Yangiliklar
AFG‘ON ENERGETIKLARI JANGARILAR YETKAZGAN ZIYONNI TIKLASHMOQDA
  • 31.10.2019
  • 731

   O‘zbekiston elektr energiyasini Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport qilishi va bu ichki iste’molga mo‘ljallangan energiya mahsuloti emasligi (uza.uz/oz/society/5-0-mld-kvt-soat-elektr-energiyasi-aerda--24-10-2019), Afg‘onistonda goh iqlim sharoitlari, goh jangarilarning qo‘poruvchilik harakatlari tufayli tayanch ustunlariga yetkazilgan zarar oqibatida eksport darajasi hukumatlararo bitimlarda belgilangan me’yordan past darajaga (https://kun.uz/news/2019/10/12/afgonistonga-eksport-qilinayotgan-elektr-energiyasi-miqdori-yana-0-qiymatga-tushdi) tushib ketayotgani haqida ko‘p va xo‘p gapirildi...

   Xo‘sh, qo‘shni Afg‘on diyorida elektr ta’minoti qanday? Ijtimoiy soha muassasalari, ya’ni elektr energiyasiga uzluksiz bog‘liq bo‘lgan tashkilotlar qanday faoliyat olib bormoqda? Umuman, afg‘onistonlik energetiklar jangarilar tomonidan yetkazilgan zararlarni bartaraf etish uchun qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

  Ushbu masalada «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:

  29-oktabr kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) ijrochi direktori janob Omonullo G‘olibdan aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.Isaqulov nomiga rasmiy maktub kelib tushdi. Unda yozilishicha, elektr energiyasi eksporti bo‘yicha imzolangan sharnomaviy miqdori tushib ketganiga ayni paytda ikkita omil ta’sir ko‘rsatmoqda. Birinchisi, Bog‘lon viloyati hududida jangarilar tomonidan olib borilayotgan jangovor harakatlar oqibati, ikkinchisi Afg‘onistondagi iqlim sharoiti (uza.uz/oz/society/zbekiston-energetiklari-af-onistondagi-nosozliklardan-khavot-10-10-2019), xususan meteorologik va gidrologik sabablar (qor-loy ko‘chkisi, kuchli shamol) o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan keskin tus olayotgani. Shunga qaramay, «DABS» shirkati muhandislari ta’mirlash-tiklash ishlarini olib bormoqda, deyiladi bir nechta fotosuratlar ilova qilingan maktubda.

  Bundan tashqari, 28-oktabr kuni soat 11:53 dan 19:07 gacha va 29-oktabr kuni soat 10:00 dan to hozirgi paytgacha Afg‘oniston energetiklari tomonidan olib borilayotgan texnik ta’mirlash ishlari xavfsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida «Puli-Xumri» va «Chimtala» podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kVlik havo elektr uzatish tarmog‘ining ikkinchi zanjiri o‘chirilgani ma’lum qilingan. Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, bu vaqt oralig‘ida Afg‘oniston Islom Respublikasiga eksport amalga oshirilmagan va bu holat hanuzgacha davom etmoqda.

  Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistondan Afg‘onistonga amalga oshirilayotgan elektr energiyasi eksporti masalasida barqarorlik mavjud emas. Qariyb 40 yil davomida notinch mamlakat sifatida tilga olinadigan diyorda nafaqat energetika, balki barcha sohalarda barqarorlik hukmron bo‘lishidan mintaqa davlatlari qatori bizning mamlakatimiz ham manfaatdor.

  Shu nuqtai nazardan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning Axborot xizmati Afg‘oniston hukumati uzluksiz elektr ta’minotini tiklashda zarur choralarni ko‘rib, mavjud muammolarni bartaraf etadi, deya umid bildiradi. Qo‘shni mamlakat sanoati, tibbiy muassasalari, aloqa, ta’lim va madaniyatida, umuman olganda, elektr energiya bilan chambarchas bog‘liq barcha jabhalarida barqarorlik davom etishi davlatimiz va jamoatchiligimiz diqqat-e’tiborida ekanligi bugungi beqaror dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJning Axborot xizmati

Manba: uza

kun

>