning davra suhbati qismida faol ishtirok etgan yoshlarga O.To‘xtashev tomonidan mashhur o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandalari asarlari esdalik uchun taqdim etildi.

  “Toshkent magistral elektr tarmoqlari” filiali Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti a'zolari


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>