Yangiliklar
“Zarchob-1” kichik GESi ishga tushdi
  • 05.04.2021
  • 381

  Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida barpo etilgan “Zarchob-1” kichik GESi foydalanishga topshirildi.

  Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, energetiklar, xorijlik mutaxassislar, “Zarchob-1 kichik GES”i ishchi-xodimlari ishtirok etdi.

  “Gidroproyekt” aksiyadorlik jamiyati loyihalashtirgan mazkur gidroelektr stansiyasi uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning “Dongfang Electric International Corporation” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan. Bu yerga o‘rnatilgan ikkita gidroagregatning quvvati 37,4 MVtni tashkil etadi.

  Joriy yilda GESda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan boshqarmadan boshqarish, sozlash ishlari sinov-tajribadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu jarayonda To‘polang daryosidan suv olib o‘tuvchi “Zarchob-1” kichik GESga keluvchi 480 metr uzunlikdagi tunnel va 1 ming 300 metr uzunlikdagi kanalda suv haydalib, sinab ko‘rildi.

  Yangi GESning asbob-uskuna va gidroagregatlari xitoylik hamda mahalliy mutaxassislar hamkorligida montaj qilingan.

  Shu kuni yangi kichik GES bilan bir vaqtda “Zarchob” podstansiyasi ham foydalanishga topshirildi. Bu podstansiya aqlli va zamonaviy texnologik qurilmalar bilan jihozlangan. U Zarchob-1, Zarchob-2, To‘polang, Gulcha hamda Regar podstansiyalarini yagona energotizimga birlashtiradi.

  Yangi kichik GES va zamonaviy podstansiyaning ishga tushirilishi janubdagi vohada elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning bir qismini, sanoat va iqtisodiyot korxonalarini gidroenergiya hisobidan ta’minlash imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri

https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>