Yangiliklar
Toshkentda «Innoprom–2021» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Unda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ham ishtirok etishmoqda
  • 05.04.2021
  • 958

 Bugun, 5-aprel kuni «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasida ikki kun davom etadigan «Innoprom – 2021» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ayni paytda ko‘rgazmaning ochilish marosimi va muloqotlar maydonchasida hamkorlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

 

  Tashkilotchilar — Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi. Ko‘rgazma ishida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Pokistondan sakkiz mingdan ziyod davlat organlari hamda yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etishmoqda.

 

  Ahamiyatli jihati shundaki, tadbir doirasida «Raqamlashtirilgan sanoat», «Mashinasozlikdagi qo‘shma loyihalar», «Sanoatni moliyalashtirish», «Yirik shaharlar uchun innovatsion texnologiyalar», «Energetika sohasida innovatsiyalar» nomli ixtisoslashtirilgan sessiyalari tashkil etilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar sanoatning deyarli barcha tarmoqlarida ilg‘or texnologiyalar evaziga erishilayotgan yutuqlar, zamonaviy yechim va dizaynga ega yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, ularni sanoatda keng foydalanishga tatbiq etish, savdo-sotiq masalalari yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ko‘rgazma pavilonida namoyish etilayotgan sanoat mahsulotlari bilan bevosita tanishish mumkin. 

 

Umuman olganda, 300-dan ortiq ishtirokchi kompaniyalar ikki kun davomida Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazmalar majmuasi hududida uchrashish, tanishish, turli kelishuv va bitimlar imzolash imkoniyatiga ega bo‘lishi — xalqaro hamkorlik va mintaqada sanoatning jadal rivojlanishiga o‘ziga xos turki bo‘lib xizmat qilishi aniq. Ayni paytda majmuada O‘zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Belorussiya va Qozog‘istondan 200-dan ortiq eksponentlar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqdalar. Ko‘rgazma maydonchasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar — mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonalari hamda turli vazirlik va viloyat hokimliklari ham o‘z mahsulotlarini xorijlik hamkorlar e'tiboriga taqdim etishmoqda. Ko‘rgazmaning muloqot maydonchasida 200 dan ortiq ishbilarmonlik uchrashuvlari, tematik sessiyalar va davra suhbatlari, biznes loyihalar taqdimotlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, «Innoprom–2021» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, boshqaruv raisining o‘rinbosarlari, shu bilan birga, Magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi, Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi hamda Xaridlar, mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish boshqarmasi mutaxassislari ishtirok etishmoqda.

 

 Xorijiy hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi, umuman, Markaziy Osiyo mintaqasi sanoatning rivoji va turli sohalarda ishlab chiqarishni raqamlashtirish, qo‘shma keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish, yuqori texnologik mahsulotlar va xizmatlar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi, degan umiddamiz.
E'tiboringizga ko‘rgazmaning ochilish marosimi arafasida olingan fotosuratlar jamlanmasini taqdim etamiz:

 
 
 
 
 
 
 
 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>